
Qatarda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionati rasman start oldi. Bu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etadi va bugun Paragvayga qarshi bahs bilan o‘z sayohatini boshlaydi. Ushbu muhim bellashuv oldidan jamoa bosh murabbiyi Islom Ismoilov jurnalistlar bilan suhbatda o‘z fikrlarini bildirdi.
Murabbiy ta’kidlashicha, jamoa tayyorgarlik jarayonini jiddiy va maqsadli tarzda o‘tkazgan. “Tayyorgarligimiz yetarli darajada bo‘ldi. Bugungi bahsga yigitlarimiz to‘liq shay. Paragvay juda kuchli jamoa — o‘z qit’asida yetakchi hisoblanadi. Ammo biz ham ularga munosib raqib bo‘lish uchun bor kuchimiz bilan tayyorlandik,” — dedi Ismoilov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa murabbiylar shtabi bilan birgalikda Paragvay termasi o‘yinlarini chuqur tahlil qilgan. “Biz raqibning so‘nggi 10 ta uchrashuvini ko‘rib chiqdik. Ularning kuchli va zaif tomonlarini o‘rgandik. Shu asosda taktik reja ishlab chiqdik,” — deya qo‘shimcha qildi u.
Bosh murabbiy yosh futbolchilarning ruhiy holati haqida ham to‘xtalib o‘tdi. “Katta musobaqa oldidan hayajon bo‘lishi tabiiy. Biz murabbiylar sifatida shu hayajonni yigitlardan olishga harakat qilyapmiz. Ular o‘zlariga ishonishlari kerak,” — dedi Ismoilov.
Shuningdek, u muxlislar tomonidan bildirilayotgan umid va kutilmalar haqida ham fikr bildirdi. “Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatdan so‘ng ko‘plab muxlislar Jahon chempionatida ham yaxshi natija kutishyapti. Bu, albatta, biz uchun faxr, ammo ayni paytda yoshlar uchun ortiqcha bosim ham bo‘lishi mumkin. Shu bois ularga ruhiy jihatdan erkin bo‘lish kerakligini uqtiryapmiz,” — dedi u.
O‘zbekiston terma jamoasi vakillari jangovor kayfiyatda bo‘lib, musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilishni maqsad qilishgan. Bellashuv bugun Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da Qatardagi “Espayr” akademiyasida bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!