
Fransiya terma jamoasi va “Pari Sen-Jermen” yarim himoyachisi Dezire Due 2025 yilda Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Bu haqda Italiyaning nufuzli Tuttosport nashri xabar berdi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, 20 yoshli fransuz futbolchisi so‘nggi mavsumda haqiqiy sensatsiyaga aylangan. U “PSJ” bilan bir qator turnirlarda zafar quchib, nafaqat Fransiya, balki butun Yevropada yosh avlod orasida yetakchi o‘yinchilardan biriga aylandi.
“Bu yil Dezire Due uchun fenomenal mavsum bo‘ldi. U maydonda nafaqat natija, balki xarakter va liderlik fazilatlarini ham namoyon etdi. Shu orqali “PSJ” tarixda ilk bor Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritishida muhim rol o‘ynadi”, — deyiladi mukofot tashkilotchilari bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili mazkur sovrin “Barselona” vingeri Lamin Yamalga nasib etgandi.
Dezire Due 2024/25 yilgi mavsum davomida barcha musobaqalarda jami 61 o‘yinda maydonga tushdi, raqiblar darvozasini 16 marta ishg‘ol qildi va shuncha marta assist muallifiga aylandi. Bu ko‘rsatkich uning yoshi uchun hayratlanarli darajada yuqori hisoblanadi.
Yosh futbolchi “PSJ”ning Yevropa miqyosidagi tarixiy yutug‘ida — Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishida asosiy rolni bajardi. Shuningdek, u jamoasi bilan Fransiya chempionati va mamlakat Superkubogida ham zafar quchdi.
Mutaxassislar fikricha, Dezire Duening bu yilgi yutug‘i uni kelgusi mavsumlarda “Oltin to‘p” uchun kurashishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatoriga olib chiqishi mumkin. Fransuz jurnalistlari esa uni kelajakda “PSJ”ning yangi simvoliga aylanishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!