22:11 / 04.11.2023
114

O‘zbekiston-Fransiya aloqalari qay holatda? Mintaqa uchun ushbu davlatning ahamiyati nimada?

O‘zbekiston-Fransiya aloqalari qay holatda? Mintaqa uchun ushbu davlatning ahamiyati nimada?

2 noyabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Samarqandga keldi. Unga kattagina delegatsiya hamrohlik qildi.

Shavkat Mirziyoyev va Makron uchrashuvida ikki mamlakat munosabatlarini keyingi bosqichga olib chiqish borasida ko‘plab qadamlar tashlandi, delegatsiyalar sakkizta kelishuv imzoladi. Jumladan, O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushirildi va Business France agentligi ofisini ochish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonva Fransiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar juda salmoqli. O‘zbekistonning Fransiya bilan munosabatlari har doim Yevropaning boshqa davlatlariga nisbatan yuqoriroq bo‘lgan. Misol uchun, 2016 yilda O‘zbekistonda prezident o‘zgargandan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi davlatlariga birinchi tashrifini aynan Fransiyadan boshlagan edi. 2018 yilning 8-9 oktyabr kunlari Emmanuel Makronning taklifiga ko‘ra Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiya Parijda bo‘lgan, ikki taraflama o‘n hujjat imzolangan edi. Xo‘sh, Fransiya O‘zbekiston uchun nimasi bilan ahamiyatli? Nega bu davlat bilan o‘zaro aloqalar muhim?

Fransiya «Katta yettilik»ka kiruvchi davlat, uning dunyo siyosati, geosiyosati va iqtisodiyotidagi ulushi juda salmoqli. Fransiyaning yalpi ichki mahsulot hajmi taxminan 3,7 trillion dollar bilan dunyoda birinchi o‘nlikka kiradi. BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a’zosidan biri.

Kollektiv g‘arb hech qachon bir tarkibli va bir qarashli bo‘lmagan. Fransiya «kollektiv g‘arb»dagi bir necha fraksiyalardan «kontinental Yevropa» fraksiyasi lideri. Fransiyada «gollizm» geosiyosiy qarashi tarafdorlari har doim kuchli. Gollizmga ko‘ra, Fransiya anglosaksonlar fraksiyasidan, eng avvalo, AQSHdan ma’lum masofa saqlashi va geosiyosiy mustaqil bo‘lishi kerak degan doktrina mavjud. Shuning uchun ham Yevropa Ittifoqi bilan ishonchli munosabatlar shakllantirish uchun eng avvalo Fransiya bilan ijobiy aloqalar yuqori bo‘lishi nazarda tutiladi.

Fransiya ayni paytda g‘oyalar, qadriyatlar, sivilizatsiyalar o‘zaro to‘qnashadigan, munosabat va muvozanatga kirishadigan katta «o‘choq»ni eslatadi. Bir tomondan liberal, demokratik qadriyatlar va g‘oyalar, boshqa tomondan diniy, etnik, milliy qarash va qadriyatlar ham fransuz jamiyatida juda kuchli. G‘arb davlatlari ichida aynan Fransiyada eng katta musulmon va yahudiy jamoalari yashaydi. Agar Fransiya aholisi 67 milliondan oshsa, undan kamida 7 millioni – musulmonlardir.

Oddiy odamlar nigohida Fransiya musulmonlar uchun noqulay davlat bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin aslida vaziyat ancha murakkab. Fransiyada diniy erkinliklar ta’minlangan, davlat – huquqiy o‘zandan chiqib ketmaydi, sud hokimiyati mustaqil va ayni paytda, jamiyatning ma’lum qatlamlarida islom va musulmonlarga salbiy qarash ham yo‘q emas.

Yaqinda BMT Bosh Assambleyasida dunyo davlatlari Falastinning G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha ovoz berdi. Unda O‘zbekiston «urush so‘zsiz to‘xtatilsin» degan pozitsiyada turdi. Isroil, AQSH, Angliya va g‘arbning yana bir qancha davlatlari Isroilning G‘azoga xujum qilish huquqini himoya qilib ovoz berdi. Lekin Fransiya boshqa g‘arb davlatlaridan farqlanib, O‘zbekiston kabi pozitsiyada turib, G‘azoda urush to‘xtatilishi uchun ovoz berdi.

Makronning O‘zbekiston va Qozog‘istonga kelishining geoiqtisodiy va geosiyosiy sabablari bor. Agar Rossiya OAV va ekspertlariga e’tibor qaratilsa, «Fransiya Afrikadan quvilmoqda, shuning uchun Markaziy Osiyoga uran sotuvchi yangi hamkorlar izlab keldi» degan fikrda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki marta Fransiyaga borgan bo‘lsa, ikki safar ham Makron javob tashrifi haqida va’da bergandi. Uning ushbu tashrifi so‘nggi bir yarim yil davomida rejalanayotgan edi. Afrikaning Niger davlatidagi vaziyat, faqat keyingi yarim yilda nisbatan qaltislashdi. Iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston uchun ham, Fransiya uchun ham juda manfaatli va oldindan rejalangan jarayon.

Nega Rossiya Makronning O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifiga rashk bilan qaraydi? Motiv – geosiyosiy. Rossiya Markaziy Osiyoni «yaqin xorij» deb, o‘z ta’sir doirasidagi hudud sifatida ko‘radi. Ukrainaga bostirib kirganidan keyin g‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi.

Boshqa tomondan, kollektiv g‘arbning Xitoy Xalq Respublikasi bilan tirashuvi strategik ahamiyat kasb etmoqda. Mana shu fonda g‘arb davlatlarining Markaziy Osiyoga e’tibori oshmoqda. Mintaqa davlatlarining birinchi va ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkorlari – RF va XXR hisoblanadi. Iqtisodiy munosabatlar esa o‘z o‘rnida geosiyosiy aloqa va hamkorlikni belgilab beradi. Aynan shuning uchun ham g‘arb davlatlari, jumladan, Fransiya O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan iqtisodiy aloqalarini kuchaytimoqda.

Har bir mintaqa va davlatning o‘z geosiyosiy qarashlari va manfaatlari bo‘ladi. agar Fransiyaga Ozarboyjon yeki Turkiyadan turib qarasangiz, salbiy ohanglar mavjud. Sababi Ozarboyjonning nazarida Fransiya Armaniston tarafda. Turkiya uchun ham Fransiya noqulay davlat. Lekin O‘zbekiston va Qozog‘iston oldida turgan geosiyosiy va siyosiy vazifa shundan iboratki, Markaziy Osiyo mintaqasi va davlatlari Rossiya va Xitoyning ta’sirini yumshatish hamda g‘arb bilan aloqalarni rivojlantirish hisobiga muvozanatni kuchaytirishi kerak bo‘ladi.

«Katta yettilik» va kollektiv g‘arbdagi fraksiya liderlaridan biri bo‘lgan Fransiya prezidentining O‘zbekistonga kelishi – davlatimizning global mavqeyi oshishiga, geoiqtisodiy va geosiyosiy mustaqillik mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi. Bugun Markaziy Osiyo – dunyo geosiyosatidagi qudrat brokerlaridan biriga aylanib bo‘ldi. O‘zbekiston esa ushbu mintaqaning markaziy davlatidir.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat