09:10 / 04.04.2023
430

Yo‘llarda avtohalokatlarning kamayishi katta jarimalarga bog‘liqmi?

Yo‘llarda avtohalokatlarning kamayishi katta jarimalarga bog‘liqmi?
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, yo‘l-transport hodisalari dunyoda bir kunda 3242, yiliga esa o‘rtacha 1,2 million odamning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Demak, har 26 soniyada bir kishi avtohalokat oqibatida hayotdan ko‘z yumyapti. Bu falokatlarda insonlarning nafaqat moliga, balki joniga ham jabr bo‘layotgani achinarli, albatta.
 
Ko‘pincha bunday turdagi xabarlarda hodisa qaysidir haydovchining aybi bilan sodir bo‘lgani ta’kidlanadi. Bu esa qaysidir ma’noda ish haqiga nisbatan jarimalar bir necha barobar yuqoriqilib  belgilanganini xaspo‘shlashga xizmat qiladi, desak yanglishmaymiz. Chindan ham bizda jarimalar yuqoriligi haqida ko‘p gapiriladi, lekin bunga barham berilmayapti. Aslida “katta jarimalar” avtohalokatlarning oldini olishga xizmat qiladimi? Halokatlar yuz berayotgani uchun qoidabuzar haydovchilar ko‘proq aybdormi yoki infratuzilmaning yomonligi? Bu savollarga Turkiya va O‘zbekistondagi vaziyatni solishtirish javob topib berishi mumkin.
 
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 mart kuni “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Mazkur farmonga ko‘ra, shu yil 1 may sanasidan boshlab bazaviy hisoblash miqdori 330 000 so‘m (hozir — 300 000) etib belgilandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l harakati qoidalari buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdorining oshishi borasidagi muhokamalar boshlandi. Yangi jarimalar miqdori haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar ham paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng Turkiyada qoidabuzarlik uchun belgilangan jarimalar miqdori, “avariya”lar va bu kabi baxtsiz hodisada halok bo‘lganlar soni haqida qiziqib, o‘zimizdagi holat bilan solishtirib ko‘rdik.
 
Turkiyada jarimalar har yilning boshida yangi belgilanar ekan. Oxirgi yillarda ushbu mamlakatda inflyatsiya darajasi ancha yuqori bo‘ldi. Shu sababli 2023 yilgi jarimalar miqdori o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobarga ortib ketganini kuzatish mumkin. Shunda ham oylik maoshlarga solishtirganda...
 
2022 yilda qizil chiroqda o‘tganlik uchun jarima 427 lira bo‘lsa, 2023 yilda 951 lira bo‘ladi (taxminan 50 dollar). O‘zbekistonda 1 maydan boshlab Bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari – 660 ming so‘mni tashkil etadi (taxminan 58 dollar).
 
Tezlikni oshirganlik uchun jarima Turkiyada:
•  10 foizdan 30 foizga 951 lira (tax.50 dollar), 
•  30 foizdan 50 foizgacha oshib ketish 1979 lira (tax.100 dollar), 
•  50 foizdan oshib ketish 4 ming 64 liraga (tax.211 dollar) ko‘tarildi. 
 
O‘zbekistonda:
  • tezlikni oshirish (20 km/soat) — 330 ming so‘m (tax.29 dollar);
  • tezlikni oshirish (20−40 km/soat) — 1 mln 650 ming so‘m (tax.146 dollar);
  • tezlikni oshirish (40 km/soatdan ortiq) — 2 mln 970 ming so‘m (tax.262 dollar);
  • Tezlik chegarasining 10% dan oshmagani uchun jarima yo‘q. Jarima berish uchun tezlik chegarasining 10% dan ortig‘i buzilgan bo‘lishi kerak.
(Shu o‘rinda tezlikni hisoblash bo‘yicha ham solishtirish: Turkiyada 100 km/soat yurish belgilangan yo‘lda 150 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlansangiz, tax. 100 dollar jarima to‘laysiz, O‘zbekistonda esa 262 dollarga).
 
Harakat paytida mobil telefondan foydalanganlik uchun jarima Turkiyada: 951 lira (tax. 50 dollar), O‘zbekistonda: 1 980 ming (tax. 175 dollar).
 
Noto‘g‘ri «parkovka» uchun jarima Turkiyada 436 lira (tax. 22 dollar), O‘zbekistonda: 660 ming (tax. 58 dollar).
 
E’tiborlisi, Turkiyada ijtimoiy himoya maqsadida jarimalardan voz kechish amaliyoti ham tez-tez o‘tkazilib turar ekan. Masalan, yangi yil boshida haydovchilarning 2022 yil 31 dekabrgacha 2 ming liradan ortiq bo‘lmagan qarzlari o‘chirildi. Bundan tashqari radar jarimalarini muddatidan oldin to‘laganlar uchun maxsus chegirmalar va bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham berilgan.
 
Endi oyliklar borasidagi tafovutlarga to‘xtalib o‘tamiz. Statitika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra,  2022 yili O‘zbekistonda ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 2,6 million so‘m (taxminan 230 dollar), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida esa 2,5 million so‘mga (tax. 221 dollar) to‘g‘ri kelgan. Yuqorida keltirilgan Prezident farmoniga binoan 1 maydan boshlab O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 980 000 so‘m (tax.86 dollar), yoshga doir eng kam pensiya 677 000 so‘m (tax.60 dollar) bo‘ladi. Turkiyada kam oylik yangi yildan boshlab 10008 lira (tax. 520 dollar), eng kam pensiya esa 7500 tl (tax. 390 dollar).
 
Agar aniq misollarga o‘tadigan bo‘lsak, biror o‘qituvchi yoki shifokor tezlik 70 km/soat etib belgilangan hududda 110 km/soatdan yuqori harakatlanib radarga tushsa, jarimani (2 mln 970 ming so‘m) to‘lashga bir oylik maoshi yetmaydi. Eng kam pensiya oladigan (677 ming) otaxon esa naqd to‘rt oylik nafaqasini jarimaga berib ham qarzidan qutulolmaydi. Tasavvur qilyapsizmi?  Yoki qizil chiroqdan o‘tib ketgan keksaroq kishi bir oylik nafaqasini YHX kassasiga shundoqqina topshirib qo‘ya qoladi. Ayni xatoga yo‘l qo‘ygan turk amaki esa pensiyasining sakkizdan birini berishi kifoya.
 
Darvoqe. Turk saytlaridan ruxsatsiz «tonirovka» uchun qancha jazo berilishi haqida izladim, ammo topolmadim (yo‘q ma’lumotni qanday topish ham mumkin?!). Vaholanki “serquyosh hur o‘lkam”izda bu kabi “jinoyat” ustida qo‘lga tushsangiz, naqd 8 mln 750 ming so‘mni (tax. 730 dollar) qurtday sanab berishingizga to‘g‘ri keladi. Agar o‘qituvchi yo shifokor bo‘lsangiz, uch-to‘rt oy tekinga ishlab yuraverasiz, pensioner bo‘lsangiz, bir yillik nafaqangizdan mosuvo bo‘lasiz.
 
Ijtimoiy adolat qani?! Jazodan maqsad yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlashmi yoki aholining terisini shilishmi? 
 
Xo‘sh, osmoniy jarimalar va kuzatuv kameralarining yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday “bolalab” ketishi avtohalokatlar sonining kamayishiga olib keldi, deb o‘ylaysizmi? Jarimalar miqdori bizga qaraganda 4-5 barobar kam bo‘lgan Turkiyada avtohalokatlar va unda halok bo‘lganlar soni bizga solishtirganda 4-5 barobar ko‘pmi? Keling, raqamlarni qiyoslash orqali ushbu savollarga oydinlik kiritamiz.
 
Joriy yilning 7 fevral kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayevga ko‘ra, 2022 yil davomida respublika hududida jami 9902 YTH sodir etilgan bo‘lib, 2086 ta o‘lim bilan bog‘liq holatlarda 2356 nafar fuqarolar vafot etgan. Hodisalarning 7816 tasi tan jarohati bilan bog‘liq holatlarni tashkil etdi. Ularda 9606 nafar fuqarolar jarohatlangan.
 
Turkiyada 2022 yili o‘lim bilan tugagan avariyalarning umumiy soni 1919 tani tashkil etgan va buning natijasida 2280 nafar kishi vafot etgan.
 
Bir qaraganda Turkiyadagi raqamlar ham o‘zimizdan ko‘p farq qilmaydiganga  o‘xshaydi, ammo...
 
Turkiya Statistika Institutining ma’lumotlariga qaraganda, joriy yilning yanvar oyi holatiga mamlakatda jami transport vositalari soni 26 million 640 ming 971 tani tashkil etdi. O‘zbekistonda esa bu raqam 4 mln 186 ming 521 ta,. Aholi soni esa Turkiyada qariyb 85 mln, o‘zimizda esa endi 36 mlndan oshdi.
 
Ya’ni avtotransort vositalari Turkiyada bizga nisbatan 6,5 barobar, aholi soni esa qariyb ikki barobar ko‘p. Shu jihatlarni inobatga oladigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi avtohalokatlar o‘ta ko‘pligini tasavvur qilish qiyin bo‘lmaydi. Demakki, oylik maoshga nisbatan o‘ta yuqori jarimalar foyda bermas ekanda, gap boshqa yerda shekilli, deb o‘ylab qolishingiz tabiiy. Darhaqiqat, shunday. Buning izohini ham IIVning o‘zi keltirib qo‘ygan.
 
“2022 yilda sodir bo‘lgan 7636 ta yo‘l transport hodisasidan 3 980 tasi ya’ni 52% yo‘l infratuzilmasi to‘g‘ri tashkil etilmagani tufayli yuzaga kelgan. Aniq tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning:
 
a) 1168 tasi ya’ni (15,5%) piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmaganidan;
 
b) 641 tasi (8,4%) veloyo‘laklar tashkil etilmaganidan;
 
d)  619 tasi (8,1%) yo‘lni ikkiga ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagan uchun;
 
e) 435 tasi  yo‘llar yaxshi yoritilmaganidan;
 
f) 481 tasida (6,3%) piyodalarning harakatini ta’qiqlovchi to‘siqlarning mavjud emasligidan; 
 
g) 344 ta (5%) YTH yo‘llarning torligi sabab kelib chiqqan...”, dedi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayev.
 
Turkiya yo‘llaridagi ko‘ngilsiz hodisalarning qancha foizi infratuzilmaning yomonligidan yuzaga kelgani haqida ma’lumot topolmadim. Ammo yaqinda zilzila yuz bergan hududlarga avtomashinada borib kelishimizga to‘g‘ri keldi. O‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan holatdan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, qardoshlarimiz mamlakatning ichki yo‘llarini shunday ravon va chiroyli holatga keltirganki, mashinasiga quygan har bir litr benzinidan (yoki gazidan) yo‘lga soliq to‘laydigan o‘zbekistonlik haydovchilar faqat va faqat havas qilishi mumkin, xolos.
 
Aniq ko‘z oldingizga keltirish uchun aytadigan bo‘lsak, bu yerdagi yo‘llar Toshkent shahridagi “Prezident trassasi”ga o‘xshaydi. Lozim yerlari yoritilgan, yo‘l o‘rtasi va chetiga himoya to‘siqlari o‘rnatilgan, har 50 km oraliqda maxsus kempinglar tashkil qilingan. Tezlik ko‘p joylarda soatiga 140 km etib belgilangani ham alohida e’tiborga molik. Hatto shahar ichidagi pulli yo‘llarda ham soatiga 130 km tezlikda haydashga ruxsat berilgan.
 
 Demak, avariyalarning yarmidan ko‘piga yo‘llarning yomonligi uchun ro‘y bermoqda (rasman shunday, aslida vaziyat bundan ham yomon bo‘lsa ajabmas). Davlat korxonalari (DRSU kabi) o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayapti. Xalq esa bunga moli-yu joni ila tovon to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
 
Har safar oylik maosh miqdori oshganida ko‘tarilib boradigan, kambag‘alni “urmay-so‘kmay, yoqasini yirtib oladigan” jarimalarni ijtimoiy adolat yuzasidan kelib chiqib qayta belgilash vaqti kelmadimi?
 
Abdulaziz Muborak
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat