date

Namanganda noqonuniy dori ishlab chiqarish fosh etildi


Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmatining xabar berishicha, Namangan shahrida noqonuniy dori vositalari ishlab chiqaruvchi yashirin sex faoliyati to‘xtatildi. Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi departament va bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbir davomida biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaradigan korxona sexi tekshirildi.

Biroq, jinoyatchilar qo‘shimchalar o‘rniga soxta dori vositalari ishlab chiqargan. Sexni tintuv qilish jarayonida jami 138 031 quti 9 xil dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar aniqlanib, ularning umumiy qiymati 1,2 milliard so‘mni tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, 1,8 milliard so‘mlik prekursorlar, 3,4 milliard so‘mlik turli flakonlar, qopqoqlar, qutilar va yorliqlar, 5,6 milliard so‘mlik asbob-uskunalar aniqlangan. Tergov davomida jinoyatchilar biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun litsenziya olgani, ammo aslida 9 xil dori vositalarini tayyorlagani aniqlandi.

Xususan, ular “Pikovit” o‘rniga “Pivovit”, “Kanefron” o‘rniga “Kanaseron”, “Espumizan” o‘rniga “Espumetik” va “Nistatin” o‘rniga “Nestitam” nomlari ostida soxta dori vositalarini ishlab chiqarishgan. Tergov natijasida ushbu soxta dori vositalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa hududlarda sotilgani aniqlangan.

Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda noqonuniy dori ishlab chiqarish fosh etildi