12:26 / 01.12.2024
19

Abdurauf Fitratning qamoqdagi xotini...

Abdurauf Fitratning qamoqdagi xotini...
«Uylanish va uylanmaslik xususida», «Nechta xotinga uylanish mumkin?..», «Uylanmoq zarur bo‘lganda qanday xotinni tanlash lozim?..», «Bo‘lajak er-xotin birinchi navbatda nimalarga ahamiyat bersin?...» Ushbu iqtiboslar Fitratning 1915 yilda chop etilgan «Oila «nomli kitobidan olingan. Jadidchilik harakati namoyandalaridan biri bo‘lgan Abdurauf Fitrat mazkur asarida oilaning jamiyatda tutgan o‘rniga to‘xtalib, bir talay savollarga javob bergan, mavzuni keng izohlab o‘tgan edi...

Savol tug‘iladi: xo‘sh, Fitratning o‘zi kimga uylangan?

1937 yil 22 iyulda to‘ldirilgan «mahbuslik anketasi» da Fitratning 1886 yilda Buxoroda tug‘ilgani, qamoqqa olinguncha Toshkent shahri, Guliston ko‘chasi, 116-uyda yashagani qayd etilgan. Oila tarkibida 25 yoshli xotini Hikmatoy Fitratova, 70 yoshli onasi, yetti yoshli qizi Sevara Fitratovalar borligi yozilgan.

Abdurauf Fitrat chor istibdodi asosida ushlab turilgan, har tomonlama qoloq Buxoro amirligida, g‘oyat nufuzli savdogar Abdurahimboy oilasida tavallud topgan edi. Savdo-sotiq ishlari bilan Qashqar, Eron, Turkiyaga qatnaydigan boyning Abduraufdan boshqa yana Abdurahmon va Mahbuba ismli farzandlari bo‘lgan. Ular orasida to‘ng‘ich o‘g‘li Abdurauf o‘ziga Fitrat taxallusini tanlab, o‘zbek ilm-fani, adabiyotidagi yetuk siymolardan biriga aylandi. Shuningdek, kenja farzand Mahbubaning ham ijodkor bo‘lgani tarixiy manbalarda qayd etilgan.

Millat istiqbolini o‘ylagan, xalqini zulmatdan olib chiqishga bel bog‘lagan Fitrat 1909–1913 yillarda Istanbul universitetida tahsil oldi. U Buxoro jadidlarining taraqqiyparvar sardorlaridan, Buxoro xalq respublikasining noziri, o‘zbeklardan chiqqan ilk professori edi. Fitrat 1937 yili xalq dushmani sifatida qamoqqa olinadi. Bir umr el-yurtini o‘ylagan zot sho‘ro siyosatining nayranglari tufayli dushmanga aylandi.

Fitrat 1937 yil 24 aprel kuni hibsga olingan. Oradan besh oy o‘tib, 22 sentyabr kuni Hikmatoy Fitratovani ham hibsga olishdi. Vaholanki, ular 1936 yilning 29 sentyabrida rasman ajrashgan edilar. Biroq sho‘ro hukumati uchun qachonlardir «xalq dushmani»ning xotini bo‘lgan ayolni ham qamoqqa olish zarur edi. Chunki, u o‘z eri haqida, tanish-bilishlari to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlarni bilishi mumkin edi.

Hikmatoyning qizlik familiyasi Qandova bo‘lib, 1912 yili Buxoroda savdogar oilasida tug‘ilgan. Birinchi eri Nurulloxo‘ja ham badavlat tijoratchilardan edi. Hikmatoy 1932 yili Abdurauf Fitrat bilan turmush qurgan va Toshkentdagi Chakar mavzesida 1936 yilgacha birga yashagan. O‘sha yili 29 sentyabrda esa bizga noma’lum sabablarga ko‘ra ajrashishgan. Bu haqdagi FHDYO qaydi Fitratning pasportiga ham yozilgan edi. Xullas, Fitrat bilan uch yil birga yashagani uchun Hikmatoy qamoqxonada azob-uqubat tortishga, tergovchilarning savoliga javob berishga majbur bo‘ldi.

Hikmatoy hibsga olinganida, unga tegishli oltmish sakkizta uy buyumi, 187 nomdan iborat jihoz va anjom, tilla zirak, uzuklar ham musodara qilindi. Garchi Fitrat va Hikmatoy 1936 yilda ajrashishgan va bu haqdagi FHDYO rasmiy qaydi adib pasportida ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ular Fitrat qamalgan vaqt, ya’ni 1937 yil apreligacha birga, bir uyda yashab kelishgan. Xo‘sh, nima uchun?

Hikmatoy Fitratning 1937 yil 15 oktyabrda tergovchi savollariga bergan javobiga ko‘ra, professor Fitratning eng yaqin do‘sti Fayzulla Xo‘jayev, Mo‘minjon Aminovlar, ular ajrashishmoqchi bo‘lganlarida oraga tushishgan. Ikkala do‘st akasining uyida yashayotgan Hikmatoyni Fitrat bilan yarashtirishgan va ular yana birga yashay boshlashgan.

Hikmatoy qamoqda o‘tirib, tergovchining savollariga javob berarkan, Fitratning aksilinqilobiy faoliyati to‘g‘risida birorta ham faktni aytmagan. To‘g‘risi, u uylariga keladigan Cho‘lpon, Fayzulla Xo‘jayev, Olim Yunusov, Mo‘minjon Aminovlarni shunchaki do‘stlar ziyorati, deb tushunganini bildirgan.

Xullas, u 1937 yil 22 sentyabrda hibsga olinganidan 1938 yilning 30 dekabrigacha qamoq azobini tortdi. 1939 yil kirishiga bir kun qolganida Hikmatoy Toshkentdan chetga chiqmaslik sharti bilan qamoqdan ozod etildi. Bu paytda qaynonasi, ya’ni Fitratning onasi O‘zbekistondan tashqaridagi ijtimoiy ta’minot tizimi uylaridan biriga badarg‘a qilingan edi. Qizlari Sevara esa bolalar uyiga jo‘natilgandi.

Hikmatoy qaytib kelgach, Sevarani olib, Guliston ko‘chasidagi uyiga bordi. Ammo xonadon allaqachon kimgadir sotib yuborilgan ekan. Shu bois ular uy-joysiz darbadar hayot kechira boshlashdi. Fitrat esa 1938 yilning oktyabrida otib tashlangan edi. Xotini va qizi uning taqdiridan bexabar, ijarama-ijara zo‘rg‘a kun ko‘ra boshlashdi...

Oradan yillar o‘tdi. Stalinning o‘limidan so‘ng, ya’ni 1956 yilda Hikmatoy opa erining taqdiriga oydinlik kiritish niyatida oliy sudga murojaat qildi. Oliy sud harbiy kollegiyasi, raisning o‘rinbosari, adliya polkovnigi V.Borisoglebskiy Fitrat xususida ikki nusxada ma’lumot tayyorlab, birini O‘zbekiston IIV boshqarmasiga, ikkinchisini maxsus bo‘lim boshlig‘iga yubordi. Biroq erining taqdirini bilmoqchi bo‘lgan Hikmatoyga ma’lumot berilmadi.

Bundan o‘kingan, umr yo‘ldoshini so‘nggi bor 1937 yilda ko‘rgan Hikmatoy yana tegishli idoralarga murojaat qildi. Nihoyat, oliy sud harbiy kollegiyasi 1957 yilning birinchi avgustida majlis o‘tkazib, Fitrat ishi yuzasidan bosh prokurorning xulosasini ko‘rib chiqdi hamda 4 N-07109157 raqamli ajrim chiqardi. Ajrimda Fitratning «hech qanday jinoyat qilmaganligi aniqlanib», unga nisbatan 1938 yil 5 oktyabrda chiqarilgan hukm «bekor qilinadi» va «ish to‘xtatiladi» deyilgan edi.

Qarangki, ayol erining mash’um taqdiridan 1957 yil 10 noyabrdagina xabardor bo‘ldi. Bu paytda Hikmatoy aya Toshkent shahri, Sobir Rahimov ko‘chasi, 2-berk ko‘cha, 6-uyda istiqomat qilardi.

Moziyning mash’um qora kunlarida Fitrat va uning xotini Hikmatoyning taqdiri ana shunday kechgan edi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdurauf Fitratning qamoqdagi xotini...