“Zumrad va Qimmat” sahna talqinida namoyish etildi

“Zumrad va Qimmat” ertagi yana bir bor sahnada jonlandi. “Parizod” raqs maktabi tomonidan Kasaba uyushmalari saroyida 2 iyun kuni namoyish etilgan sahna asari tomoshabinlarga unutilmas taassurot ulashdi.
Mazkur konsertda milliy raqslar, teatr elementlari hamda zamonaviy sahna yechimlari uyg‘unlashib, o‘ziga xos badiiy muhit yaratildi. Iqtidorli raqqosalar tomonidan ijro etilgan chiqishlar, rang-barang sahna bezaklari va obrazlar uyg‘unligi mehmonlar tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi.
Sahna asarida bosh rollarni mahoratli ijodkorlar gavdalantirdi. Xususan, Qimmatning onasi obrazini Xosiyat Xusanova, Zumradning otasi rolini Bahodir Nishonov ijro etdi. Shuningdek, Qimmat obrazini Sa’diya Safarova, Zumrad rolini esa E’zoza Safarova mahorat bilan sahnaga olib chiqdi.
Ayniqsa, ertak qahramonlarining sahnadagi talqini, musiqa va raqs orqali yetkazilgan hissiyotlar tomoshabinlarni befarq qoldirmadi. Konsertning birinchi kuni yakunlangan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tomoshabinlar o‘z taassurotlarini faol tarzda ulashib, iliq fikr va e’tiroflar bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu sahna dasturi 2 kun davom etadi — 2 va 3 iyun kunlari tomoshabinlar uchun namoyish etiladi.





























Izohlar 0
…