date

Toshkentda do‘kon va dorixona peshlavhalari uchun yangi to‘lov joriy etildi

Toshkentda do‘kon va dorixona peshlavhalari uchun yangi to‘lov joriy etildi

Poytaxtdagi tadbirkorlar uchun yangi muammo yuzaga keldi. Toshkent shahar hokimligi do‘konlar, dorixonalar va turli savdo nuqtalaridagi nom yozilgan peshlavhalarni rasman “noqonuniy tashqi reklama” sifatida baholab, ularni olib tashlashni talab qilmoqda.

Tadbirkorlarning aytishicha, talab faqat brend yoki yirik reklama bannerlarigagina emas, balki “mini market”, “dorixona”, “go‘sht do‘koni” kabi oddiy, kundalik hayotda ishlatiladigan yozuvlarga ham qo‘llanmoqda. Bu esa kichik biznes va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘layotgani aytilmoqda.

Biznes-ombudsman rasmiysi Jamshid Hasanov ushbu masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, qaror qonuniy jihatdan to‘g‘ri bo‘lsa-da, adolat nuqtayi nazaridan to‘liq to‘g‘ri kelmasligi mumkin. “Masalan, ‘dorixona’ so‘zi tovar belgisi yoki savdo markasi emas. Biroq amaldagi qoidalarga ko‘ra, agar peshlavha maydoni 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lsa, u reklama sifatida baholanadi. Bu esa hukumatning 104-sonli qarorida alohida qayd etilgan. Hozir biz ushbu qarorga o‘zgartirish kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqdamiz”, — dedi u.

Hozirgi qonunchilikka asosan, hatto oddiy peshlavhalar ham reklama deb hisoblanib, tadbirkorlardan to‘lov undiriladi. Bu holat ayniqsa kichik biznes egalari uchun qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Ekspertlar fikricha, bunday talablar kichik va o‘rta biznesning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki, oddiy do‘kon yoki dorixonaning nomini ko‘rsatuvchi yozuv reklama emas, balki yo‘lovchilar va xaridorlar uchun yo‘l-yoriq vazifasini bajaradi.

Manbalar ta’kidlashicha, tadbirkorlar bu qarorga qarshi chiqishmoqda va hozirda tegishli idoralar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Shu bilan birga, hukumat qarorida belgilangan qoidalar o‘zgarishi mumkinligi ham istisno qilinmayapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda do‘kon va dorixona peshlavhalari uchun yangi to‘lov joriy etildi