O‘zbekistonda 4000 yil avval bosh suyagida operatsiya qilingan bola topildi

Surxondaryo viloyatidagi qadimiy Jarqo‘ton manzilgohida olib borilgan qazishmalar davomida noyob arxeologik topilma aniqlandi. Italiyalik va o‘zbekistonlik olimlar taxminan 4000 yil avval yashagan bolaga tegishli bosh suyagida jarrohlik amaliyoti izlarini topdi.
Italiya Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, qabr ichidan ikki nafar bolaga tegishli qoldiqlar aniqlangan. Ulardan birining bosh suyagida trepanatsiya, ya’ni bosh suyagida maxsus teshik ochish bilan bog‘liq qadimiy jarrohlik amaliyoti izlari qayd etilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu Markaziy Osiyo hududida hozirgacha hujjatlashtirilgan eng qadimgi trepanatsiya holati bo‘lishi mumkin. Topilma Salento universiteti professori Enriko Askalone va Termiz davlat universiteti professori Alisher Shaydullayev boshchiligidagi Italiya–O‘zbekiston arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilgan.
Qabrda taxminan uch va besh yoshli ikki bola birga dafn etilgani aniqlangan. Olimlar qabrning yoshi qariyb 4000 yil ekanini ta’kidlashmoqda.
Tadqiqotchilar bu operatsiya nima maqsadda amalga oshirilganini hozircha aniq ayta olmayapti. U davolash, og‘riqni kamaytirish yoki marosimiy maqsadlarda bajarilgan bo‘lishi mumkin. Keyingi ilmiy tadqiqotlar ushbu sirga oydinlik kiritishi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…