![](https://storage.kun.uz/source/9/idHHlNy2WFCWdFS3inkr_0Awm-UKW8C0.jpg)
Yaqin vaqtgacha tergov qilinayotgan yoki hibsdagi shaxslarning turli qiynoqlarga solingani, ularga nisbatan g‘ayriinsoniy harakatlar sodir etilgani haqidagi xabarlar quloqqa chalinib turardi. Bu kabi holatlarning oldini olish uchun yangi tahrirdagi konstitutsiya qiynoqqa solishni cheklaydigan norma bilan to‘ldirilmoqda.
2021 yilning oktabr oyi. Surxondaryoda o‘g‘irlikda gumon qilingan ikki fuqaro jinoyatni bo‘yniga olishi uchun IIB xodimlari tomonidan qiynoqqa solinadi. Ulardan biri o‘ziga nisbatan elektr toki qo‘llanilganini ta’kidlagan.
“Qora paketni olib boshimga kiygizib, bo‘g‘di, nafasim qaytdi. Ulardan to‘g‘ri muomala qilishlarini so‘radim. Xonalarida kamera yo‘qligini aytdim. Shundan keyin bittasi “Senga do‘zaxni ko‘rsataman” dedi. Qo‘rqdim. Matoni kesib, bittasini bilagimga o‘rashdi, qolgani bilan ko‘zim va oyog‘imni bog‘lashdi. O‘sha holatda polga o‘tqazishib, qulog‘imga ikkita kabelni ulashdi. Sheriklari yelka va oyoqlarimdan bosib turdi, biri qandaydir knopkali apparat orqali tokni ko‘paytirib-kamaytirdi. Qulog‘imga ulangan tokning og‘rig‘idan tilimni chaynab tashladim. Undayam bo‘lmay, qo‘l barmoqlarimga ulashdi. Aytganlariday, do‘zaxni ko‘rsatdiyam”, — deya hikoya qilib bergandi o‘shanda qiynoqqa solinganini aytgan Siroj Sherniyozov.
Xorazm viloyati Xazorasp tumani ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimi Dilshod Masharipovning boshidan o‘tkazganlari esa undan ham dahshatliroq. U 2011 yilning 19 dekabr kuni Milliy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ishxonasidan jinoyatchilardek ushlab ketilgan. Dilshod Masharipov so‘roq paytida inson zoti chidashi mushkul bo‘lgan shafqatsiz usullar bilan qiynoqqa solingan.
U o‘sha qiynoqlarni shunday eslagan:
“Qop-qorong‘i tergov xonasiga olib kirishdi. Xonadagi ikkita stul, bitta stol yerga sement bilan qotirib tashlangan. O‘rnidan qo‘zg‘atib bo‘lmaydi. Stol ustiga «Kirish bor, chiqish yo‘q. Bu kuningdan o‘lganing yaxshi!» deb o‘yib yozib qo‘yishgan. So‘roq berayotgan shaxs stulga o‘tqazilgach, qo‘llari zanjirlanadi, yerga qoqilgan zanjirlar qo‘lingizni mahkam tortib turadi. Bahodir degan tezkor xodim vakili hech yo‘q be yo‘q peshonamga musht tushirdi. Aybim nima deb so‘ragandim: «Aybing bo‘lmasa, ayb topamiz. Jinoyatchi bo‘lmasang, jinoyatchiga aylantiramiz», dedi. So‘ngra maska kiygan to‘rt xodimga: “Buni o‘ziga keltiringlar”, deb buyurdi. Ular meni devorga suyab, ikki qo‘limdan ushlab turib, dubinka bilan ura boshlashdi. Ikki soatcha azob berishdi. Hattoki, ikki qo‘limni tepaga bog‘lab, moyagimga suv solingan baklajka osib qo‘yishdi. Bu usulni ko‘p marta qo‘llashdi, so‘roq qilinayotgan shaxs og‘riqdan dodlasayam, to u hushdan ketmaguncha olishmaydi”.
Samarqanddagi voqeada esa mahbusning uchta qovurg‘asi singani aniqlangan. Holat u tergov hibsxonasiga kelgunga qadar sodir bo‘lgani aytilgan. Ammo jabrlanuvchi Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili bilan uchrashuvda ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘llangan qiynoqlar oqibatida uchta qovurg‘asi singani, tanasida boshqa jarohat izlari ham borligini aytgan.
Bu kabi qiynoq, zo‘ravonlik, kamsitish, shaxs daxlsizligining buzilishi O‘zbekistondagi uzoq yillik muammolardan biri.Ayniqsa, jazoni ijro etish muassasalaridagi vaziyat fuqarolar va xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilib kelinadi.
O‘zgarayotgan konstitutsiyada hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu orqali shaxsiy daxlsizlik, inson huquq va manfaatlari so‘zsiz ta’minlanishi belgilab qo‘yilishi orqali mazkur muammoga barham berish ko‘zda tutilgan. Ya’ni shaxs daxlsizligi asosiy huquq va qadriyat sifatida konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Bunday noqonuniy xatti-harakatlar ko‘pincha erki, huquqi cheklangan shaxslarga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan sodir qilinishi mumkin.Bu konstitutsiyada qiynoqlarga yo‘l qo‘yilmasligining aniq huquqiy asoslarini belgilab qo‘yishni taqozo etdi.
Bugun sud-tergov tizimi avvalgiday yopiq emas. Ochiqlik siyosati, sekin-asta bo‘lsa-da, bu sohaning ham isloh qilinishiga olib kelyapti. Jazoni ijro etish muassasalarida 2800 dan ortiq, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalarida 1920 ta, tergov hibsxonalarida 880 ta videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Shuningdek, IIVning barcha tergov izolyatorlarida, tergov tadbirlarini o‘tkazish xonalarida 123 takamera o‘rnatilgan.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgarishlar inson qadrini ta’minlashda, ularni har qanday vaziyatda, hatto tergov paytida ham himoya qilishga asos bo‘ladi. Ya’ni bundan buyon insonni kamsitishga hech qanaqa vaziyat bahona bo‘lolmaydi. Hatto eng og‘ir jinoyatda gumon qilinayotgan odamni tergov qilishda ham qiynoq, zo‘ravonlik ishlatish, ularni kamsitish taqiqlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)