Qo‘qonda ruxsatsiz avtoyig‘in uyushtirmoqchi bo‘lgan instablogerga chora ko‘rildi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida jamoat tartibi va harakat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatning oldi olindi. Instagramda blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi D.U. ruxsatsiz ommaviy tadbir tashkil etmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bloger 2026-yil 31-may kuni soat 17:00 da shahardagi supermarket oldida chiroyli raqamli avtomobillar to‘planishi bo‘yicha videomurojaat tarqatgan. Biroq ushbu yig‘ilish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan.
Qo‘qon shahar IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor harakatlar natijasida huquqbuzarlikning oldi olingan. Fuqaro D.U. bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilgan.
Shu vaqtda uning sherigi J.M. ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, qarshilik ko‘rsatgani va jamoat tartibini buzgani ma’lum qilindi.
Holat yuzasidan D.U. va J.M.ga nisbatan ma’muriy hujjatlar rasmiylashtirilib, ish sud organiga yuborilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!