
Germaniyada USM xoldingi asoschisi Alisher Usmonov atrofidagi huquqiy tortishuvlar uning foydasiga yakun topdi. Myunxen prokuraturasi tadbirkor sanksiyalar rejimini buzgani haqidagi gumonlar bo‘yicha boshlangan tergov to‘xtatilganini rasman ma’lum qildi. Forbes bahosiga ko‘ra boyligi 16,7 mlrd dollarga teng Usmonov vakillari ham bu xabarni tasdiqladi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Ish Germaniya Jinoyat-protsessual kodeksining 153a-paragrafi asosida yopildi. Mazkur norma aybni tan olishni talab qilmagan holda, ma’lum majburiyatlar bajarilganda ta’qibni to‘xtatish imkonini beradi. Usmonov bu holatda xayriya maqsadlariga ixtiyoriy moliyaviy badal yo‘naltirishni tanladi. Himoya tomoni ta’kidlashicha, bunday qaror ayni epizodlar bo‘yicha ishni qayta ochish ehtimolini istisno qiladi va tadbirkor aybsizlik prezumpsiyasi doirasida qoladi.
Prokuratura versiyasiga ko‘ra, 2022 yil bahoridan kuziga qadar Usmonov xorijiy yuridik tuzilmalar orqali Bavariyadagi Rottax-Egern hududidagi ko‘chmas mulk obyektlarini qo‘riqlash xizmatlari xarajatlarini moliyalashtirgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari aktivlarni Germaniyaning Iqtisodiyot va eksport nazorati federal idorasi (BAFA)da deklaratsiya qilishdan yashirish ehtimolini ham tekshirgan. Bu epizodlar joriy yilda bitta ishga birlashtirilgan, biroq advokatlar Usmonovning tilga olingan kompaniya va aktivlarga aloqasi yo‘qligini isbotlab, YI sanksiyalarini qo‘llash huquqiy asosga ega emasligini ilgari surdi.
Bu — Usmonov himoyasi uchun Germaniyada qayd etilgan navbatdagi yirik natija. Avvalroq, 2024 yil noyabrida Frankfurt-na-Mayne bosh prokuraturasi pul yuvish gumoni bo‘yicha ishni ham yopgan edi. O‘sha jarayonda 500 mln yevrodan ortiq soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash haqidagi shubhalar ko‘rib chiqilgan, himoya esa Usmonov 2014 yildan beri Rossiya soliq rezidenti ekani va barcha majburiyatlarni Rossiya byudjeti oldida bajarayotganini ko‘rsatgan. Ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish bo‘yicha xalqaro kelishuvlar doirasida bu holat Germaniya byudjetiga xuddi shunday to‘lovlar talab qilinmasligini anglatgani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov 2022 yil fevralida Yevropa Ittifoqining sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan. U bu qarorni bir necha bor asossiz va biryoqlama deb baholab, mulk huquqi hamda shaxsiy hayotni himoya qilish kabi tamoyillar buzilganini ta’kidlab keladi. YI sud instansiyalari avvalroq uning da’volarini qanoatlantirmagan bo‘lsa-da, tadbirkor o‘z reputatsiyasini himoya qilishni G‘arb OAVlariga qarshi sud da’volari orqali faol davom ettirdi.
Xususan, 2024 yil boshida Gamburg sudi Forbes bilan nizoda da’vogarning foydasiga qaror chiqargan va Usmonov go‘yoki Rossiya rahbariyati manfaatida harakat qilgani haqidagi da’volarni yolg‘on deb topgan. 2025 yil fevralida esa xuddi shunday qaror Berlinning Tagesspiegel gazetasi bo‘yicha ham qabul qilindi — sud YI amaldorlari tomonidan cheklovlarga rasmiy sabab sifatida ishlatilgan tezislarni tarqatishni taqiqladi.
Germaniyada ish yopilgan 153a-paragraf amaliyotda ko‘pincha “oltin ko‘prik” deb ataladi: davlat uzoq va qimmat tergovni jamoatchilik manfaatini muayyan to‘lov bilan qoplash orqali yakunlashi mumkin, buning ortidan esa shaxs huquqiy jihatdan “aybdor” maqomini olmaydi — chunki bu ayblov hukmi hisoblanmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.