Rossiyada PMEF 2026 forumiga bagʻishlangan maxsus iPhone 17 Pro taqdim etildi

2026-yilning 3–6-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF) arafasida Rossiyaning Caviar kompaniyasi Apple smartfonining eksklyuziv talqinini namoyish etdi. Qurilma dizayni kumushrang palitrada ishlangan boʻlib, u Sankt-Peterburgning meʼmoriy uslubi va nufuzini aks ettiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfonning asosiy elementi — yupqa oltin oʻymakorlik bilan bezatilgan titan paneldir. Unda shahar panoramasi, jumladan, Pyotr va Pavel qalʼasi hamda Isaakiyev sobori tasvirlangan. Kompozitsiya markazidan oltin qoplamali Rossiya gerbi oʻrin olgan boʻlsa, korpusning pastki qismida «PMEF 2026» yozuvi tushirilgan maxsus lavha joylashtirilgan.
Caviar vakillarining soʻzlariga koʻra, ushbu model «yengil kastom» uslubida tayyorlangan. Bu esa iPhone qurilmasining asl funksionalligi, oʻlchamlari va vaznini oʻzgarishsiz saqlab qolish imkonini beradi. Shunday qilib, foydalanuvchilar Apple texnologiyalaridan foydalangan holda noyob dizaynga ega boʻladilar.
Cheklangan miqdorda, yaʼni bor-yoʻgʻi 26 nusxada chiqarilgan ushbu seriyaning yana bir oʻziga xos jihati uning qutisidir. Smartfon qutisi interaktiv ekran bilan jihozlangan boʻlib, unda forum haqidagi videorolik namoyish etiladi. iPhone PMEF 2026 modelining narxi 400 ming rubldan boshlanishi maʼlum qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!