00:00 / 14.04.2023
900

Qadr kechasi qachon?

Qadr kechasi qachon?

Qadr kechasi ramazon oyida ekaniga hech qanday shubha yo‘q. Chunki Alloh taolo bir oyatda “Biz Uni (Qur’onni) qadr kechasida nozil qildik”, deya marhamat qilgan bo‘lsa, boshqa bir oyatda “Ramazon oyi – u oyda odamlarga hidoyat hamda to‘g‘ri yo‘l va furqondan iborat ochiq bayonotlar o‘laroq Qur’on nozil bo‘lgan”, deyiladi.

Hadisi sharifda esa bu kecha ramazon oyining so‘nggi o‘n kechasida ekanligi xabar berilgan. Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy alayhissalom ramazonning so‘nggi o‘n kunida yanada ko‘p ibodat qilar edilar va: “Qadr kechasini ramazonning so‘nggi o‘nligidan izlanglar”, der edilar”. (muttafaqun alayh)

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhisalom (ramazonning) yigirmanchi kuni ertalab xutba qilib aytdilar: “Menga qadr kechasi ko‘rsatildi, so‘ngra unuttirildim (yoki unutdim). Uni so‘nggi o‘n kunning toqlaridan izlanglar”, dedilar. (muttafaqun alayh)

Qadr kechasining aynan qaysi tunda ekani borasida shu va shunga o‘xshash bir qancha ishonchli matnlar kelgan. U matnlarning ba’zisi ba’zisini qo‘llab-quvvatlasa, ba’zilari bir-birigi zid kelgan. Qadr kechasining aynan qaysi kunda ekanining bizga maxfiy bo‘lishida ham Allohning go‘zal hikmati bor. Agar bu kechaning aynan qaysi tunda ekani oshkor qilinganda edi, butun ramazon bo‘yi g‘aflatda yotib, aynan o‘sha tunda ibodatga, tunni bedor o‘tkazishga kirishib qolardik. Shuning uchun butun ramazon bo‘yi sergak, ibodat va zikrda bo‘lishimiz uchun bu tunning aynan qaysi kechada ekani bizga ma’lum qilinmagan.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytganlaridek: “Alloh taolo olti narsani olti narsaning ichiga yashirib qo‘ydi: O‘zining roziligini ibodatlariga, O‘zining g‘azabini gunohlarga yashirdi. Ismi a’zamini Qur’onga, qadr kechasini ramazon oyiga, "O‘rta namoz"ni namozlar ichiga, qiyomat kunini esa kunlar ichiga berkitdi”.

Allohning hikmatini qarangki, O‘zining roziligini ibodatlari orasiga berkitdi. Banda aynan qaysi ibodati orqali Uning roziligini topishini bilmaydi. Shu sababdan katta bo‘lsa ham, kichik bo‘lsa ham barcha ibodatlarga ehtimom bilan yondoshadi. Huddi shu singari O‘zining g‘azabini ham gunohlar orasiga yashirib qo‘ydi. Shu sababdan banda katta-yu, kichik gunohlardan, hammasidan chetlanaveradi. O‘zining “Ismi A’zami”ni ham oshkor qilmay, Qur’oni karimga yashirdi. Shuning uchun bandalar Ismi A’zamni topish maqsadida ham Qur’onni to‘liq o‘qiydilar. “Solatul vusto” – “O‘rta namoz” ham besh vaqt namozlar orasiga yashiringan.

Aynan qaysi namoz “O‘rta namoz” ekani ma’lum emas. Binobarin bandalar besh vaqt namozning hammasiga shu o‘rta namoz bo‘lishi mumkin, degan umidda diqqat bilan yondoshadilar. Qiyomat kunini ham aynan qaysi kunda bo‘lishi oshqor qilinmadi. Agar oshkor qilinganda bandalar aynan o‘sha kunga tayyorlanib, qolgan kunlarni g‘aflatda, gunoh-ma’siyatda o‘tkazardilar. Kishilar qiyomat kuni ma’lum bo‘lmagani uchun ham har kun qiyomatga tayyorlangandek tavba va istig‘for bilan kunni o‘tkazadilar. Huddi shular kabi Alloh taolo O‘zining hikmati ila qadr kechasini ham ramazon oyining kechalaridan biriga yashirib qo‘ydi, toki bandalar ramazonning har tunini, hech bo‘lmasa so‘nggi o‘n kunini qadr kechasi sifatida g‘animat bilib, ibodatda o‘tkazsinlar.

Qadr kechasining fazli

Laylatul qadr kechasining fazilatli kecha ekani borasida ulamolar ittifoq qilishgan.

Bu tunning fazli nihoyatda ulug‘. Bu tunni namoz, Qur’on tilovati, zikr, istig‘for va duolar bilan o‘tkazish targ‘ib qilingan.

Alloma, shayx Yusuf Qarzoviy aytadilarki: “Qur’oni Karim va Sunnat bu ulug‘ kechaning fazli haqida ta’kidlab o‘tgan. Hatto Qur’oni Karimda bu kecha xususida butun boshli sura nozil bo‘lgan. Alloh taolo ana surada “Biz Uni (Qur’onni) qadr kechasida nozil qildik”, deya marhamat qiladi. Ushbu oyatda Alloh taolo bu kechani “qadr” kechasi deb nomladi. Ya’ni, bu kecha qadrli kecha, qiymatli va sharafli kecha. Oyatning davomida: “Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”, deyilmoqda. Ya’ni, bu  kechada qilingan toat-ibodat qadr kechasi bo‘lmagan ming oydan yaxshiroq. Shu bilan birga bu tunda Allohning barakasi, salomi va rahmati ila farishtalar nozil bo‘ladilar. U tunda to tong otgungacha salomatlik – tinchlik bordir”.

Sunnati nabaviyda ham bu kechaning fazli haqida hadislar kelgan. Imom Buxoriy rohimhulloh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “Kim qadr kechasida imon va ixlos bilan bedor bo‘lsa, shu kechagacha qilgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”. (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati)

Payg‘ambarimiz alayhissalom bu tunni g‘aflatda o‘tkazib qo‘yishdan ogohlantirib sahobalarga aytganlarki: “Albatta bu oy (ramazon oyi) sizlarga yetib keldi. Bu oyda ming oydan yaxshiroq kecha bor. Kim bu tundan mahrum bo‘lsa, hamma yaxshilikdan mahrum bo‘lgan bo‘ladi. U tunning yaxshiliklaridan faqatgina mahrum bandalar quruq qoladi”. (Imom Ibn Moja Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan)

Mana, ramazon oyining so‘nggi o‘n kunligi ham allaqachon boshlanib, bu muborak oy o‘z yakuniga yetib bormoqda. Shunday ekan bu kunlarni, bu tunlarni g‘animat bilib, tilovat, namoz va zikrlar bilan o‘tkazaylik.

Qadr kechasini qanday o‘tkazish haqida esa keyingi maqolalarimizda to‘xtalib o‘tamiz.

Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil tayyorladi

Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat