13:54 / 19.01.2025
580

Ibn Sinoning oʻgʻli boʻlganmi?

Ibn Sinoning oʻgʻli boʻlganmi?
Uning asl ismi Husayn boʻlib, otasi Abdulloh va onasi Sitorabonu 980 yili tavallud topgan farzandiga shu nomni ma'qul koʻrishgandi. Buxoroning Afshona qishlogʻida tugʻilgan bolakay keyinchalik butun dunyoga Ibn Sino nomi bilan mashhur boʻldi...

Xoʻsh, nima sababdan Husayn emas, aynan Ibn Sino?

Tarixdan ma'lumki, arablarda, qolaversa, islomiy oʻlkalarda oʻz nomini oʻgʻlining ismi bilan atash rusumi boʻlib, bu an'anani kunya deyishardi. Ular nazdida kishi ismi oʻgʻlining nomi bilan atalganida, hurmat-izzati bajo keltirilgandek hisoblangan. Shu bois ham oʻsha vaqtda odamlar, odatga koʻra, oʻzini katta oʻgʻlining nomi bilan ataganlar.

Abdulloh Ibn al-Hasan ibn Abu Ali ibn Sino (Husayn)ning 985 yilda tugʻilgan Mahmud ismli ukasi ham bor edi. Demak, Abdullohning Husayn va Mahmud ismli ikki nafar oʻgʻli boʻlgan.

Husayn oʻziga bobosining hurmati, ajdodi yodi sabab Ibn Sino (ya'ni Sinoning oʻgʻli) degan kunyani tanlaydi. Garchi tarixda Husayn ibn Sino nomi bilan koʻproq mashhur boʻlsa-da, oʻsha davrlarda uning ilmi sabab «Hujjat al-haq», «Sharaf al-mulk», «Hakim al-vazir», «Ad-Dastur», «Shayx ur-rais» ham deb ataganlar.

Biroq oddiy odamlar, alloma yashagan Buxoro, Xorazm, Jurjon, Hamadon ahli uni Abu Ali ibn Sino deb nomlashgan. Ya'ni, Sinoning oʻgʻli, Alining otasi deb. Hatto, suyukli shogirdi Abu Ubayd al-Juzjoniy ustozi haqida yozib qoldirgan ma'lumotlarda ulugʻ tabib nomini Abu Ali, aniqrogʻi, Alining otasi deb yozgan. Oʻsha davrdagi ismni atash udumidan, qolaversa, Abu Ali degan oʻz davridagi mashhur nomdan kelib chiqadigan tarixiy mulohaza, taxmin shuki, Husayn – Ibn Sino oila qurgan, oʻgʻil ham koʻrib, farzandi sharafiga oʻziga Abu Ali deya kunya qoʻygan boʻlsa ehtimol?!

Toʻgʻri, ibn Sinoning oʻzi yozgan tarjimai holida va shogirdi Juzjoniy ma'lumotida bu haqda umuman eslab oʻtilmagan. Ularda koʻproq fan, ilm sirlari xususida yozilgan. Hatto, faqat ilm-fan toʻgʻrisidagi tarjimai holida ibn Sino otasi, onasi va ukasining ismlarini ham eslatib oʻtmaydi. Demak, alloma oilasi haqida mutlaqo ma'lumot bermagan. Faqat Juzjoniy «Ali – shifo» asariga yozgan muqaddimada Abu Ali 32 yoshga kirganida unga shogird tutinganini aytib, ibn Sinoning shundan keyingi hayotini yozib oʻtgan. Yozganda ham allomaning oʻtmishini, oilaviy hayotini emas, 32 yoshdan 57 yoshigacha – vafotiga qadar boʻlgan davrdagi 25 yillik ilm sirlari bilan yashagan onlarini umumiy qayd etib oʻtgan. Shunday ekan, Ibn Sino – Husayn 32 yoshigacha uylangan va oʻgʻil farzand koʻrib, ismini Ali deb nomlagan boʻlishi mumkin. Juzjoniy ham ana shu bois uni koʻpincha shunday atagandir ehtimol?!

Tarixchi oʻtmishga oid bitik yozganida, faqat qoʻlyozmalar, tarixiy hujjatlarga suyanib qolmasdan oʻsha davrlardagi rasm-rusum, udumlardan kelib chiqib, mushohada yuritishga va shu asosda taxmin qilishga ham huquqi bor.

Abu Ali ibn Sino yashagan davrdagi udum va Juzjoniy ma'lumotlari, qolaversa, buyuk tabib Husaynni oʻz davrida odamlar Abu Ali deya nomlaganidan kelib chiqadigan shaxsiy mulohaza shuki, Husayn oila qurib, Ali ismli farzand ham koʻrgan boʻlishi mumkin.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat