
SAVOL:
Metago (MetaGO) platformasi orqali daromad ko‘rish halolmi?
JAVOB:
MetaGO dasturi aslida tarmoqli marketingning bir ko‘rinishidir. Unda dasturga kriptovalyuta orqali pul kiritiladi. Kiritgan pulni sun’iy intellekt – robotga pul ishlash uchun ruxsat beriladi. Robot tikilgan pulga bir birjadan ixtiyoriy kriptovalyutani sotib olib, ikkinchi birjaga qimmatrog‘ga sotadi. Ko‘rilgan daromad oldindan aniq va’da qilingan bo‘ladi va formula asosida taqsimlanadi. Mana shu jarayon atigi 1-2 daqiqa atrofida bajariladi. Dastur ro‘yxatidan o‘tish paytida kriptovalyuta bilan birinchi 100$ hisobni to‘ldirganingiz uchun 6$ pul beradi. Bu bilan ushbu amaliyotda sudxo‘rlikka oid amaliyot borligi ma’lum bo‘lmoqda.
Undan tashqari MetaGO dasturida VIP-1, VIP-2, VIP-3 kabi qator paketlar bo‘lib, ishtirokchi o‘z daromadini ko‘paytirishi uchun muayyan muddat ichida ma’lum sondagi odamlarni dasturga jalb etishi talab etiladi. Aks holda, ishtirokchining daromadi bir xil miqdorda turaveradi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu qimordir. Chunki, odatda o‘sha jalb qilingan odamlar tikkan mablag‘larning ma’lum bir foizi birinchi ishtirokchiga daromad sifatida beriladi, qolgan qismi esa dastur ixtirochilariga ketadi.
MetaGO dasturi orqali pul topish shariatimizga ko‘ra harom sanaladi. Chunki unda ham ribaviy amaliyot, ham qimor bor. Har ikkisi ham dinimizda qat’iyyan harom qilingan bo‘lib, botil yo‘l bilan pul topish sanaladi. Alloh taolo O‘zining Kalomida shunday marhamat qilgan:
“Ey, mo‘minlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangizlar! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).
Barcha Islom ulamolariga ko‘ra, mazkur oyati karimadagi mol-mulklarni o‘rtada nohaq yo‘llar bilan yeyishdan murod – qimor, ribo, tovlamachilik, o‘g‘rilik va yolg‘on gapirib savdo qilish kabi barcha noshar’iy ko‘rinishdagi bitimlar kiradi. MetaGo shunday botil bitimlardan sanaladi.
Bundan tashqari dastur daromadining bir qismi bo‘lmish kriptovalyutalar savdosi ham shar’an joiz emas. Uning joiz emasligiga Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Misr Arab Respublikasidagi “Dorul-ifto” kabi fatvo tashkilotlari tomonidan ham fatvo berilgan. Bu fatvoni Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh ham tasdiqlaganlar. Chunki kriptovalyutalar haqiqiy “pul birligi” hisoblanmaydi. Zero, bitkoin manbasi noma’lum, kafolati yo‘q, aldov va firib amaliyotlariga nishondir.
Shulardan kelib chiqib MetaGO dasturiga pul tikish va undan daromad olish shar’an harom sanaladi. Vallohu a’lam.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar