Toshkentda avtobus va BYD ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Toshkent shahrining Mirobod tumanida 2 iyun kuni yo‘lovchi avtobusi hamda yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» axborot xizmati ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, voqea soat 15:28 lar atrofida Nukus va Taras Shevchenko ko‘chalari chorrahasida yuz bergan. 16-sonli yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan Yutong rusumli avtobus Taras Shevchenko ko‘chasiga chap tomonga burilayotgan vaqtda qarshi yo‘nalishdan kelayotgan BYD avtomobili bilan to‘qnashib ketgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yengil avtomobil haydovchisi chorrahadagi svetoforning harakatni taqiqlovchi qizil signaliga amal qilmasdan harakatlangani oqibatida mazkur avariya sodir bo‘lgan.
Hodisa natijasida har ikki haydovchi tez tibbiy yordam xodimlari kuzatuvida Respublika 1-sonli klinik shifoxonasiga yetkazilgan. Yo‘l-transport hodisasi poytaxt IIBB YHXB xodimlari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning dastlabki uch oyi davomida O‘zbekistonda qayd etilgan yo‘l-transport hodisalarining 31,4 foizi inson o‘limi bilan yakunlangan. Hisobot davri mobaynida respublika bo‘yicha jami 1 102 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 346 tasi fojiali oqibat — o‘lim bilan tugagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!