Foto: Videodan kadr
Toshkent jamoat transportini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidov «Lolazor» podkastida Toshkent jamoat transportini rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, jamoat transportini rivojlantirishning 3 ta yo‘nalishi bor — institutsional, tashkiliy hamda infratuzilmaviy. Obidov institutsional o‘zgarishlar yo‘nalishida 2023 yilda jamoat transportida revolyutsion ishlar qilinganini, xususan, jamoat transporti tarkibi yangilangani, sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligi oshirilib, brutto-shartnoma tizimi joriy etilgani eng katta institutsional o‘zgarish sifatida qayd etdi.
Tashkiliy yo‘nalishda tadbirkorlarni sohaning jozibador ekaniga ishontirish kerakligi aytildi. Uchinchi yo‘nalish —infratuzilma bilan bog‘liqligi va bu hanuzgacha muammo bo‘lib qolgani qayd etildi.
«Yildan yilga nafaqat Toshkentda, balki butun respublikada ham bu muammo aktuallashib bormoqda. Toshkent shahrida aholi yiliga 100 ming kishiga ko‘payib boryapti, 2021 yilda 100 ming aholiga 40-45 mingta avtomobil qo‘shilgan. 2022 yilda 76 mingta, 2023 yilda esa 100 mingga yaqin avtomobil qo‘shildi. Shunday statistika kelyapti», – deydi Obidov.
«Yo‘lkira narxi shakllanishining iqtisodiy asosi bormidi?»
Podkastda iqtisodchi Otabek Bakirov jamoat transportining yangi yo‘lkira narxlarini shakllantirishda odamlarning bir martalik naqd pul to‘lov qilishidan voz kechishga qanchalik e’tibor berilgani, uning iqtisodiy asoslanishi qanday yuz bergani bilan bog‘liq savol berdi.
Uning aytishicha, sohadagi asosiy talon-torojliklar chiptachilar hamda naqd pulda to‘lov qilish tizimi bilan bog‘liq. Shu sababli ham jamoat transportida bir martalik naqd to‘lovlar elektronlariga nisbatan karrasiga qimmat bo‘lishi kerakligi qo‘shimcha qilindi.
Obidovning savolga javob berishicha, yangi narxlar asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam o‘ylangan holda shakllantirilgan, bu borada ma’lum shkala ishlab chiqilgan.
«Eslasangiz, oldin ham qog‘oz «proyezdnoy»lar vaqtida 23 foizli chegirmasi bor edi. Biz yangi tizim qabul qilayotgan, ya’ni yangi tariflar chiqarayotgan vaqtimizda 23 foizdan kamaymagan holda progressiv o‘sib boradigan, arzonlashtirilgan tariflarni 3,6 oylik, 1 yilligini, hatto 1 kunligini ham chiqardik. Chegirmasi o‘sib boradigan tizimda tariflarda xarajat kamayib boradi. Lekin bizning odamlarimizda bu tariflardan foydalanish koeffitsiyenti hali katta emas. Endi boshlanyapti. Chunki biz almashinuv tariflarni faqatgina [2023 yil] noyabr oyida ishga tushirdik...
Naqd to‘lovlarga kelsak, naqd to‘lovlarni biz boshlanishida juda ko‘p tashkilotlar bilan talashib-tortishib, naqd kamaysin degan maqsadda 2000 [so‘m]gacha zo‘rg‘a ko‘tarib olib chiqdik. Buni biz undan ham ko‘tarishimiz kerak, 30 foizdan oshiqroq qimmat bo‘lishi kerak», – dedi loyiha ofisi rahbari.
1 trln so‘m nimalarga sarflanadi?
Shuningdek, Obidov Toshkent shahrining 2024 yilgi budjetiga arzonlashtirilgan tariflardagi brutto-shartnomalar bo‘yicha jamoat transporti xizmatlariga mo‘ljallangan subsidiyalar uchun o‘tgan yilgidan ko‘proq summa (2023 yilda 412 mlrd so‘m ajratilgandi), 1 trln so‘m ajratilganiga ham izoh berdi.
