14:12 / 18.11.2024
24

Eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun qonun qabul qilinishi mumkin

Eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun qonun qabul qilinishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, parlament qo‘mitalari vazirliklar bilan ishlashda ular bilan yaqindan hamkorlik qilishga ahamiyat bersa, ayni muddao bo‘ladi. Eng katta kamchilik – vazirliklar quyi bo‘g‘inda, ayniqsa, tuman va shahar darajasida samarali ish tashkil eta olmayapti. Endi aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish ular uchun bosh vazifa bo‘lishi kerak.

Bundan buyon har bir rahbar va mutasaddi faoliyatiga aynan shu mezon asosida baho beriladi. Prezident deputatlarni vakolatlari doirasida o‘z okruglaridagi tuman va shahar darajasida so‘rov va talabni hech tortinmasdan kuchaytirishga chaqirdi.

Qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning og‘irini yengil qilishga qaratilishi kerakligi ta’kidlandi. Masalan, O‘zbekistonda aholi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu – yangi uy-joylarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima bo‘ladi, degan savollar dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, aholi va keng jamoatchilikning fikrini o‘rganib, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kerakligi ta’kidlandi.

So‘nggi paytlarda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi o‘rtasida nizolar uchrayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarimizning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi.

Prezident tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ajratilayotgan mablag‘lar o‘z egasiga yetib borishini ta’minlash uchun majburiy tibbiy sug‘urta tizimini albatta qonun bilan mustahkamlab qo‘yish vaqti kelganini ta’kidladi. “Xususiy maktab va bog‘cha quraman”, degan investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yanada keng sharoitlarni yaratib berish masalalariga e’tibor berish lozim.

Moliyaviy texnologiyalar, raqamli “market-pleys”lar, “veb-servis”, “bond omborlari” kabi yangi tijorat maydonlari kundalik hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratish juda muhim.

Kelgusi yilda ilk bor elektr energiyasi onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Shu bois, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan bu sohada bozor mexanizmlarini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun qonun qabul qilinishi mumkin