23:26 / 12.05.2017
12 926

Gollandiyadagi 101 o‘zbek nega o‘ldirilgan? Sichqon va po‘choq eyishga majbur bo‘lgan, tajriba uchun boshlari kesib olingan o‘zbeklarning aybi nima edi?

Gollandiyadagi 101 o‘zbek nega o‘ldirilgan? Sichqon va po‘choq eyishga majbur bo‘lgan, tajriba uchun boshlari kesib olingan o‘zbeklarning aybi nima edi?
Gollandiyaning Utrext shahri yaqinidagi Amersfort kasabasida gollandlar har yili sham yoqib, marhumlarning haqiga duolar qilishadi.
Xo‘sh, qaysi marhumlar? 101 ta o‘zbek askari nega o‘ldirilgandi?
…1942 yil. Ular Markaziy Osiyoda uylarini tark etib, fashistlarga qarshi kurashish maqsadida u yoqlarga borib qolgandi.
Keyinchalik ular asirga tushishdi. Ularni Gollandiyadagi konslagerga olib borishdi.
Agar bitta gollandiyalik jurnalist bo‘lmaganida, balki bu voqea butkul unutilib ketarmidi…
Gap Remko Reyding haqida ketyapti.
Remko Reyding ismli Rossiyada ishlaydigan golland jurnalisti bundan o‘n sakkiz yil muqaddam ona yurtiga qaytib keldi. Keyinchalik, balki senga qiziqdir, deya do‘stlari unga shaharlariga yaqin joyda urushdan qolgan Sovet qabristoni borligini aytib qolishdi. Reyding esa o‘rganishga kirishdi.
“Dastlab bunga ishonmadim, chunki shu paytgacha bu haqida eshitmagandim. Ammo qiziqish ustun kelib, hujjatlarni o‘rgana boshladim. Arxivlarni ochdim, guvohlarni izlashga tushdim” – deydi Reyding . – Taxminlar juda ko‘p. Ammo men bularni “Isbot” degan bo‘lardim. Xullas, gap bunday. 966 ta sovet askari asir sifatida Germaniyaning turli joylaridan Gollandiyaga olib kelinadi. Amersfortda o‘ldirilgan 101 ta askar esa o‘zbeklar bo‘lgan. Ular fashistlarning Sovet Ittifoqini ishg‘ol etgan dastlabki haftalarda Smolensk yaqinida asir olinganlar. Keyinchalik Germaniyaga, so‘ng boshqalarga qo‘shib, Gollandiyadagi lagerlarga jo‘natilgan. Fashistlar fashizm g‘oyalariga qarshi chiqqan, ammo o‘zlarini oliy irq deb biladigan Osiyoliklarni gollandlarga ko‘rsatib, gij-gijlab, “Aslida ular mana bunaqa” deb ko‘rsatmoqchi bo‘lishgan. Ya’ni qanaqa? Kir-chir, qotmadan kelgan, ozg‘in, eski-tuski kiyib olgan, sog‘lig‘i chala… Ularni “untermenschen – quyi tabaqa vakillari”, deb atashgan. Ular umid qilishgandiki, gollandlar ularni ko‘rib, fikrlarini o‘zgartirishsin, Sovet ittifoqidan ajralib, olmonlarga qo‘shilishsin.

Aslida-chi?
Aslida esa ularni fashistlarning o‘zlari shu ko‘yga solishgan edi. Gollandlar fashistlarga ishonmadi.
Gollandlar ham aynan Amersfort konslagerida edilar. Ulardan bittasi hozirda 91 yoshga kirgan Genk Broekxuzen. U shunday xotirlaydi:
“Ko‘zlarimni yumushim bilan o‘zbeklar ko‘z oldimga kelaveradi. Eski-tuski kiyib olgan. Azob-uqubatlar natijasini ko‘rsatgan. Oyoqlariga parcha bog‘lashgan. Buni ular paytava deyisharkan. Ularga poyabzal ham berilmagandi.

Ularni ajratib bo‘lmasdi. Bilasizmi, oralarida kuchdan qolgan, yurishga majoli yo‘qlar bor edi. Ammo hecham qiynalishmasdi. Sababi, ular hamisha bir-birlarini suyab, kerak bo‘lsa opichlab yurishardi. Bizning ularga mehrimiz oshsa oshardiki, ammo hech o‘zimizni olib qochmasdik. Fashistlar bizlarni ularga qarshi qayray olishmadi. Har qanday rejalari ham amalga oshmay qolaverdi. Biz ularga suv va nonni yashirincha beraverardik. Chunki ularga osh-ovqat berilmas, himoyalangan joyda saqlashardi.
Ularning ba’zilari ko‘z va qo‘l ishoralari bilangina och ekanini bildira oladigan holatga tushib qolgandilar. Eng yomoni esa, ular ochlikdan kartoshka po‘chog‘ini egudek bo‘lishsa, fashistlar xuddi cho‘chqa go‘shti egandek urishardi.
Bir kuni kutilmagan voqea sodir bo‘ldi. Buni unutib bo‘lmaydi. Olmon film ekipaji ovqat ustida hech narsadan toymaydigan, insonga o‘xshash mahluqlar mavzusida film olishni rejalashtiradi. Ular bu filmdan o‘zlarining tadbiq ishlarida foydalanmoqchi bo‘lganlar. Shuning uchun o‘zbek asirlariga uch kun ushoqchalik ham non berilmadi. 72 soat och qo‘yishdi. Uch kundan so‘ng ularning yoniga kelib, bittagina nonni oldilariga tashlashdi. Hamma asirlar taajjubda edi. Fashistlar bo‘lsa, ularning ovqat ustida bir-birlarini qanday eyishlarini ko‘rmoqchi edilar. Ammo bu gal ham ularning ko‘zlagani bo‘lmadi. Shunda mahbuslardan biri ohista o‘rnidan turib, nonni qo‘liga oldi, peshonasiga surtdi. Keyin esa…
Keyin maydagina qoshiqcha bilan uni o‘yib ola boshladi. Dastlab hech narsani tushunmadik. Ammo keyin bildikki, u nonni qo‘li bilan ushatsa, hajmi har xil bo‘lib qolishini o‘ylagan. Shuning uchun qoshiqcha bilan, baravar bo‘la boshladi. Hamma bo‘laklarni bitta qilib, barcha mahbuslarga ulasha boshladi. Bunaqasini hali ko‘rmagan edik. Fashistlar chunonam g‘azablanishdiki…

Ochlikdan o‘lmaslik uchun sichqon eyishga majbur bo‘lishgan
Reydingning fikricha, 101 askar aynan o‘zbeklar. To‘g‘ri, millati qozoq, qirg‘iz va boshqirdlar ham bor, ammo bari O‘zbekistonlik, aksariyati Samarqanddan bo‘lgan. Jurnalistning ushbu farazlarini esa, o‘sha paytda rus tilini biladigan SS zobitining mahbuslar bilan bo‘lgan muloqoti ham isbotlashi mumkin.

Bundan tashqari Gouda yaqinida yashagan o‘zbek tarixchisi Bahodir Uzoqov ham shunday fikrda.
“Lagerda o‘zbeklarga boshqa mahbuslarga qaraganda juda oz emak berilardi. Ochlikdan o‘lmaslik uchun ularning ayrimlari sichqon eyishga ham majbur bo‘lgan. Boshqa mahbuslar ularga yordam berolmasdi. Chunki, kimdir ko‘maklashishni istasa, jazo tariqasida butun lagerdagi hamma asirlar och qolardi”, deydi Bahodir Uzoqov.

Tajriba uchun boshlarini kesib olishgan
Arxivlardan to‘plangan lager nazoratchilarning e’tiroflari va hamon tirik yurgan sobiq asirlarning xotiralari jamlanib, 2015 yilda kitob chop etildi. To‘plovchi Remko Reyding . Unda aytilishicha, o‘zbeklarni tez-tez jazolashar, temir, tuproq va tosh tashish kabi og‘ir ishlarda ishlatishgan.

Reydingning topgan eng dahshatli hikoyalardan biri fashistlarga sotilgan shifokor bilan bog‘liq. Konslager shifokori Nikolas Van Nyuvenxyuzen ismli golland shifokori o‘lgan ikkita o‘zbekning boshini kesdirib, kalla suyaklari tozalangunga qadar qaynattirib, so‘ng ularni ish xonasida tajriba uchun saqlagan ekan.

Tiriklarining hammasi otib tashlangan

101 ta asirning 24 tasi qishdan omon chiqmagan. Qolgan 77 nafarini esa Fransiyaning janubiga olib ketishlarini aytishadi. Biroq lagerdan chiqarilgach, ovloqroq joyga o‘tib, otib tashlashadi.
Qolgan manbalar 1945 yilda fashistlar tomonidan yo‘q qilingan.
Lagerda asirda bo‘lgan gollandiyalik bitta mahbus tomonidan chizilgan 9 ta porttretdan faqat ikkitaginasida “Hotam Qodirov” va “Zoyir Murodov” ismlari yozilgandi.


“Zich qoshlar, chuqur ko‘zlar, istarali chehralar – bular o‘zbeklar. Bizda bu xususiyatlar go‘zallikning ifodasi” – deydi Reyding bitta suhbatida. — O‘zbek arxivlarida ularning ismlarini topish mumkindir, ehtimol. Hujjatlarni O‘zbekistondan topsa bo‘ladi. Agar ruxsat bo‘lsa, 101 ta o‘zbekning ba’zilarini bo‘lsa-da, topa olaman”.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gollandiyadagi 101 o‘zbek nega o‘ldirilgan? Sichqon va po‘choq eyishga majbur bo‘lgan, tajriba uchun boshlari kesib olingan o‘zbeklarning aybi nima edi?