Cyera kiberxavfsizlik startapi 12 milliard dollarlik bahoga yaqinlashmoqda

Maʼlumotlarni saqlash xavfsizligi bilan shugʻullanuvchi Cyera kompaniyasi Evolution Equity Partners boshchiligidagi yangi investitsiya bosqichini yakunlamoqda. Toʻrt nafar ishonchli manbaga koʻra, kompaniya kamida 300 million dollar investitsiya jalb qilib, oʻz qiymatini 12 milliard dollarga yetkazishi kutilmoqda. Bu bitim Cyera kompaniyasini bozorning eng qimmat kiberxavfsizlik startaplaridan biriga aylantiradi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hozirda Cyera kompaniyasining yillik takrorlanuvchi daromadi (ARR) 150 million dollardan oshgan boʻlsa-da, kompaniya hali foydaga kirgani yoʻq. Yangi investitsiya kelishuvi kompaniyani uning yillik daromadidan 80 baravar yuqori baholamoqda. Bunday yuqori koʻrsatkich hatto eng tez rivojlanayotgan AI startaplari uchun ham kamdan-kam uchraydigan holat hisoblanadi.
Manbalarning taʼkidlashicha, Cyera hozirda daromadidan koʻra koʻproq mablagʻ sarflamoqda. Xarajatlarning asosiy qismi savdo boʻlimi xodimlarini yollashga yoʻnaltirilgan boʻlib, Pitchbook maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning oʻzida kompaniya 500 ta yangi ish oʻrni yaratgan. Biroq, Cyera vakillari keltirilgan moliyaviy raqamlar haqiqatdan yiroq ekanini aytib, izoh berishdan bosh tortishdi.
2021-yilda asos solingan Cyera yirik korxonalarga oʻz maʼlumotlarini sunʼiy intellekt (AI) orqali amalga oshiriladigan kiberhujumlardan himoya qilishda yordam beradi. Kompaniya mijozlari orasida Fortune 500 roʻyxatidagi korxonalarning beshdan bir qismi mavjud. Soʻnggi oylarda startap oʻz kapitalini nafaqat operatsion xarajatlarni qoplashga, balki Ryft va Genie Security kabi boshqa kiberxavfsizlik startaplarini sotib olishga ham sarfladi.





























Izohlar 0
…