Qarshida to‘rtta yo‘nalishga 43 ta yangi avtobus chiqarildi

Qarshi shahriga xususiy tadbirkorlar tomonidan 3,3 mln dollar evaziga xarid qilingan 43 ta yangi avtobus olib kelindi. Bitimni amalga oshirish uchun biznes vakillari investitsiyalar hamda bank kreditlarini jalb qilgan. Avtopark 37 ta Yutong va 6 ta Asiastar rusumli avtobus bilan to‘ldirildi, deya ma’lum qildi Qarshi hokimiyati matbuot xizmati.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi avtobuslar shahar bosh transport rejasiga muvofiq to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha taqsimlandi. Yangi texnika ishga tushirilishi ortidan brutto-shartnomalar tizimida ishlayotgan yo‘nalishlar soni 12 taga yetdi, ulardagi avtobuslar umumiy soni esa 139 tani tashkil etdi. Tarmoqning o‘tkazuvchanligi kuniga 150 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Avtobuslar konditsioner va isitish tizimlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan uskunalar, elektron to‘lov tizimi hamda ovozli e’lon modullari bilan jihozlangan. Hokimiyatda qayd etilishicha, joriy yil davomida tadbirkorlar Xitoydan yana 100 ta avtobus xarid qilishni rejalashtirmoqda. Ushbu texnika qo‘shimcha to‘qqizta yo‘nalishga chiqarilib, ular ham brutto-shartnomalar tizimiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, 2026 yil oxirigacha Qarshi jamoat transporti parki Xitoyda ishlab chiqarilgan yana 100 ta avtobus bilan kengaytirilishi ham rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!