237
Gʻayrat Doʻstov qamalishi e'tirozlarga sabab boʻlmoqda: «Amaldorlar bitta uzr bilan qutulayotgan vaqtda...»
Foto: Videodan kadr
Uzoq kutishlardan soʻng navbati etay deganda gaz toʻldirish stantsiyasi yopib qoʻyilganidan norozi boʻlib, yirtilib ketgan poyabzalini koʻrsatgan holda mas'ullarga oʻz noroziligini namoyish etgan fuqaroning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
31 dekabr kuni ma'lum boʻlgan sud hujjatiga koʻra, JIB Bektemir tuman sudining 26 dekabrdagi qarori bilan Doʻstov «mayda bezorilik» sodir qilgan, deb topilib 15 sutkaga qamalgan. Yil oxiridagi ushbu xabar keng jamoatchilik va faollarni norozilik uygʻotmoqda. Bu muammoni emas, balki uni gapirib chiqqan insonni «yoʻqotish» hamda adolatsizlik, deya baholanmoqda.
Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov 2025 yil boshida «inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilamiz», degan shiorga ishonishi hamda fuqaro kafolat ostida olib chiqilishi toʻgʻri boʻlishini yozgan.
«Gʻayrat Doʻstovga kafolat berib olib chiqilishi toʻgʻri boʻladi. Tuman, shahar kengashi deputatlari bor. Mahalla bor. Uyida qaramogʻida bola-chaqasi koʻz tikib oʻtirgandir.
Davlatning Kuch proportsiyasi bor, Mehr proportsiyasi ham. Oʻz kuchiga ishongan davlat mehriniyam ayamaydi».
Bundan tashqari, Otabek Bakirov sovuq kunlar kirib kelishi va yana navbatlar fonida istalgan boshqa oʻzbekistonlik ushbu fuqaroning oʻrnida boʻlishi mumkinligini yozgan. U energetika sohasi uchun mas'ullarni gaz berilmayotgan oʻrinda, etarlicha va jonli axborot berishga chaqirgan.
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev esa ogʻzi shaloq amaldorlar bitta uzr bilan qutulayotgan vaqtda, botinkasi teshik oddiy bir xalq vakili qamab qoʻyilishini adolatdan emas, deya baholagan.
«Agar xalq adolatni his qilsa, juda koʻp muammolarga sabr bilan chiday oladi. Toʻgʻri, muammolardan norozi boʻlib, e'tirozini baralla aytadiganlari ham koʻp boʻlishi tabiiy, chunki xalq bu yaxlit tana emas, 37 million xil insondan tarkib topgan. Ammo gapirib-gapirib, baribir muammolarga sabr qilishda, tishini-tishiga qoʻyib, turmush tashvishlari bilan oʻralashishda davom etaveradi. Axloqsizlikka oʻtmaydi. Dardini aytib, sal engillashishi mumkin, chunki bu jinoyat emas.
Ammo xalq adolatni his qilmasa, har qadamda adolatsizlikni koʻrsa, unda bu yomon. Bunaqada taranglashgan asablar axloq chegarasini kesib oʻtadi, oqibati kafolatlanmagan.
Ogʻzidan shodi kirib, bodi chiqqan hokimlar bitta uzr bilan qutulsa, oʻz vakolati doirasidan chiqib, qonunlarga tupurib qoʻyadigan ayrim mas'ullar oddiy ogohlantirish bilan cheklansayu, lekin uzoq vaqt metanda navbat kutib, endi navbati kelganda «zapravka» yopilib qolganidan figʻoni koʻkka chiqqan, botinkasi teshik oddiy bir xalq vakilini qamab qoʻyishsa, bechora Yangi yil bayramini oila davrasida emas, panjara ortida kutib olsa, bunda xalq adolatsizlik koʻradi. Va bu adolat ham emas, albatta.
Yilni katta xato bilan boshladik. Afsus, ming afsus. Zigʻirchalik foydasi boʻlmagan, ammo xalqning davlatga boʻlgan ishonchi nuqtayi nazaridan juda katta zarar olib keladigan ushbu tashabbus kimdan chiqqani bilmayman. Ammo bu xatoning oʻrnini qoplash uchun juda koʻp ish qilinishi kerakligini aniq bilaman», — deydi huquqshunos.
Sobiq deputat va Ekologiya vazirligi maslahatchisi Rasul Kusherboyev esa holatni tanqidga toqatsizlik bilan javob berilishi belgisi, deb atagan.
«Mana shu ishni bekor qilishibdi. Bu har qanday e'tiroz va tanqidga toqatsizlik bilan javob berilishining belgisi. Shoir aytganidek, «tor koʻngulluk beklar, man-man demang, kenglik qiling!». «Bek«larimiz bagʻrikenglik qilishmabdi», – deydi Kusherboyev.
Jurnalist Muhrim A'zamxoʻjayev ushbu fuqaroni 15 sutkaga qamash bilan Oʻzbekistonning energetika muammolari barham topmasligini eslatgan.
«Shu akani 15 sutkaga qamab qoʻyishibdi, hozir advokatlar bu kishiga koʻngilli ravishda yordam berish uchun yugurib yurgan ekan. Shu akani 15 sutkaga qamash bilan qani endi Oʻzbekiston gaz importchisidan yana gaz eksportchisiga aylanib qolsa, Oʻzbekistonning energetika muammolari barham topsa. Oʻzbekistonliklar energetika muammolarini, umuman, muammolarni gapirmagani bilan muammolar yoʻq boʻlib qolmaydi-ku.
Hozirgi Oʻzbekiston avvalgisidan sal boʻlsa-da yaxshiroq boʻlsa, aynan shu jihati — muammolar aytilgani va keyin ularga echimlar topilgani bilan yaxshiroq boʻlmaganmidi axir? Aka bechora pragaliklardan yil davomida eshitgan har xil gaplarni gapirgan boʻlsa ham mayliga edi», — deydi A'zamxoʻjayev.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning yozishicha, 1 yanvar holatiga Gʻayrat Doʻstov ma'muriy qamoq oʻtaladigan «Panelniy»da emas, Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan.
«Bektemir sudi tomonidan 15 sutkaga qamalgan Gʻayrat Doʻstov soʻroq uchun 27 dekabr kuni Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan. Bugun uning advokati Adham aka bilan Panelniydagi saqlov izolyatoriga bordik. Navbatchining aytishicha, u Toshkent shahar IIBBda saqlanmoqda.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBBning navbatchilik qismi dam olish kuni boʻlgani bois, u bilan uchrashuvimizga ruxsat berishmadi.
Sud tomonidan belgilangan jazoni oʻtayotgan shaxsni nega soʻroqqa olib ketishgani va u erda ushlab turishgani sababini tushuntirishmadi. Hozircha 3 nafar koʻngilli advokatda uni himoya qilishga order bor. Koʻngillilar soni ortmoqda», — deydi huquq faoli. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Oʻzbekistonda mashina oʻgʻirlanishi holatlari ortib bormoqda: haydovchilarga qanday choralar tavsiya etilmoqda?
2025 yilda Ai-80 benzini sotuvi cheklanishi mumkin
Kuniga 10 ming qadam yurganlarni ragʻbatlantirish taklif etilmoqda
Qizlarni ketiga urgan yigit 5 sutkaga qamaldi
Tungi barni reklama qilish uchun qizlarni ketiga urgan yigitga qanday chora koʻrildi?
Toshkentda ona tomonidan kaltaklangan 4 yoshli qizcha vafot etdi
Toʻrtkoʻlda aliment toʻlovchi otadan 7 000 AQSh dollari undirildi
Transport vazirligi: naqd pulda toʻlov qilgan yoʻlovchilar jarimaga tortilishi toʻgʻrisidagi ma'lumotlar asossiz