
Ijtimoiy tarmoqlarda “Tanqid uchun jarima undirilishi qonuniymi?” degan murojaat keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Murojaatda “Golden House” qurilish kompaniyasi iste’molchilar bilan tuzgan shartnomalarda noqonuniy jarima shartlarini belgilagani haqida so‘z borgan.
Murojaatga ko‘ra, kompaniya bilan tuzilgan shartnomalarda agar mijoz o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, quruvchi to‘langan summaning 10 foizini jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega bo‘lgani aniqlangan. Yana ham e’tiborlisi — agar mijoz qurilish kompaniyasi faoliyatidan norozilik bildirib OAV yoki tegishli idoralarga murojaat qilsa, unga nisbatan yana 10 foizlik jarima qo‘llanishi nazarda tutilgan.
Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida bu holat iste’molchi huquqlarini keskin cheklovchi shart sifatida e’tirof etildi.
“Bunday bandlar O‘zbekiston Respublikasining Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Qonunining 4, 6, 21 va 23-moddalari talablariga zid,” — deyiladi qo‘mita bayonotida.
Natijada “Golden House Property Group” MCHJga qonun buzilishlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi shuningdek, barcha tadbirkorlik sub’yektlariga eslatma berdi — ular raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunlarga qat’iy amal qilishi shart.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 