Kripto-PAC’lar Merilenddagi saylov poygasiga 3 million dollar yoʻnaltirdi

AQSHning Kaliforniya, Ayova, Montana, Nyu-Jersi, Nyu-Meksiko va Janubiy Dakota shtatlarida Kongressga praymeriz saylovlari boʻlib oʻtayotgan bir paytda, kriptovalyuta sanoati asosiy eʼtiborini Merilenddagi saylovlarga qaratmoqda. Federal saylov komissiyasi (FEC) maʼlumotlariga koʻra, Coinbase va Ripple tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan Fairshake PAC shoʻba korxonasi boʻlgan Protect Progress Kaliforniya va Nyu-Jersidagi demokrat nomzodlarni qoʻllab-quvvatlash uchun qariyb 3 million dollar sarflagan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Shuningdek, yana bir shoʻba tuzilma — Defend American Jobs Janubiy Dakotada respublikachi senator Mike Rounds’ning qayta saylanishi uchun 411 ming dollardan ortiq mablagʻ ajratdi. Kripto-PAC’lar nafaqat joriy saylovlarda, balki iyun oyi oxirida Merilend shtatida boʻlib oʻtadigan praymerizlarda ham faol ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Xususan, Merilendning 5-okrugida demokrat Adrian Boafo kampaniyasi uchun 3,1 million dollardan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Bugungi Kaliforniya poygalari kriptovalyuta sanoatining AQSH saylovlariga taʼsirini yana bir bor sinovdan oʻtkazadi. Oʻtgan haftada Texasda Fairshake va boshqa PAC’lar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan nomzodlar gʻalaba qozongan edi. Fairshake yanvar holatiga koʻra 193 million dollardan ortiq budjetga ega ekanligini maʼlum qilgan. Shuningdek, Cantor Fitzgerald va Anchorage Digital kabi kompaniyalar tomonidan moliyalashtiriladigan Fellowship hamda Blockchain Leadership Fund kabi tuzilmalar ham siyosiy maydonda faollashgan.
Fairshake oʻzini “kriptoga qarshi” deb hisoblagan qonun chiqaruvchilarni, jumladan, stabilkoinlar va raqamli aktivlar bozoriga oid qonun loyihalariga qarshi ovoz bergan Al Green kabi vakillarni siyosatdan chetlatish niyatini yashirmayapti. Texaslik ushbu qonun chiqaruvchi Protect Progress uning raqibini qoʻllab-quvvatlash uchun 5 million dollar sarflaganidan soʻng praymerizda magʻlub boʻldi.
Ayni paytda AQSH Senatida Digital Asset Market Clarity (CLARITY) Act qonun loyihasi koʻrib chiqilmoqda. Senator Lummisning taʼkidlashicha, agar ushbu qonun qabul qilinmasa, yangi moliyaviy davr qoidalarini Xitoy belgilashi mumkin. Hozirda qonun loyihasining ikki xil versiyasi birlashtirilishi va ovozga qoʻyilishi kutilmoqda.


























Izohlar 0
…