
2024 yilda qariyb 461,5 ming nafar oʻzbekistonlik Umra amallarini ado etdi. Shu tariqa Oʻzbekiston Saudiya Arabistoniga boruvchi ziyoratchilar soni boʻyicha dunyo miqyosida 10-oʻrinni egalladi. Bu haqda Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasi ma'lum qildi.
Mazkur koʻrsatkich 2023 yil bilan solishtirganda, 10 foizga kamaygan boʻlsa-da, Oʻzbekiston umrachilar soniga koʻra Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni band etdi. Tahlillarga qaraganda, oʻzbekistonlik umrachilar soni mamlakatda yashovchi musulmonlarning 1,4 foizini tashkil etmoqda.
«Yuqoridagi raqamlar oʻzbek xalqining Ikki muqaddas masjid bilan qanchalik chuqur bogʻliqligini aks ettiradi. Bu oʻz navbatida podshohlik hukumati tomonidan Umraning uzluksiz va toʻliqligini ta'minlash yoʻlida xizmatlar, yengilliklarning toʻla-toʻkis tizimini yaratish borasidagi sa'y-harakatlarni koʻrsatib beradi», deyiladi elchixona xabarnomasida.
Qayd etilishicha, «Rahmon mehmonlari», ya'ni ziyoratchiarga yuqori darajadagi xizmatlar koʻrsatilishi borasida podshohlik va Oʻzbekiston hukumatlari oʻz majburiyatlaridan kelib chiqib, shirkatlar belgilanishiga ustuvor masala sifatida qaramoqda.
Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi oʻz ishlarini Oʻzbekistondagi vakolatli tomonlar bilan muvofiqlashtirgan holda amalga oshiradi. Bunda Umra shirkatlari ziyoratchilarga munosib tarzda yashash joylari va naqliyot vositalari kabi xizmatlarni koʻrsatishi qat'iy nazorat qilib boriladi.
Umrachilar safarini yengillashtirish uchun podshohlik texnologik taraqqiyot doirasida raqamlashtish borasida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning eng muhimi «Nusuk» platformasi boʻlib, u umrachilarga osonlik bilan oʻz safarlarini avvaldan tashkillashtirish imkonini beradi. Bu jarayon vizalar olishdan tortib naqliyot va yashash joylariga buyurtma berish, hatto manosiklarni ado etish vaqtlarini belgilashga qadar qamrab oladi. Shu tariqa ibodatlarni uzluksiz va yengillik bilan ado etish kafolatlanadi.
Bundan tashqari, «Haramayn» tezyurar poyezdi Makkai mukarrama va Madinai munavvara orasidagi masofani tez bosib oʻtish, omonlik va rohatda Umra manosiklarini ado etish va Paygʻambarimiz masjidlarini ziyorat qilish imkoniyatini yaratdi.
Haj va Umra manosiklarini ado etishga talab oshib borayotgani uchun Ikki muqaddas masjid hududlarini kengaytirishga qaratilgan ulkan loyihalar amalga oshirildi. Shu doirada tavof va sa'y qilinadigan hududlar yaxshilandi. Infrastruktura, shifoxonalar va salomatlik markazlari kabi yordamchi xizmatlar rivojlantirildi.
Saudiyaning «Nigoh–2030» strategiyasida ham Ikki muqaddas masjidda qulay shart-sharoitlarni takomillashtishga alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan, ekologiyani asraydigan suv va tiklanadigan energiya tizimlari, sun'iy aql texnologiyalari asosida ziyoratchilarning katta guruhlari toʻplanishini boshqarish va qator tillarda (ular orasida oʻzbek tili ham bor) koʻrsatmalarni etkazish tizimi ishga tushirildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar