date

Ijtimoiy tarmoqdagi to‘g‘ri tanlov odamni yolg‘ondan saqlaydi

Ijtimoiy tarmoqdagi to‘g‘ri tanlov odamni yolg‘ondan saqlaydi
Internetda har kuni duch keladigan yangiliklar oqimi foydalanuvchidan ehtiyotkorlik va tanlovni talab qiladi. Yaqinda Nature Human Behaviour jurnalida chop etilgan tadqiqotda aynan shunday nuqtaga alohida urg‘u berildi. Mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlarda qaysi sahifalarga obuna bo‘lish insonning haqiqiy va yolg‘on xabarlarni ajrata olish qobiliyatiga qanday ta’sir qilishini o‘rganishdi, deb xabar berdi hi-tech.mail.ru.

Tadqiqot Fransiya va Germaniyada o‘tkazildi va unda qariyb 3400 nafar kishi ishtirok etdi. Ishtirokchilar tasodifiy ravishda ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruhga ishonchli, rasman tan olingan axborot manbalarini kuzatish topshirildi. Ular qatoriga France Info, Frankfurter Allgemeine Zeitung kabi jurnalistikada o‘zini namoyon qilgan nashrlar kiradi.

Ikkinchi guruh esa, aksincha, ko‘ngilochar, vaqt o‘ldiruvchi sahifalar – oshxona sirlari, kino yangiliklari va shunga o‘xshash kontentlar bilan cheklandi. Ikki hafta davom etgan tajriba boshida va oxirida ishtirokchilarga dolzarb voqealar haqida savollar berildi hamda bir necha xabarlarning haqiqiy yoki soxta ekanini aniqlash so‘raldi.

Natijalar kutilganidek bo‘ldi. Yaxshi axborot manbalariga obuna bo‘lganlar voqealarni to‘g‘ri tushunib, yangiliklarga real baho berishga o‘rganishdi. Eng muhimi – ular soxta, shov-shuvli, ammo mazmundan xoli xabarlarga kam ishonishdi.

Shu bilan birga, ular ommaviy axborot vositalariga nisbatan ishonchini yanada mustahkamladi. Ajablanarlisi shundaki, ishtirokchilarning katta qismi tajriba tugaganidan so‘ng ham yangiliklarni kuzatishni davom ettirish niyatida ekanini bildirishdi. Lekin bu tajriba ularning siyosiy qarashlariga yoki siyosiy faolligiga ta’sir ko‘rsatmadi.

Olimlar bu xulosani bir necha jihatda qo‘llab-quvvatlashadi. Birinchidan, inson axborot oqimini qanday boshqarishini o‘zi belgilaydi. Ikkinchidan, har kuni Instagram, WhatsApp va boshqa tarmoqlarda o‘rtacha 2 soat 21 daqiqa vaqtini o‘tkazadigan foydalanuvchi uchun bu vaqt juda katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu vaqt insonning kundalik hayotidagi eng faol zehniy faoliyatlaridan biriga aylanishi mumkin.

Mana shunday ilmiy asoslangan tadqiqotlar jamiyat uchun muhim saboq hisoblanadi. Internet foydalanuvchisi kimga ishonishni, nimaga e’tibor qaratishni o‘zi belgilashi kerak. Axborotni to‘g‘ri qabul qilish, feykdan qochish – bu zamonaviy hayotda har bir inson uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmadir.

Xulosa: ijtimoiy tarmoqlar axborot manbai sifatida xavfli emas, agar undan ongli ravishda, to‘g‘ri usulda foydalanilsa. Hayot sifati ko‘pincha nima o‘qiyotganingiz va qaysi manbaga ishonyotganingizga bog‘liq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ijtimoiy tarmoqdagi to‘g‘ri tanlov odamni yolg‘ondan saqlaydi