Tan olish kerak, tariximiz va madaniyatimizni ommaviy axborot vositalari, kino san’ati va ilmiy platformalarda durustroq targ‘ib eta olmaganimiz tufayli ko‘plab ajdodlarimizni deyarli “boy berib” bo‘ldik. Bunga yoki xohishimiz bo‘lmadi yoki aqlimiz yetmadi yoki mablag‘imiz. Ajratilgan mablag‘lar evaziga esa ko‘rsa odamning ko‘ngli ayniydigan, saviyasiz, o‘rta asr tarixiga oid bo‘lsada, zamonaviy avtomobil shinalari yoqib dumalatilgan filmlar suratga olindi.
Biroq, sekin-asta ko‘nikyapmiz. Biz faxrlanadigan o‘rta asr olimlarini, hatto Beruniy va Xorazmiyni ham “fors olimlari” deb yozishyapti, “To‘maris va Forobiy qozoq bo‘lgan”, “Buxoriy va Termiziy tojik bo‘lgan”, “Boburning avlodlari mo‘g‘ullar imperiyasini tuzgan”, “Jaloliddin Manguberdining ham o‘zbekka aloqasi yo‘q, turkman bo‘lgan” va hokazo va hokazo. Sekin-sekin o‘rganib qolyapmiz. Faqat Amir Temur bizning bobokalonimiz ekaniga hozircha shubha bildirishmadi xolos. Garchi uni ham “mo‘g‘ul avlodi, o‘zbekka aloqasi yo‘q”, deyishayotgan bo‘lsa-da. Garchi Samarqand va Buxorodagi ayrim “vatanparvar” gidlarimiz “bu shahar va davlatlarni forslar qurgan, o‘zbeklar keyin kelgan”, deya ravon ingliz (nemis, ispan) tilida sayyohlar qulog‘iga “lag‘mon ilishayotgan” bo‘lsa-da.
Lekin hatto shu Temur tarixini ham o‘rganish va targ‘ib etishni eplay olmayapmiz, shekilli. O‘zbekning o‘zidan durustroq temurshunos chiqmaganidan keyin, boshqalarning iddaolariga ishonishadi-da: istasa “Temur qozoq bo‘lgan”, deydi, istasa “Temur o‘zbeklarga qarshi kurashgan”, deydi.
AzonTVda efirga berilgan «Fikrat» tahliliy ko‘rsatuvining navbatdagi soni Amir Temur va uning davri tarixini o‘rganish muammolariga bag‘ishlandi.
Dasturda ekspert sifatida sifatida qatnashgan mutaxassis, Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Botir Yo‘ldoshev qiziq bir holatga tomoshabinlar e’tiborini qaratdi.
- Samarqandga tez-tez borib turaman. Yaqinda ham borganimda, bir jihat yana dilimni og‘ritdi, - deydi tarixshunos Botir Yo‘ldoshev. - Samarqanddagi Amir Temur maqbarasiga kirish joyida Temur istilo qilgan davlatlarning xaritasi osib qo‘yilgan. Unda Amir Temur tasarrufida bo‘lgan davlatlar aks etgan. E’tibor bering, mustaqil bo‘lganimizga 32 yil bo‘ldi. O‘sha xarita 1996 yilda qabul qilingan. Lekin o‘sha xaritaga Moskva kiritilmagan. Xo‘sh, nega? Olim Ashraf Ahmedovga shu savolni berganman. Ashraf Ahmedovning aytishicha, xarita 1996 yilda tuzilgan. Olimlarda hadik bo‘lgan - yana SSSR qayta tuzilishi mumkin, deb qo‘rqishgan. Moskvani ko‘rsatmaylik, deyishgan. Bu masala ustida sakkizta akademik, to‘rtta professor bosh qotirgan.
Lekin nega shu paytgacha buni tuzatib qo‘yishmayapti? 32 yildan keyin ham hamon shu hadik, qo‘rquv bor. Natijada zukko o‘quvchilarmizda “SSSRni maqtab turishibdimi, demak uning qayta tiklanishidan umid qilishyapti yoki qo‘rqishyapti”, degan ikkilanish va xavotirlar ham paydo bo‘lyapti. Biroq hozir bemalol bu xaritadagi xatoni to‘g‘rilasa bo‘ladiku. (Moskvaning olingani) Amir Temurning harbiy yurishlari aks etgan bir necha qo‘lyozmalarda qayd etilgan. Buni ko‘rsatish kerak. Lekin shu qo‘rquv o‘quvchilarni ham ikkilantiryapti.
Amir Temurning ajoyib satrlari bor: Agar bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan binolarni ko‘ring, deydi. Oradan 7 asr o‘tyapti. Shahrisabzdagi Oqsaroyning qoldiqlari garchi 72 metr bo‘lsa ham, baribir insonni hayratga soladi. Bu binolarni ko‘rgani butun dunyodan sayyohlar kelishyapti. Lekin xaritada haliyam 1996 yilgi ma’lumot turibdi, - deydi Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Botir Yo‘ldoshev.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar