U yetim bolani tarbiyasiga olganiga qaramay, boylarning xizmatini qilib, kun ko‘rishga majbur edi. Shu tarzda turli yumushlarni ado etib, voyaga yetgani bois hayot sinovlarida ancha toblandi. Bu inson o‘zbek matbuoti, dramaturgiyasiga katta hissa qo‘shgan Ziyo Said edi...
Alg‘ov-dalg‘ovli XX asrning boshlari. Toshkentning Degrez mahallasida kambag‘al oilada tug‘ilgan Soliy ota-onasidan judo bo‘lgach, ne-ne yumushlarni qilmadi, deysiz! Boyga xizmatkor bo‘lib, papiros fabrikasida ishladi.
Ag‘dar-to‘ntar yuz bergan 1917 yilda Soliy 14 yoshli o‘spirin bo‘lib, hayotda endigina oq-qorani taniy boshlagan edi Zamon yoshlarni o‘z oqimiga og‘dira boshlagan, shu zaylda boylar xizmatini qilib, tag‘in so‘kish, dashnom eshitgani tufayli ularga nafrati kuchli bo‘lganidan Soliy CHKga ishga kirdi. Shu tariqa 1919–1922 yillarda Soliy Qosimov Toshkent va Buxorodagi CHK safida xizmat qildi. Ammo tabiatan so‘zamol, samimiy, pochchasining ta’sirida ilmga, adabiyotga ixlos qo‘ygani uchun bu safda uzoq qolmadi. 1923 yilda Toshkentga qaytib, Mannon Uyg‘ur bilan birga «El tuzar» nomli teatr truppasini tashkil etdi. O‘shanda u o‘ziga Ziyo Said taxallusini tanladi. Aynan teatr sohasiga qiziqishiga esa Hamza Hakimzoda Niyoziy sababchi bo‘lgandi. Shoir yosh chekistning ilmga, san’atga ishtiyoqi balandligini ko‘rib, uni dramaturgiyaga boshlab kelgandi.
Hamzaning ilg‘aganicha bor ekan. Ziyo Said tez orada yozgan hajviya, maqola va dramalari bilan adabiy muhitda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. «Qonli kun», «Tarix tilga kirdi» kabi sahna asarlari muxlislar e’tiborini tortdi. Matbuotda e’lon qilingan maqolalari, hajviyalarida xalqdan uzoqlashgan amaldor, majlisboz to‘ralarni, yulg‘ichlarni fosh qildi. Shu bilan birga Ziyo Said tashkilotchilik qobiliyatini ham namoyon etib, «Mushtum», «Qizil O‘zbekiston» nashrlariga muharrirlik, Hamza nomli akademik teatrida direktorlik, radioqo‘mitaga raislik qildi.
Ziyo Saidning tarix oldida qilgan eng katta ishi va har qanday davrda ham o‘z nufuzini yo‘qotmaydigan asari – 1927 yilda nashr etilgan «O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga oid materiallar» kitobidir. Aytish mumkinki, Ziyo Saidgacha, undan keyin ham biror tarixchi 1870 yildan 1927 yillargacha bo‘lgan o‘lka matbuoti tarixini bu darajada mukammal o‘rganmagan. So‘nggi yillarda qilingan tadqiqotlarda ham Ziyo Said asariga tayaniladi va undan manba sifatida foydalaniladi.
«Butun xalqni va har turli ijtimoiy guruhlarni, fikrlarni bir joyga yig‘ishtirib, mustahkam mafkuraviy qo‘rg‘on bino qilish kerak edi. Buning uchun yaxshi qurol matbuotdir». Ziyo Said chor mustamlakachilari tomonidan Turkistonda matbuotga asos solinishini ana shunday baholaydi.
U shu zaylda tiyrak ko‘z bilan o‘lkada tashkil etilgan ilk mahalliy tildagi «Turkiston viloyatining gazeti»ni tadqiq qilib, faqat mustamlakachilar manfaati uchun xizmat qilganini ta’kidlaydi. O‘z fikrini isbotlash uchun ko‘plab misollar keltiradi, faktlarni bir-biriga taqqoslaydi. Ayniqsa, 1916 yilgi xalq qo‘zg‘oloni to‘g‘risida ma’lumotlar berilmaganini aytib o‘tadi: «Gazetada Toshkent mehnatkashlarining Olmazordagi harakatlari, Rizobuvining faoliyati (bu xotin Olmazordagi voqeada politsmeyster, podpolkovnik Kolesnikov tomonidan otib o‘ldirilgandi) va, umuman, qonli fojialar to‘g‘risida hech narsa yo‘q. Jizzaxga podpolkovnik Ivanov qo‘l ostida jazo otryadi yuborilganligi yozilgan. Lekin Farg‘ona, Samarqand va boshqa joylarda mingboshi, ellikboshi, oqsoqol va to‘ralarning xalq tomonidan o‘ldirilishi kabi «mayda voqea»lar haqida biron narsa ko‘rinmaydi».
Shu bilan birga Ziyo Said gazeta sahifalarida voqelikni keltirmay, xalqni chalg‘itadigan «mana bunday «katta voqea» yozibdurlarkim...» deya bir xabarni misol qilib keltiradi. «O‘rus gazetalarida bir ajoyib voqea yozibdurlarkim, ushbu kunlarda Maskov guberniyasining mahkumida bo‘lg‘uvchi Maksim otliqning Timofey o‘g‘li Maskov shahriga bir aravaga bo‘r ortib kelib turgan holda qalin qorga ro‘baro‘ kelib, yo‘lni bilmasdan adashibdur».
Bundan tashqari, Ziyo Said o‘lkada 1927 yilgacha chop etilgan barcha gazeta-jurnallar haqida, kimlar tomonidan, qayerda, qachongacha, qanday qog‘ozga bosilib tarqatilgani, muxbirlari, tahririyatning tutgan yo‘li to‘g‘risida ma’lumot keltirib o‘tadi. Mazkur nashrlarda chop etilgan maqolalardan misol keltirgan holda hayot voqeligini qay tarzda haqqoniy yoritgani, yozish uslubi, til-shevasi haqida ham o‘z fikrlarini bildiradi.
Ziyo Saidning ba’zi maqola, hajviya, dramalari zamon o‘zgarishi bilan oldingi mafkuraviy qoliplar ta’risida yaratilgani uchun o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgan bo‘lsa-da, matbuot tarixiga doir asarining umri boqiydir.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi