
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyev boshchiligida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari yuzasidan navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yuqori darajadagi ushbu muzokaralarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning oxirgi hal qilinmagan qismi bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Xususan, davlat chegarasining qolgan uchastkasi bo‘yicha loyiha chizig‘ining o‘tishi to‘g‘risidagi bayonnoma tasdiqlandi hamda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida «Chashma» bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi bitim loyihasining asosiy shartlari kelishildi.
Ikki mamlakat vakillari «Chashma» bulog‘i O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining umumiy tabiiy boyligi ekanini alohida ta’kidlashdi. Ushbu buloqdan O‘zbekiston fuqarolarining to‘liq va hech qanday to‘siqsiz foydalanishiga kelishib olindi. Bunda o‘zbek tomoni buloqning uchdan ikki qismiga ega bo‘ladi va uning suv manbalari hajmi va sifatini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan har qanday ishlarni Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan oldindan kelishishi shartligi qayd etildi.
Uchrashuvda tomonlar do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilgan holda, ikki mamlakat aholisining «Chashma» bulog‘idan to‘laqonli foydalanishiga xalaqit beruvchi har qanday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini o‘z zimmalariga olishdi.
Shuningdek, ikki tomon vakillari qisqa muddat ichida «Chashma» bulog‘idan birgalikda foydalanish bo‘yicha bitimni va davlat chegarasi uchastkasi bo‘yicha shartnomani to‘liq muvofiqlashtirish va imzolash haqida aniq kelishuvga erishdi.
Ushbu bitimlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, aholi hayotidagi muhim masalalarni hal qilishda o‘zaro tushunish va kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda. Bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarning yanada yaxshilanishi, chegaraoldi hududlarda barqarorlik va tinchlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladigan muhim tarixiy voqea bo‘ldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar