18:48 / 12.02.2023
237

Vazir o‘rinbosari: “Endi faoliyatimizga jamoatchilik kengashi baho beradi”

Vazir o‘rinbosari: “Endi faoliyatimizga jamoatchilik kengashi baho beradi”
Azizbek Ikromov, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i Azizbek Ikromov Kun.uz'ga bergan intervyusida tizimda kutilayotgan o‘zgarishlar, ishga qabul qilish, fuqarolar bilan muloqot qilish va boshqa jarayonlarda joriy etilgan yangiliklar haqida ma’lumot berdi.

– Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni Ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirishga doir qarorni imzoladi. Bu qaror bilan tizimda nimalar o‘zgaradi? Jamoatchilik o‘zgarishlarni sezadimi?

– Prezidentimiz boshchiligida 6-7 yildan bari ichki ishlar tizimini isloh qilyapmiz. 20 yanvarda ham muhim qaror imzolandi. Qarordan belgilangan birinchi maqsad inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan.

Ichki ishlar organlarini xalqchil tizimga aylantirish uchun ichki ishlar tizimini ijtimoiylashtirish masalasi qo‘yilgan. Qaror natijasida tuzilma va mazmun o‘zgardi. Birinchi o‘rinda ichki ishlar xodimlariga muomala madaniyati, odamlarni rozi qilish vazifasi qo‘yilgan.

Prezident qarori bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi qabul qilingan. Kodeksda xodimlarning madaniyati, bilimi va tartib intizomini kuchaytirish masalasi bor.

– Kodeksdagi qoidalarga amal qilish qat’iy belgilanmoqda. Qoidadan chetga chiqilsa, intizomiy javobgarlikka tortish, hatto ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilishi belgilangan. Bu kabi qoidalar oldin ham mavjud edi boshqa hujjatlar shaklida. Kodeks qabul qilingach, amalda nimalar o‘zgaradi?

– To‘g‘ri, oldin ham intizom nizomi bor edi. Ular idoraviy hujjat maqomida bo‘lgan va ahamiyati alohida kodeksnikichalik katta bo‘lmagan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni, ichki ishlar xodimlarining noto‘g‘ri harakatlarni ko‘rib chiqib ham o‘rganganmiz va tahlil asosida ularni kuchaytirish, fuqarolar bilan muomala madaniyati, ular bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kodeks qabul qildik.

Birinchi o‘rinda kamtarlik qadrlanadi, kodeksda fuqarolarni bilan mensimaslik holatlari sodir etmasligi qat’iy talab sifatida belgilangan. Ilgari vazir buyrug‘i shaklida ham shunday talablar bo‘lgan, ammo ularni faqat xodimlarning o‘zlari bilardi, fuqarolarning xabari bo‘lmasdi. Hozirgi hujjatni har bir fuqaro ko‘rishi, bilishi mumkin. Fuqarolar xodimlardan kodeksdagi qoidalarga rioya etishni talab qilish imkoniga ega.

Kodeksni buzgan har qanday xodimga nisbatan belgilangan chora ko‘riladi. Kerak bo‘lsa, har bitta xodim kodeksni yonida olib yuradi. Barcha xodimlar undagi qoidalarni yoddan bilishi va so‘zsiz amal qilishi kerak. Bu bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tamiz va har bir xodimga qat’iy talablar qo‘yamiz.

Bundan tashqari, kodeksda baholash mezoni ham bor. Xodimlarning daraja olishi, lavozimlarga ko‘tarilishi masalalari, rag‘batlantirish me’yorlari ham belgilangan. Kodeks talablarini bajarmagan, bilmagan xodimlarga rag‘batlantirish ham bo‘lmaydi, ularning navbatdagi unvonni olishi, boshqa lavozimga ko‘tarilishi to‘xtatiladi.

– Kodeksda belgilangan qoida va talablar ichki ishlar organlarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar, suiiste’molchilik va korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish, huquq-tartibot tizimi obro‘yiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslikka yo‘naltirilgan, deb aytilgan. Nojo‘ya xatti-harakatlar, tizimni obro‘sizlantiradigan holatlar deganda, nimalar nazarda tutilyapti?

– Nojo‘ya xatti-harakatlarning barchasi kodeksda belgilangan. Masalan, ichki ishlar xodimi uch kun asossiz ishga chiqmasa, uni ishdan bo‘shatish mumkin. Masalan, xodimlarga xizmat majburiyatlarini bajarish va xizmat vaqtida yoxud xizmat kiyimida spirtli ichimliklar iste’mol qilish taqiqlangan. Xodimlar fuqarolar va hamkasblariga sabr-toqat va hurmat bilan munosabatda bo‘lishi lozim. Shu kabi boshqa holatlar ham ko‘zda tutilgan.

– Xodim fuqaroni haqorat qilsa, vakolatlaridan chetga chiqsa, odamlarga noo‘rin kuch ishlatsa, unga qanday chora ko‘riladi?

– Ichki ishlar xodimlarining o‘z vazifalari bor. Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksining ikkinchi bobida majburiyatlari ham belgilangan. Agar xodim noto‘g‘ri harakat qilgan bo‘lsa, fuqarolar uning ustidan shikoyat qilsa bo‘ladi. Xizmat tekshiruvi orqali huquqiy baho beriladi. Xato qilgan bo‘lsa, albatta, chora ko‘riladi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi
Kodeksda chora turlari belgilangan: tanbeh, hayfsan, qattiq hayfsan, oylik maoshdan jarima to‘lash, lavozimini pasaytirish, lavozimdan ozod qilish, unvonini pasaytirish kabilar. Qilingan xatti-harakat darajasiga qarab, belgilangan chora ko‘riladi.

– Prezident qarorida ko‘zda tutilgan o‘zgarishlar so‘nggi yillarda ichki ishlar tizimida kuzatilayotgan salbiy holatlar, jumladan, tergov paytida ro‘y bergan fuqarolarning o‘limi bilan bog‘liq holatlar bilan bog‘liqmi?

– Bularning barchasini inobatga olganmiz. Ichki ishlar tizimi shaffof va ochiq. Biz ham shu jamiyatda yashaymiz. Xalqchil tizimga aylanishi uchun shaffoflik bo‘lishi kerak. Shuni inobatga olib, kodeks qabul qilindi va ochiq e’lon qilindi. Bu kodeksda xizmatda bo‘lmagan vaqtimiz uchun ham qoidalar belgilangan.

– O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz, ushbu yangiliklardan so‘ng tizimda haqiqatda o‘zgarish bo‘ladimi?

– Vazir o‘rinbosari sifatida aytolamanki, o‘zgarish bo‘ladi. Tizim xalqchil bo‘ladi. Qaror qilingan qarorni bandma-band, so‘zma-so‘z bajartiramiz. Qaror qabul qilingach, barcha tarkibga yetkazdik.

IIBlarda alohida burchak tashkil qilinadi. Har bir xodimga qo‘llanma sifatida olib yuradigan cho‘ntakkitob qilib beramiz. O‘qitish tizimini boshladik. Holat bo‘yicha Kun.uz'ga uch oydan so‘ng ochiq hisobot berishim mumkin. Prezident qarorida jamoatchilik kengashi ham belgilangan. Albatta, tizim o‘zgaradi.

– Prezident qarorida O‘zbekistonda ichki ishlar organlari ustidan nazorati o‘rnatilishi haqida so‘z boradi. Fuqarolar tizimdagi xatoliklarga guvoh bo‘lsa va bu haqida xabar bersa, xolis ko‘rib chiqiladimi? Deylik, oddiy fuqaro ichki ishlar xodimining noto‘g‘ri harakatini tasvirga olsa, unga nisbatan qarshiliklar bo‘lmasligiga kafolat beriladimi?

– Prezident qarorida aynan ochiqlik va kodeks talablarini bajarish kerakligi belgilangan. Ichki ishlar tizimida jamoatchilik nazorati kerak. Xalqaro tajribada ham buni o‘rgandik. Xizmat faoliyatimizga o‘zimiz baho bersak, noxolis bo‘lishi mumkin. Shuning uchun endi jamoatchilik kengashi baho beradi. Kengash tarkibiga bizning nafaqadagi xodimlar, jurnalistlar, blogerlar, jamoatchilik faollari kiradi.

Bir narsani iltimos qilardim. Blogerlar noto‘g‘ri talqin qilinadigan tarzda tasvirlarga olib, muhokamaga qo‘yishadi. Birinchi tarqatish emas, bizga xabar berishsa, o‘zimiz muhokama qilamiz. Jamoatchilik kengashidan keyin ochiq keng jamoatchilikka muhokamaga qo‘yiladi. Kerak bo‘lsa, jamoatchilik kengashi uchun alohida sayt qilamiz.

Prezident qarorida belgilangan me’yoriy hujjatlar ustida ishlashni boshladik. Taxminan ikki oyda nizomi, vakolatlari, majburiyatlarini belgilab olamiz. Kerak bo‘lsa, jurnalistlar muhokamasiga qo‘yamiz uni ham. Jamoatchilik takliflari asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vazir o‘rinbosari: “Endi faoliyatimizga jamoatchilik kengashi baho beradi”