
Toshkentdagi avtoturargohlar bo'yicha takliflar poytaxt dizayn-kodi loyihasiga kiritildi. Hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Loyihaga ko'ra, qatnov qismi bo'ylab yo'l cheti to'xtash joylariga markaziy hamda chekka hududlardagi, avtomobil oqimi nisbatan past bo'lgan ko'chalarda ruxsat berilishi nazarda tutilmoqda. Bu talab transport-almashuv (peregon) uzellariga ham tatbiq etiladi. Bunda avtoturargoh hududi bilan piyodalar zonasi aniq ajratilishi shart.
Avtomobillar harakati keskin zich bo'lgan ko'chalar, piyodalar ko'chalari va shahar maydonlarida esa avtoturargohlar joylashtirilishiga cheklovlar joriy etilishi ko'zda tutilgan.
Mahallalarda kichik, mahalliy “parkovka cho'ntaklari”ni tashkil etishga ruxsat beriladi. Sovet davri va zamonaviy qurilishlar ustun bo'lgan hududlarda esa markazlashgan, yirik turargohlarni barpo etish tavsiya qilinmoqda.
Bozorlar, madaniyat va dam olish maskanlari yaqinidagi turargohlar ularning hisoblangan tashrif buyuruvchilar sonidan kelib chiqib loyihalanadi. Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun maxsus joylar hamda piyodalar uchun qulay yechimlar majburiy bo'ladi.
Rekreatsion zonalarda avtoturargohlarni hudud tashqarisiga chiqarish taklif qilinmoqda. Shuningdek, ustuvor yo'nalish sifatida “ushlab qoluvchi” (perexvat) turargohlar — haydovchilar avtomobilini qoldirib, jamoat transportiga o'tishi mumkin bo'lgan parkovka zonalarini rivojlantirish ko'zda tutilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.