Ochiq manbalardagi suratdan foydalanildi.
DV-2023 lotereyasida 5,5 ming nafar o‘zbekistonlik g‘olib chiqqan, lekin ularning faqat 70 foizi grin-karta olishi mumkin. Kun.uz'ga murojaat qilgan vatandoshlarga ko‘ra, AQShning Toshkentdagi elchixonasi iyun oyiga atigi 90 ta, iyulga esa 99 ta keys bo‘yicha suhbat belgilagan. Boz ustiga, negadir asosan kichik raqamli keyslar suhbatga chaqirilyapti.
2021 yilda o‘ynalgan, g‘oliblari 2022 yilda e’lon qilingan DV-2023 dasturida dunyo bo‘yicha 119 262 nomzod tanlangan. Ular 2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 30 sentabrgacha o‘z mamlakatidagi AQSh elchixonasiga viza bo‘yicha intervyuga chaqiriladi. Salkam 120 ming g‘olibning 55 ming nafariga, ya’ni 46 foiziga AQSh vizasi beriladi. Bu degani har ikki g‘olibdan bittasi viza ololmaydi.
Grin-karta egalari tasodifiy tanlanadi. Hech qaysi mamlakatga umumiy «grin-karta»ning 7 foizidan ortig‘i berilmaydi. Ammo shu 7 foiz vizani olish ham kundan kunga qiyinlashib borayotgani aytilmoqda.
Hozirgacha g‘oliblarning 44 foizi suhbatga chaqirilgan. Dedlayn (30 sentabr) esa yaqinlashmoqda
5511 nafar O‘zbekiston fuqarosi DV-2023 dasturi g‘olibi bo‘lgan. Ya’ni shuncha hamyurtimiz AQSh vizasi uchun talabgorlik qilmoqda. Shundan hozirga qadar 825 ta keys (ariza) bo‘yicha 2425 kishi viza uchun suhbatga chaqirilgan. Bu – jami g‘oliblarning 44 foizini tashkil qiladi.
Vaholanki, g‘oliblar soni bo‘yicha O‘zbekiston bilan deyarli bir xil ko‘rsatkichga ega Jazoirdagi (ushbu davlatning 5526 nafar fuqarosi lotereyada g‘olib deb topilgan) AQSh elchixonasi tomonidan iyulgacha viza uchun intervyuga 3333 kishi (60,3 foiz) chaqirilgan. 4469 fuqarosi g‘olib bo‘lgan Marokashda 2795 (62,5 foiz), 3808 fuqarosi grin-karta yutgan Nepalda esa 3031 (79,6), 3525 nafar fuqarosi DV-2023 g‘olibi bo‘lgan Armanistonda esa 2751 (78 foiz) kishi iyulgacha viza uchun suhbatga kirib chiqishi kutilmoqda.
Bu statistika qaysi davlatlardagi AQSh elchixonalari DV dasturi g‘oliblariga viza ajratish uchun suhbat belgilashga vijdonan yondashishayotgani, qaysi davlatdagilari esa sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosalar beradi.
Kun.uz'ga murojaat qilgan o‘zbekistonliklarga ko‘ra, AQShning Toshkentdagi elchixonasi moliyaviy yil so‘ngiga qadar grin-karta g‘oliblari uchun 2000-2500 ta viza ajratadi xolos. Basharti konsullar ishni kechiktirmay, elchixonaga ajratilgan 7 foiz vizaning hammasini tarqatganida 3850 kishi vizali bo‘lar, shunda DV-2023 dasturi g‘olibi bo‘lganlarning qariyb 70 foizi viza olishi mumkin edi.
“Nega katta keyslar uchun intervyu belgilanmayapti?”
Qoidaga ko‘ra, grin-karta g‘oliblari ma’lum qilingach, ulardan DS-260 shakl bo‘yicha anketa to‘ldirib yuborilishi so‘raladi. Shundan so‘ng anketa ma’lumotlari va vizaga talabgorlarning hujjatlari ko‘rib chiqilib, suhbat kuni belgilanadi.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan negadir katta keyslar suhbatga chaqirilmayapti. Iyulgacha viza uchun intervyuga kiradiganlarning hammasi 9144 gacha bo‘lgan keyslar, bu esa katta keysli g‘oliblarni xavotirga solmoqda.
Agar jarayon shu maromda davom etsa, avgust oyi so‘ngigacha 10 000, sentabrda 11000 gacha bo‘lgan keys egalari suhbatga taklif qilinishi, ariza (keys) raqami katta bo‘lgan talabgorlar suhbatga chaqirilmasligi, natijada u DV Lottery dasturida g‘olib bo‘lganiga qaramay grin-karta ololmasligi mumkin.
Bu shunchaki prognoz xolos, deylik, qaysidir oyda suhbatga chaqiriluvchilar soni kamayib ketsa, bu raqamlar ham o‘zgarib ketishi hech gapmas.
“AQShning Toshkentdagi elchixonasi boshida g‘oliblarni viza uchun intervyularga DS bo‘yicha chaqirayotgandi. Shu sababli oktabr oyida 5600-keysdagilar ham suhbatga kirib chiqqandi. Ammo shundan keyin negadir faqat kichik raqamli keyslar viza uchun intervyuga chaqirilmoqda. Bunda ularning DSʼni kech topshirishganiga qarab ham o‘tirishmayapti. Keys raqami katta bo‘lgan, ammo DSʼni ertaroq topshirganlarga imkoniyat berilmayapti.
Iyun va iyul oylarida suhbatga kiruvchilar ham allaqachon ma’lum bo‘lib ulgurdi. Iyun oyida 3, iyulda esa 5 marta suhbat bo‘ladi. Eng yuqori keys 9144, qolganlari esa kichik keyslar.
Elchixona buyog‘iga keys raqamlarini aralash chaqira olmas ekan, hech bo‘lmasa suhbat o‘tkaziladigan kunlarni ko‘paytirishi hamda suhbatga chaqiriluvchilar limitini oshirishi shart. Shunda boshqalarning imkoniyatlari kuyib ketmaydi. Chunki keys raqami katta yoki kichikligidan qat’i nazar barcha g‘olib va teng huquqlidir”, deydi DV-2023 dasturi g‘olibi bo‘lgan o‘zbekistonlik erkak.
Viza uchun suhbatlar faqat dushanba kuniga belgilanmoqda
Suhbatdoshlarning aytishicha, DV-2023 g‘oliblarini viza uchun suhbatga chaqirish oktyabrdan boshlangan. AQShning Toshkentdagi elchixonasi intervyularni haftada faqat bir kun, dushanba kuni o‘tkazib kelmoqda. Lekin oktyabrdan buyon hozirga qadar dushanbaga to‘g‘ri kelgan 9ta sanada viza uchun suhbatlar tashkil etilmagan. Bunga esa AQShda juda ko‘p bayramlarning joriy yilda dushanba kuniga to‘g‘ri kelgani sabab bo‘lgan. Ammo intervyular boshqa kunga ko‘chirilmagan, ya’ni kuyib ketgan.
“Masalan, 14 noyabr, 13 fevral, 13 mart kunlari hech qanday bayramga to‘g‘ri kelmagan bo‘lsa-da, nima uchundir intervyu belgilanmagan. Elchixona bu haqda hech qanday izoh bergani ham yo‘q.
26 dekabr Rojdestvo, 16 yanvar afroamerikaliklar huquqi uchun kurashgan Martin Lyuter kuni, 20 fevral Prezidentlar kuni, 29 may Xotira kuni, 19 iyun Ozodlik kuni (qullik bekor bo‘lgan kun)ga to‘g‘ri kelgani uchun intervyu belgilanmagan.
Bundan tashqari, 2 yanvar Yangi yil bayrami munosabati bilan O‘zbekistonda dam olish kuniga to‘g‘ri kelgan, biroq viza berish uchun suhbat boshqa kunga ko‘chirilmagan. Shunchaki bitta imkoniyat kuyib ketgan. Vaholanki, 20 mart ham O‘zbekistonda dam olish kuniga to‘g‘ri kelgandi, shu sababli intervyu kuni 23 martga ko‘chirib berilgandi. Demak, vijdonan yondashilsa, suhbatni boshqa kunga ko‘chirishning imkoni bor.
Masalan, eshitimizcha, elchixonada payshanba kuni bo‘sh kun ekan. O‘sha kuni hech qaysi toifadagi vizalar bo‘yicha intervyular o‘tkazilmaydi. Kuyib ketgan kunlarni bemalol o‘sha kunga o‘tkazish, bu orqali minglab odamlar “Amerika orzusi”ga erishish imkonini berish mumkin edi. Faqat buning uchun xohish bo‘lishi hamda konsullar vazifasiga vijdonan yondashishlari zarur bo‘ladi”, demoqda Kun.uz bilan suhbatda grin-karta yutgan o‘zbekistonliklardan biri.
Suhbatdoshlarga ko‘ra, O‘zbekistonda DV-2023 dasturida g‘olib bo‘lganlarning keys raqami 16-21 ming keyslar bor. Faqat kichik keyslar suhbatga chaqirilayotgani katta keyslarga nisbatan nohaqlik, deydi ular.
Transfer qilinayotgan keyslar
DV-2023 dasturida g‘olib chiqqan, suhbatga chaqirishlarini kutib kun sanayotgan o‘zbekistonliklarni qiynayotgan yana bir muammo bor. Bu grin-karta g‘olibi bo‘lgan, ammo turli sabablarga ko‘ra o‘z yurtidagi AQSh elchixonasiga viza olish uchun murojaat qila olmagani ortidan bu ishni O‘zbekistonga ko‘chirganlar bilan bog‘liq.
“AQShning Toshkentdagi elchixonasi keysini O‘zbekistonga asossiz ko‘chirib kelgan odamlarni navbatsiz qabul qilyapti. Bejiz asossiz demayapmiz, qo‘limizda buni tasdiqlovchi dalillar bor.
Ukraina va Rossiya o‘rtasida kechayotgan urush sababli ushbu yurtlar fuqarolari o‘z vatanidan viza ololmayotganini to‘g‘ri tushunamiz. Ammo o‘zbekistonliklarning o‘rniga emas, balki qo‘shimcha kunlarda ularni suhbatga chaqirish imkoniyati bor, nazarimizda.
O‘zbekistonda shundog‘am keys ko‘p, shu holatda boshqa davlatdan transfer bo‘lganlarga alohida ustunlik berishni oqlab bo‘lmaydi. Boshqa davlatdan kelayotganlar ko‘payib borayotgan ekan, demak, elchixona intervyu kunlarini ko‘paytirishi yoki transfer qilinayotgan keyslarni boshqa kuni ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq”, deydi suhbatdoshlardan biri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyida suhbatga kiradigan 10 mingdan 21 300 gacha bo‘lgan 10 ta keys hamda iyulda intervyuga chaqirilgan 15 mingdan 27800 gacha bo‘lgan 7 ta keys aynan boshqa davlat fuqarolari hisoblanadi.
“Orzularimiz sarobga aylanmasin”
DV-2023 dasturi bo‘yicha viza olish muddati 30 sentabrgacha davom etadi. Kun.uz suhbatlashgan grin-karta g‘oliblari vizaga talabgorlarni suhbatdan o‘tkazish juda sekin kechayotgani, agar barchasi shu zaylda davom etsa, ko‘pchilik suhbatga kira olmay vizasiz qolishidan xavotirda ekanini bildirdi.
“Keys raqamimiz 11 mingdan yuqorisi. 2021 yil oktabr oyida xo‘jayinim bilan grin-karta o‘ynagandik. 2022 yil may oyida yutuq chiqqanini bilib, judayam baxtiyor edik. O‘sha payt 4 oylik homilador edim.
Erim ikkimiz ham talaba edik, ikkimiz ham kontraktda o‘qirdik. DS-260 shakl bo‘yicha anketani ertaroq topshirsa ancha foyda bo‘lishini eshitib, qarz olib firmada anketani to‘ldirdik. O‘shandan boshlab suhbatga chaqirishlarini kun sanab kutyapmiz.
Bu paytda bizni oldinda jiddiy sinovlar kutayotganini bilmasdik hali. Sentabr oyida erim bilan avtofalokatga uchradik. 2 haftadan keyin ko‘zim yorishi kerak edi. Bir yosh yigit svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida katta tezlikda chiqib kelib, mashinamizning men o‘tirgan qismiga kelib urildi. Zarb kuchliligidan mashina ezg‘ilanib, o‘tirgan joyimdan chiqolmay qolib ketganman. Bir amallab chiqarib olishib, shifoxonaga olib borishganda farzandimiz tirik qolmaganini bildik.
Keyin uzoq sud boshlandi. Men yurolmay qoldim, chunki avariya natijasida tos suyaklarim qattiq shikastlangandi. Sud jarayonida sudya tug‘ilmagan bolaning o‘limi bu ishda og‘irlashtiruvchi holat bo‘la olmaydi, chunki chaqaloq soppa-sog‘ tug‘ilib ham o‘lib qolishi mumkin edi, deb aytdi. Undan bu qadar sovuq so‘zlarni eshitarkanman, o‘zimni faqat bir fikr – grin-karta yutganimiz va nasib etsa tez orada bu yerdan ketishimiz, boshqa farzandlarimiz AQShda tug‘ilishi, adolatli va farovon jamiyatda yashashimiz haqidagi xayollargina tinchlantira olgandi.
Faqat shu umid meni yana yurib ketishga majbur qildi. Faqat shu orzularim farzand dog‘idan keyin tushkunlikka tushib qolishimga yo‘l qo‘ymadi. Hozir yana homiladorman va farzandim AQShda tug‘ilishidan umidvorman.
Keys raqamim katta bo‘lmasa-da, elchixona talabgorlar bilan intervyularni yetarlicha tashkil etmagani uchun men va mendan keyingilar vizasiz qolib ketishimiz mumkin. Agar konsullar holatimizni to‘g‘ri tushunib, barchaga teng imkoniyat yaratib berishsa, orzularimiz sarobga aylanmasdi”, deydi shaxsi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik DV-2023 g‘oliblaridan biri.
“Grin-karta yutgan paytim Rossiyaning RosNeft kompaniyasida ishlardim. Aynan mana shu voqeadan so‘ng amerikacha orzumni amalga oshirish maqsadida ishimni tashlab O‘zbekistonga qaytib kelganman.
Grin-kartani firmadagilar o‘ynab berishgan. Menga yutuq chiqqandan so‘ng ulardan tasdiqlash kodini sotib olishga majbur bo‘ldim. Bu va boshqa xarajatlarni qoplash uchun mashinamni ham sotganman. Baribir Amerikaga ketaman, bu xarajatlar nima bo‘pti, deb o‘ylagandim o‘sha paytlarda.
Suhbatga ana chaqiradi, mana chaqiradi deb haligacha yuribmiz. Keysim 10 mingdan baland. Xarajatlarga ko‘p pul sarflab qo‘yganim uchun viza chiqmay qolsa nima qilishni o‘ylab boshim qotgan”, deydi ushbu so‘zlari arizasi ko‘rib chiqilishiga salbiy ta’sir qilishidan xavfsirab, ismi sir qolishini so‘ragan vatandoshlardan biri.
“Grin-karta erimga chiqqan, yutuq chiqqaniga juda xursand bo‘lganmiz. Keys raqamimiz 12 mingtalikda.
Hozir qaynotam og‘ir dard bilan olishib yotibdilar, biz ularni operatsiya qildirishimiz kerak. Yashayotgan uyimizni sotib operatsiya qildirmoqchi edik. Grin-kartada yutuq chiqqach, Amerikaga borib ishlab qaynotamni davolatishni ko‘nglimizga tuggandik. Lekin viza uchun suhbat belgilash kundan kunga kechikyapti.
Uyni sotib qaynotamni operatsiya qildirsak, 2 nafar farzandim, qaynona-qaynotam va biz bilan yashayotgan qari buvim (qaynotamning onasi) – barchamiz ko‘chada qolamiz.
Juda kichik raqamli keyslar chaqirildi hozirgacha. Sentyabrgacha navbatimiz keladimi-yo‘qmi noma’lum”, deydi DV-2023 g‘olibi bo‘lgan boshqa bir vatandoshimiz.
“Keysimiz 14 mingdan yuqori. Grin-karta o‘ynagan vaqtimizda xo‘jayinim Germaniyadagi oliy ta’lim muassasalarining biriga o‘qishga kirgandilar. Yutuq chiqqach, o‘qishga bormadilar. Shundan keyin bor xayolimiz oilaviy Amerikaga ketishga qaratildi.
Ammo kundan kunga orzumiz sarobga aylanishidan xavotirda yashayapmiz. Chunki iyulda viza uchun suhbatga kiradigan eng baland keys 9144. Ixtiyorimizda avgust va sentabr oylari qoldi. Ammo ikki oyda bizgacha navbat yetib kelishiga ham hech qanday kafolat yo‘q.
Odatda intervyular dushanba kunida bo‘lib o‘tyapti. Lekin orada dushanbaga to‘g‘ri kelgan o‘ndan ziyod kunda suhbat belgilanmadi. O‘sha kunlarga kompensatsiya sifatida haftaning boshqa kunlarida qo‘shimcha intervyular tashkil etilishidan umidvormiz.
AQSh butun dunyoga adolatli jamiyati va qarorlari bilan mashhur bo‘lgan. Konsullik xodimlaridan keys raqamidan qat’i nazar barchaga teng nazar bilan qaralishi, buning uchun esa suhbat kunlari va suhbatga chaqiriluvchilar sonini ko‘paytirishlarini iltimos qilamiz”, – deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan o‘zbekistonliklardan biri.
30 sentabrgacha arizalarni ko‘rib chiqish muddati yakuniga yetadi. Shundan keyin grin-karta g‘oliblarining imkoniyati kuyib ketadi. Bu – elchixonaning Kun.uz'ga taqdim etilgan javobida ham tasdiqlangan. Ishlar bu qadar sust olib borilsa, 30 sentabrgacha yana necha kishi suhbatga chaqirilishi noma’lum.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan 5, 12, 26 iyun hamda 3, 10, 17, 24, 31 iyul kunlari DV-2023 g‘oliblari bilan o‘tkaziladigan suhbatlar uchun ajratilgan. Bir qarashda e’tirozga o‘rin yo‘qdek. Ammo aslida unday emas. Iyunda atigi 3 kun davomida 90 kishi suhbatdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, intervyular uchun 5 kun ajratilgan iyul oyida negadir 91 ta keys suhbatga taklif etilgan.
“Bir oyda 4 marta suhbat belgilanadigan bo‘lsa, kuniga 30 tadan keys intervyuga chaqirilayotgandi. Iyul oyida 5ta dushanba borligi uchun 5 kunga suhbat belgilangandi. Ammo nima uchundir keyslar soni juda kam – 91 ta. Ya’ni bungacha kuniga 30 tadan keys suhbatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, iyulda 1 kunda 19tadan keys intervyuga kiradi. Yil yakunlanib, imkoniyatlarimiz kamaygani sari elchixona yomonroq ishlamoqda”, deydi shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan vaziyat haqida ma’lumot bergan DV-2023 g‘oliblaridan biri.
Kun.uz'ga murojaat qilgan o‘zbekistonliklarning fikriga ko‘ra, dushanba kunlari o‘tkazilmay qolgan suhbat kunlari kompensatsiya qilib berilsa, shuningdek, hammaga teng imkoniyat berib, viza uchun suhbatlarga g‘oliblarni katta va kichik keyslar orasida random tartibida chaqirsa, o‘z-o‘zidan barcha muammolarga yechim topiladi, elchixonaga nisbatan ham hech qanday e’tiroz bo‘lmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!