Qozog‘iston milliy terma jamoasida rahbariyat o‘zgarishi ro‘y berdi. Federatsiya rasmiy sayti xabariga ko‘ra, jamoaga vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida Talgat Baysufinov ishonib topshirildi.
U Jahon chempionati—2026 saralash bosqichi doirasidagi navbatdagi ikki muhim bellashuvda jamoaga boshchilik qiladi. 10 oktyabr kuni Lixtenshteynga qarshi safar uchrashuvi va 13 oktyabrda Shimoliy Makedoniyaga qarshi uy o‘yinida Baysufinov terma jamoa skameykasida bo‘ladi.
Talgat Baysufinov uchun bu lavozim yangilik emas. U avval ham ikki marta Qozog‘iston terma jamoasiga boshchilik qilgan: 2016–2017 hamda 2020–2022 yillarda. Hozirda esa u Qozog‘iston U-21 jamoasida murabbiylar mentori sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, Qozog‘iston futbol federatsiyasi doimiy bosh murabbiyni xorijdan topish maqsadida izlanishlarni davom ettirayotgani ma’lum qilindi. Bu jarayon O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tajribasiga o‘xshash holda olib borilmoqda.
Yangi murabbiy kim bo‘lishi hozircha noma’lum, biroq federatsiya jamoaga yuqori saviyali mutaxassis jalb qilish niyatida ekanini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!