date

Xitoydan Samarqand orqali yuk koridori ishga tushadi

Xitoydan Samarqand orqali yuk koridori ishga tushadi

Samarqandda O‘zbekiston va Tojikiston transport idoralari navbatdagi muzokaralar raundini yakunladi. Uchrashuv yakunida tomonlar yuk oqimini keskin oshirishga qaratilgan choralarni kelishib oldi. Kun tartibidagi asosiy masala — Xitoy–Tojikiston–O‘zbekiston multimodal yo‘nalishi bo‘yicha sinov yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.

Xalqaro avtomobil qatnovlari bo‘yicha qo‘shma komissiya yig‘ilishi haftaning boshida o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov boshchilik qildi, Tojikiston tomonini esa mas’ul idora rahbari o‘rinbosari Shoista Saidmurodzoda vakillik qildi. Tomonlar ikki davlat tranzit salohiyatidan foydalanishning texnik jihatlarini batafsil muhokama qildi.

Asosiy e’tibor “Jartepa–Sarazm” chegara o‘tish punktining o‘tkazuvchanligiga qaratildi. Hozirgi infratuzilma yuk hajmi oshib borayotgan bir paytda modernizatsiyani talab qilmoqda, ayniqsa Xitoy yo‘nalishini tizimga ulash rejalari fonida bu masala dolzarblashdi.

Uchrashuvda “maydondagi o‘yin” bilan birga hujjatbozlikni ham tezlashtirish masalasi ko‘tarildi. Toshkent va Dushanbe xalqaro avtomobil tashuvlaridagi ruxsatnomalar blanklarini (E-permit) to‘liq elektron formatga o‘tkazish imkonini ko‘rib chiqmoqda. Mutaxassislar buni chegaradagi turib qolish vaqtini qisqartiradigan hamda korrupsiya xavfini kamaytiradigan yechim sifatida baholamoqda.

Shuningdek, ruxsatnoma blanklari bo‘yicha kvotani oshirish ham kun tartibidan o‘rin oldi. Bu esa tomonlar 2026 yilda o‘zaro savdo va yuk aylanmasi o‘sishini kutayotganini anglatadi.

Muzokaralar fonida yaqinda Prezident administratsiyasi ijro apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘limi rahbari hududga tashrifi ham tilga olindi. O‘tgan hafta Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyati Urgut tumanida, Tojikiston chegarasiga tutash hududda barpo etilayotgan savdo-logistika markazi loyihasini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu majmua chegarabo‘yi iqtisodiyotining yangi “tayanch nuqtasi” sifatida ko‘rilmoqda. Loyiha quvvati bo‘yicha terminal bir sutkada 100 tagacha og‘ir yuk avtomobiliga xizmat ko‘rsatishi mumkin, bojxona rasmiylashtiruvi esa tezlashtirilgan tartibda amalga oshirilishi aytilmoqda.

Chegara atrofidagi integratsiya faqat logistika bilan cheklanib qolmaydi. Reja bo‘yicha hududda diagnostik tibbiyot markazi va yirik savdo majmuasi ham ishga tushiriladi: tibbiyot markazi kuniga 150–200 bemorni qabul qilishi, savdo maydoni esa 800 nafar tadbirkor uchun ish o‘rni yaratishi kutilmoqda.

Yangi kompleksning e’tiborga molik jihati — kirish tartibining soddalashtirilishi. Tojikiston fuqarolari O‘zbekiston tomonidagi savdo qatorlari va tibbiy muassasalarga standart pasport nazoratisiz kirishi mumkin bo‘lishi rejalashtirilmoqda, bu esa navbatlar va ortiqcha hujjatlar yukini kamaytirib, chegaraoldi savdosi hamda ijtimoiy aloqalarni faollashtirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida: tojik tomondagi Sarazm manzilgohi Markaziy Osiyodagi eng qadimiy o‘troq manzilgohlardan biri sanaladi (miloddan avvalgi IV–II ming yilliklar) va YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, u qadim metallurgiya markazi va savdo chorrahasi bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘li shakllanishidan ancha avval hududlararo aloqalarni bog‘lab turgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Xitoydan Samarqand orqali yuk koridori ishga tushadi