date

O‘zbek hamshiralariga Saudiyada ishlash imkoni yaratildi

O‘zbek hamshiralariga Saudiyada ishlash imkoni yaratildi

O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi Saudiya Arabistonining yirik tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritishni istagan hamshiralar uchun yangi imkoniyat yaratganini ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Saudiyaning nufuzli klinikalari — Saudi German Hospital (SGH), Dr. Soliman Fakeeh Hospital, Dr. Sulaiman Al Habib Medical Group (HMG) hamda Abeer Medical Group kabi shifoxonalarda bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Bu klinikalar nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki xalqaro tibbiyot sohasida ham yuqori obro‘ga ega hisoblanadi.

Tanlovda ishtirok etishni istagan nomzodlardan quyidagi talablar qo‘yilgan:

— hamshiralik ishi bo‘yicha bakalavr yoki o‘rta-maxsus diplomga ega bo‘lish;

— sohada kamida bir yillik amaliy tajribaga ega bo‘lish;

— yoshi 45 dan oshmagan bo‘lishi;

— ingliz tilini muloqot darajasida bilish (arab tilini bilish ustunlik hisoblanadi).

Migratsiya agentligi ma’lum qilishicha, nomzodlar uchun tanlovlar joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida va respublika hududlarida onlayn hamda oflayn formatda o‘tkaziladi. Aniq joy va sana haqida qo‘shimcha ma’lumot alohida e’lon qilinadi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistonidagi ish beruvchilar tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Jumladan, ishchi viza rasmiylashtiriladi, turar joy bilan ta’minlanadi, aviabilet xarajatlari qoplanadi. Shuningdek, nomzodlar tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan to‘liq qamrab olinadi.

Moliyaviy jihatdan ham ushbu taklif jozibali — hamshiralar uchun oylik maosh 1000–1500 AQSH dollari oralig‘ida belgilangan. Saudiya klinikalaridagi ish sharoiti xalqaro standartlarga mos bo‘lib, xorijlik mutaxassislar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Migratsiya agentligi fuqarolarga murojaat qilib, mazkur imkoniyatdan foydalanishni tavsiya etdi. “Bu nafaqat munosib ish joyi, balki tibbiyot sohasida xalqaro tajriba to‘plash uchun ham muhim imkoniyatdir”, — deyiladi agentlik axborotida.

Shu tariqa, Saudiya Arabistonida ishlashni istagan sog‘liqni saqlash xodimlari uchun keng yo‘l ochildi. Tibbiyot sohasida faoliyat olib boruvchi o‘zbekistonlik hamshiralar endi o‘z malakasini xalqaro miqyosda namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek hamshiralariga Saudiyada ishlash imkoni yaratildi