
Telegram-kanal “Nemolchi.uz”ning xabar berishicha, Toshkent shahrida yashovchi bir ayol har kuni tahdid va ta'qibga duch kelmoqda. Ma'lum bo'lishicha, sobiq turmush o'rtog'i uni tinch qo'ymay, doimiy ravishda bosim o'tkazmoqda.
Erkak ish joyi va uy yaqinida, ko'pincha mast holatda ayolni kutib olib, unga nisbatan jismoniy zo'ravonlik va ruhiy bosim qo'llamoqda. Ayolning so'zlariga ko'ra, ular uch yil birga yashagan, ajralishgach esa erkak unga qo'ng'iroq qilib, hayotini to'liq nazorat qilishga urinmoqda.
Ayol bir necha marta ichki ishlar organlariga murojaat qilgan, ammo 20-sentyabr kuni uning himoya orderi muddati tugagan. 18-sentyabr kuni u orderni uzaytirish uchun ariza bergan, ammo ish haligacha natijasiz qolmoqda.
16-oktyabr kuni erkak ish joyi yaqinidagi avtoturargohda yana unga hujum qilib, kaltaklamoqchi bo'lgan. Hamkasblari ayolni himoya qilishga muvaffaq bo'lishgan va u yana ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.
25-oktyabr kuni esa erkak uy yaqinida yana hujum qilib, ayolning sochidan tortib, uni haqorat qilgan. Ayol yana ichki ishlar organlariga shikoyat qilgan, ammo erkak hali ham erkin yurib, uni ta'qib qilishda davom etmoqda.
“U doim tahdid qiladi. Aytishicha, uning tanishlari bor va mashinamga biror narsa joylashtirib, meni qamatib yuborishi mumkin.
Men mashinamni haydashni to'xtatdim, chunki u tinglash moslamasi o'rnatgan bo'lishi mumkinligidan qo'rqaman”, – deydi ayol. Ayolning so'zlariga ko'ra, Bektemir tumani ichki ishlar bo'limida uning sobiq turmush o'rtog'iga oid ikkita arizasi yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar haqida hech qanday ma'lumot berilmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar