6 055
Maxsus intervyu: Rossiyadagi o‘zbek migrantlari, til bilmaslik, o‘z-o‘zini talash, to‘lovlar...
Ma’lumki, ayni kunlarda migrantlar masalasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda dolzarb ahamiyat kasb etgan. Shu nuqtai nazardan fuqarolarda kelib chiqayotgan savollar ham talaygina. Misol uchun migrantlarga yuridik xizmat ko‘rsatish qay darajada? KUN.UZ tahririyati Moskva shahrida “LeksMobayl” yuridik firmasiga asos solib, mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatib kelayotgan Botirjon Shermatov bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida migrantlarga yuridik xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammo va yechimlar haqida so‘z yuritildi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, 2015 yili “LeksMobayl” yuridik firmasi tomonidan “MIGRANT” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi migratsiya jarayoni
Albatta, migratsiya mavzusi maqtanadigan narsa emas. Bu katta ijtimoiy muammo. Lekin bugungi kunda hammada har xil rivojlanish bo‘lmoqda. Barchaning o‘ziga yarasha sabablari bor. Hech kim bekordan bekorga vatanini tashlab chiqib ketmaydi. Migrantlarning muammosini uchga bo‘lgan bo‘lardim. Birinchisi – qabul qilayotgan davlatdagi qonunchilik bilan bog‘liq muammolar. Ikkinchisi – migrantlarning borishga tayyor emasligiga aloqador. Uchinchisi esa – davlat tashkilotlarining yetarli darajada ishlamasligi bilan bog‘liq muammolar.
Albatta, bularni hal qilishga harakat qilsa bo‘ladi. Xursand qiladigan jihati, so‘nggi vaqtlarda bu muammolar ochiq-oydin gapirilmoqda. Davlatimiz tomonidan migrantlarga nisbatan munosabat ancha o‘zgardi. Prezidentimiz joriy yilning aprel oyida Moskva shahriga borganlaridan so‘ng, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ishga tashkiliy jalb qilib to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Bu bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Rossiya haqida
Rossiyada qonun qabul qilingan paytda, uni qabul qilganlar qancha migrant borligini hisobga olishmaydi. Vaholanki, u yerda 10 milliondan ortiq migrant bor. Hozir Rossiyada O‘zbekistonning 1 million 700 mingdan oshiq fuqarosi bor, deb rasmiy aytilayapti. Mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq harakatlar esa hali yetarli emas. Chunki u yerdagi odamlarning soni juda ko‘p. Albatta, O‘zbekistondan hozir ishchilarni olib borish bo‘yicha tashkiliy ishlar boshlandi. Biroq u yerda bizning hujjati qo‘lida bo‘lgan, ammo ish bilan ta’minlanmagan fuqarolar ham bor. Shunga e’tibor berishga intilish kerak. Har kuni migratsiya markazlaridan minglab insonlar o‘sha ruxsat beruvchi hujjat bilan chiqadi, lekin yaxshi ishlar yo‘q. Qayerga borib, kimning qo‘liga tushishi noma’lum. Shu sababdan bu yerda ishlab yurgan, hujjati tayyor fuqarolarimizni ish bilan ta’minlash bo‘yicha shug‘ullanishsa ham yaxshi bo‘lardi. Bundan tashqari, elchixonamizning konsullik bo‘limi bilan bog‘liq bir qancha muammolar bor. Masalan, elchixonaning saytidagi ma’lumotlarning yetarli emasligi, ba’zi bir muammoli mavzular yuzasidan vaqtida, tezkorlik bilan xabar berilmasligi shular jumlasidan. Eski pasportlar bilan bog‘liq masalada ham ko‘plab savollar kelib tushgandi.
Migrant muammolari
Bunday muammolar turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, taqiqlar, hujjatlar bilan bog‘liq masalalar bor. Har bir hujjatning ishlab chiqish jarayoni yoki amaliyotda bo‘lishida muammolar ko‘p – patent, to‘lov va hokazo. Patent to‘lovida uning to‘lov muddati oldindan to‘langan avans, soliq bilan belgilanadi. Necha oyga oldindan to‘lasangiz, shu vaqtga patent muddati ham hisoblanadi. Lekin, bir kun kechikib to‘lasangiz ham patent muddati tugagan sanaladi. Albatta, buni to‘lash har qanday odamning yodidan ko‘tarilishi mumkin. Bir kun o‘tib qolsa ham patent muddati tugagan, siz chetga chiqib, qayta kelib, boshqatdan hujjatlarni tayyorlashingizga to‘g‘ri keladi. Buning muddati bir-ikki kun o‘tgan bo‘lsa, shuning ustiga jarima to‘lab qilsa bo‘ladi. Bunday narsalar ko‘zda tutilmagan. Bu ham muammolardan biri.
Huquqshunos Rossiyaga kirishga qo‘yilgan taqiq va uni olib tashlash yo‘llari haqida ham to‘xtalib o‘tgandi.
Salbiy munosabat haqida
Men Rossiya poytaxti Moskva shahrida 12 yildan beri yashamoqdaman. Umuman olganda, migrantlarimizning asosiy qismi o‘rtacha, yaxshi, halol mehnat qilib kelayapti. Bu - salbiy munosabat - oxirgi paytlarda ham Rossiya, ham o‘zimiznikilar tomonidan qilingan tashviqot natijasi, deb o‘ylayman. Oxirgi yillarda ko‘rdikki, qandaydir klip, kino olinsa, migratsiyani yomonlab, salbiy ma’noda tasvirlash ko‘zga tashlandi. Lekin hayotning o‘zi bu narsalarning noto‘g‘riligini ko‘rsatib turibdi-ku. Agarda, shunday xorlik-zorlik, o‘sha kadrlarda ko‘rsatilgan manzara bo‘lsa, nega unda 1 mln 700 ming fuqaromiz qaytib kelmayapti? Demak, u yerda bo‘rttirib ko‘rsatilgan hayot emas. Hayot hammada har xil. Kimdir yaxshi joyda, kimdir sal bundayroq yerda ishlayapti. Men bir gapni boshqacharoq aytaman: “Migrantning o‘zi yomon, yuborgan puli yaxshi”. Migrantning uyidan chiqib, Rossiyaga ketishi va uyga qaytib kelguncha yo‘lda ham undan juda ko‘p odamlar foydalanadi, uning pulini oladi, kerak bo‘lsa aldaydi, talaydi. Lekin, migrant eson-omon kelmoqda, ota-onasiga pul jo‘nayapti, ishlayapti. Shuning uchun bu narsani to‘xtatish kerak. Hamma har xil sabab, ehtiyoj tufayli borib ishlayapti.
O‘zbek migrantlari
Bir ayanchli holat bor. Balki men adashayotgandirman, biroq boshqa xalqlarga nisbatan biznikilarda o‘zimiznikilarni aldash ko‘p. Ko‘p quloqqa chalinayotgan pasportni olib qo‘yish holatlarini uncha ko‘p, deb bo‘lmaydi. Aslida chetga chiqayotgan odam shunga tayyormi, degan savolga javob berish kerak. 17 yoshdagi bolalarni ko‘ramiz. Rus tilini bilmaydi. Birinchi masala - uning mahalliy aholi tilini bilmasligi bilan bog‘liq. Ikkinchisi, kasbi bormi o‘zi bu bolani, degan savol kelib chiqadi. Juda ko‘p borgan bolalar yollanma ishchi bo‘lib ishlaydi, qo‘lida hali hech qanday kasbi yo‘q, buning ustiga tilni bilmaydi. Nima bo‘lmoqda? Ular qandaydir tanishining oldiga boradi, u yerdagi brigadalarning bir rahbari bo‘ladi. Qurilish firmasining rahbari o‘sha odam bilan gaplashadi. Ular bilan gaplashmaydi, chunki tilni bilmaydi. Albatta, u pulni ham o‘sha odamga beradi. Ko‘p muammolar shuning orqasidan kelib chiqadi. Agar ketayotgan migrant tilni bilsa, o‘zining kasbi bo‘lsa, bemalol o‘zi borib, ish topadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzadi. Hozirda bizdan Rossiyaga, asosan, chekka-chekka qishloqlardan borishmoqda. U odamlarimiz hattoki o‘zimizni shaharlarimizda ham bo‘lmagan.
Rossiya ishlamoqchi bo‘lganlarga maslahat
Birinchi navbatda, borishdan avval shu yerdan turib ish topish kerak. U yerda hujjat tayyorlashga ham bir oyga yaqin vaqt ketadi. Bu jarayonda qayerga, kimning oldiga va nima sababdan kelganini bilmagan odamda muammo kelib chiqaveradi. Tilni bilsa, juda yaxshi bo‘ladi. Rus tilini oddiy darajada ham bilsa, kundalik hayotda uchraydigan holatlar bilan bog‘liq muammolar hal bo‘ladi. Bundan tashqari, Rossiya chegarasidan o‘tayotgan paytda migratsiya varaqasi, degan hujjat bor. Uni to‘ldirish lozim. Iloji bo‘lsa, O‘zbekistondan chiqishdan avval pasportlarni notarial tarjima qilib olishsa yaxshi bo‘ladi. Sababi u yerdagi mahalliy aholi uchun bizning ism-shariflar sal murakkabroq. Chegarachilar migratsiya varaqasini to‘ldirish chog‘ida shu tufayli ko‘p xatoga yo‘l qo‘yishadi. Vaholanki, bir harfda ham xato bo‘lsa, ertaga shu narsa hujjatlarni rasmiylashtirishda muammoga olib keladi. Ular to‘ldirib “imzo qo‘ying” deb sizning oldingizga qo‘yadi, biznikilar esa xatolarini tekshirmasdan ham imzo qo‘yib qo‘yadi. Shuningdek, ishlamoqchi bo‘lgan odam migratsiya varaqasida "kelish maqsadi" degan joyga “rabota” deb yozishi kerak.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...