Uning aytishicha, turli xarajatlar, xususan, yangi avtotransport vositalarini sotib olishda sarflangan kredit yoki lizing xarajatlari, texnik xizmat ko‘rsatish, ekspluatatsiya xarajatlari va boshqalardan kelib chiqqan holda har bir harakat tarkibining 1 kilometriga nisbatan shu narx shakllangan.
Obidovning aytishicha, bu xarajatlar ichida kreditlar yopilgach avtobus saroylarini ham yangilash va kengaytirish rejalari bor. Bundan tashqari, 2024 yilda Toshkent shahrida jamoat transporti tarkiblari 200 ta yangi avtobus bilan to‘ldirilishi ham nazarda tutilayotgani qayd etildi.
«2024 yilda 200 ta elektrobusni [olib kelish] rejamizda bor. 2030 yilgacha Toshkentga taxminan 1000 ta elektrobus keladi, bu rejada bor. 111-sonli o‘tgan yili chiqqan qarorimiz bor, jamoat transportini rivojlantirish konsepsiyasi [haqida]. O‘shanda rejamiz yilma yil yozilgan. U rejamizni ozgina tezlashtirdik, yana qo‘shildi avtobuslar soni», – dedi u.
Yangi tarkiblar va maxsus yo‘laklar
Murod Obidovga ko‘ra, yangi avtobuslar keltirilishida bo‘layotgan yagona muammo infratuzilma bilan bog‘liq. Agar bu masala hal qilinmasa, olib kelingan tarkiblar yana boshqa muammolar yuzaga kelishi mumkin.
«Avtobus to‘siqsiz harakatlanadigan infratuzilma hamda harakatni tashkil etishni takomillashtirishimiz kerak. Eng katta muammomiz [shu], shunda to‘xtadik biz. To‘xtamadik, oldinga qarab ketyapmiz. O‘tgan yil davomida 44,8 kmlik jamoat transporti liniyalarini qildik. O‘zi bizda eng katta bosim bilan ishlaydigan yo‘llarimiz 125 km, 13 ta koridorimiz bor. Shularning hammasini avtobusimizni to‘siqsiz harakatlanadigan tizimga o‘tkazib chiqishimiz kerak edi, ulgurmadik. bu qaysidir joylarida og‘riqli, qaysidir joylarida mablag‘ talab etildi», – dedi Obidov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 2024 yilda bu ishlar amalga oshiriladi, ayrim yo‘llarda maxsus yo‘laklar chetdan emas, yo‘lning o‘rtasidan tashkil etiladi. O‘rtadan yuradigan avtobuslarning chetdan harakatlanadiganlaridan farq qilishi, ularda kesishmalar minimal darajaga keltirilishi kutilmoqda.
«Toshkent shahri monotsentrik, uning ikkita markazi bor. Bittasi «Skver» [Amir Temur maydoni], bittasi Chorsu. Shu ikkita markaziga o‘q ko‘chalar bilan keladi, keyin 3 ta halqa yo‘llar bilan shahar ulanadi.
Asosiy harakatlar mana shu yo‘llarda bo‘ladi-da. Uchta katta yo‘nalishimiz metro bilan qamrab olingan. Metro uzoq masofalarga ko‘p sonli aholini tashish imkoniyatini beradi. Xuddi shunday ehtiyoj qolgan ko‘chalarda ham bor. Bu narsani metro darajasiga olib chiqadigan yo‘lovchi tashuvlar xizmatini to‘g‘rilashimiz keyingi bosqichimizga bog‘liq. Keyingi bosqichning birinchi tizimini biz Shota Rustavelida rejalashtiryapmiz. Mana shu tizimni keyin bosqichma-bosqich qolgan tomonlarga ham joriy qilamiz. Shunda bizda yo‘lovchi tashish hajmi avtobuslar soniga emas, sig‘imini oshirish hisobiga ko‘payadi», — dedi u.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda eng katta avtobus 150 sig‘imli hisoblanadi. Infratuzilma to‘g‘rilangach, 5 ta seksiyali 32-35 metrli avtobuslar keltirilishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring