
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 oktyabr - Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oʻqituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi.
«Muhtaram ustoz va murabbiylar! Avvalo, sizlarni, ta'lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlari va faxriylarini umumxalq bayrami – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman», deyiladi tabrik soʻzi boshida.
Prezident ta'lim sohasida erishilgan yutuqlarga urgʻu berib, pedagoglar mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash lozimligini ta'kidladi.
«Mamlakatimizda koʻplab yangi bogʻchalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Ta'lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va oʻquv qoʻllanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda. Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va ragʻbatlantirish doimiy e'tiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Oxirgi etti yilda maktabgacha ta'lim boʻyicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta'limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga etkazishga erishganimiz, hech shubhasiz, eng muhim yutugʻimizdir», deyiladi tabrik soʻzida.
Shavkat Mirziyoev ta'lim sohasi xodimlarining oʻrtacha ish haqi 2 barobar koʻpaytirilishini ma'lum qildi.
«Ta'lim sohasi xodimlarining oʻrtacha ish haqi 2 barobar koʻpaytiriladi. Ming nafar tarbiyachi va oʻqituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. Oʻqituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtiriladi. Biz farzandlarimizni milliy gʻurur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz», deyiladi tabrik soʻzida.
Shavkat Mirziyoev maktab ta'limini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish umummilliy harakatga aylanganini ta'kidlab, bu borada begʻaraz yordam koʻrsatgan fuqarolarga, tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
«Imkoniyatdan foydalanib, bunday fidoyi, saxovatli yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Taraqqiyotimiz dasturi boʻlmish «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida sizlar bilan birga ta'lim tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha yangi maqsad va rejalarni belgilab oldik. Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas'uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-gʻayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi. Mana shunday sharafli vazifani ado etishda men siz, muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va koʻmak berishga tayyor ekanimni yana bir bor izhor etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Hamisha sogʻ-omon boʻling, muhtaram ustozlar!», deb yakunladi tabrik soʻzini davlat rahbari.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring