Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqish uchun yuborildi. Unda davlat yordami bo‘yicha loyihalarni Raqobat qo‘mitasi bilan maslahatlashishni majburiy qilish, ayrim sanksiyalarni yumshatish taklif etilgandi.
12 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi rad etilgan.
Qonun loyihasida raqobatga aloqador bir qator o‘zgarishlar taklif etilayotgan edi.
Jumladan, loyihada narxlar asossiz oshirilgan yoki tariflar noto‘g‘ri qo‘llangan, tadbirkorlar va iste’molchilarning huquq va manfaatlari poymol qilingan taqdirda mazkur tadbirkorlik subyektlariga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari qo‘llanishi nazarda tutilgandi.
Gazeta.uz'ning yozishicha, qonunning 42-moddasiga (Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar) o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan edi. Unga ko‘ra, endi kichik iqtisodiy oqibatlarga olib keladigan qonunbuzarliklar (masalan, qo‘mitaga ma’lumotlarni taqdim etishdagi texnik xatolar) uchun tadbirkorga katta miqdordagi jarimalar qo‘llanadi. Jazoning mutanosibligi tamoyilidan kelib chiqib, bunday huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorga nisbatan moliyaviy sanksiyani qo‘llamaslik taklif etilmoqda — u bilan faqat profilaktik tushuntirish ishlari olib boriladi.
Bundan tashqari, qonunning 13-moddasiga (Ustun mavqe) o‘zgartirish kiritish taklif etilgan. Unga ko‘ra, asosiy faoliyati tabiiy monopoliya sharoitida tovar ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt bunday faoliyatni amalga oshirsa, tovar yoki monopoliya bozorida ustun mavqe deb e’tirof etiladi.
Spiker Nurdinjon Ismoilov mazkur qonun loyihasini kun tartibidan olib tashlashni, hujjatni yakunlash va birinchi o‘qishda qayta ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasiga qaytarishni taklif qilgan. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi kun tartibidan chiqarilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring