21:42 / 24.10.2017
4 603

Shikoyatchilarning “sharmandaligi”: g‘alati arznomalar bilan tanishing!

Shikoyatchilarning “sharmandaligi”: g‘alati arznomalar bilan tanishing!
Shikoyat qilishning ham o‘z tartib-qoidasi bor, shundaymi? Arznoma asosli, isbot-dalillar ilovasi bilan taqdim etilishi, qolaversa, shikoyat mazmuni mantiqan to‘g‘ri va aniq ma’lumotlarga tayangan bo‘lishi lozim...

Xalqimiz orasida “chivin chaqsa ham” darrov arz qilib, davlat idoralarining ostonasiga “yotib oladiganlari” uchraydi. Arznoma asosli bo‘lsa — adolat qaror topish uchun arizachining turli xatti-harakatlarini ma’lum ma’noda oqlash, hech bo‘lmaganda uni tushunish mumkin. Biroq...

Mantiqsiz, asossiz arz orqali o‘z manfaatlarini ko‘zlaydigan, hatto mo‘may daromad topadiganlar bir talay... Bunday kishilar dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi “yuksak madaniyatli” jamiyatlarda ham uchrab turarkan.

Huquqshunoslar oxirgi 25–30 yil, aniqrog‘i o‘tgan asrning oxirgi va yangi asrning boshlarida qayd etilgan g‘alati arznomalar reytingini e’lon qilishdi.

Keling, bugun “Bu qiziq” turkumi orqali xorij mamlakatlari adliya tizimida qayd etilgan “g‘alati shikoyatlar” haqida so‘z yuritamiz...

1. 1991 yilda Richard Overton pivo ishlab chiqaruvchi “Anheuser-Busch” kompaniyasini sudga berdi. Uning arizasida 10 ming dollar tovon puli talab qilingan. Sabab... Richard aynan o‘sha, reklama qilingan pivoni har qancha ichgan taqdirda ham tropik o‘lkalardagi dengiz qirg‘oqlarida bikini kiygan qizlar haqidagi xayollarning hayotda (real haqiqatda) ro‘y bermayotganligidan va buning natijasida ma’naviy va moddiy zarar ko‘rayotganiligidan shikoyat qiladi. Uning ta’kidlashicha, “Bud Light” pivosining reklamasi Richardni ichimlikni xarid qilishga jalb etgan va reklama tasviridagi dengiz sohiliga borib qolishini kutgan. Uning arznomasi sud tomonidan rad etildi.

2. 1995 yilda Robert Li Brok o‘zidan (!) 5 million dollar undirilishi kerakligini talab qilib sudga shikoyat qiladi. U ko‘p spirtli ichimliklar ichganligi va o‘g‘rilik sodir etganligi, natijada 23 yoshga to‘lganda Virjiniya shtatining axloq tuzatish koloniyasida bo‘lganligi uchun o‘zini fuqarolik huquqlarini va jamiyat intizomlarini buzganligida ayblaydi! Bu bilan u nimaga umid qildi? Unga qamoq jazosi hech qanday daromad qilishga imkon bermagani (daromad manbai “nol” bo‘lganligi) bois, u ayni shikoyatning davlat tomonidan qoplanishini kutgan edi. Sud bu ishni ko‘rishdan bosh tortdi...

3. 1996 yilda Bayer oilasi Oliver Stoun, “Warner Brothers” kinokompaniyasining “Tug‘ma qotillar” ("Prirojdyonnыe ubiysы") filmi yaratilishi va tarqalishida ishtirok etgan shaxslarga qarshi da’vo qiladi. Bayerning oilasi mazkur filmni tomosha qilish jarayonida uylariga o‘g‘ri tushgani va buning oqibatida qimmatbaho buyumlari-yu jamg‘arma pullaridan ayrilganliklarida kinomatograflarni ayblagan. 1996 yili qo‘zg‘atilgan jinoiy ish 2001 yilgacha davom etib, dalillar yetarli emasligi uchun tergov ishlari to‘xtatiladi.

4. 2000 yilda Klinti Piters katta dam olish maskani bunyod etgan “Universal Studios”ni 15 ming dollarlik jarima da’vosi bilan sudga oshirmoqchi bo‘ladi. U dam olish hiyobonining “Halloween Horror Nights” atraksionida bo‘lganida qattiq qo‘rqib, ma’naviy iztirob va hissiy qo‘rquv chekkani uchun studiyani ayblaydi. Klintining shikoyat arizasi qabul qilinmaydi.

5. 2001 yilda Columbine High School maktabi jabrlanuvchilari bo‘lmish Linda Sanders va boshqa oila vakillari 25 ta kino va videoo‘yinlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni 5 million dollar jarima hisobida sudga berdi. Shikoyatchilarning fikriga ko‘ra, “Basketbolchining kundaligi” ("Dnevnik basketbolista") filmi hamda Doom, Duke Nukem, Quake, Mortal Kombat, Resident Evil, Mech Warrior, Wolfenstein, Redneck Rampage, Final Fantasy, Nightmare Creatures kabi videoo‘yinlari bo‘lmaganida maktabda janjal ko‘tarilmagan bo‘lar edi... Aybning yana bir qismi shikoyatchilar oilasi a’zolaridan birining dunyodan ko‘z yumgani uchun shu mahsulotni yuzaga keltiruvchi va tarqatuvchi vositachi kompaniyalar zimmasiga yuklatiladi. Sud qaroriga binoan ish yopildi, shikoyatchilarga esa kino va videoo‘yin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan ma’lum miqdordagi mablag‘ to‘lab berildi. Aniqrog‘i, kompaniya uzoq davom etgan “g‘alati shikoyat” orqali o‘z mahsulotlarini reklama qilib olgani uchun “qushto‘ymas” jarima to‘laydi.

6. 2002 yilda Edvard Bryuyer Providens shahri mehmonxonasini 2 million dollar da’vo arizasi bilan sudga oshirmoqchi bo‘ladi. U mehmonxonadagi bir jinoyatning guvohi bo‘lib qolgan edi. Noma’lum shaxs mehmonxona mijozlaridan birini zo‘rlamoqchi bo‘lganida hech qanday chora ko‘rilmagani uchun Edvard Bryuyer mehmonxona boshqaruvchisini ayblaydi. Sud uni mazkur ishda guvohlik “darajasidan” boshqa arzlarini tinglamaydi va so‘ralgan tovon pulini jinoyatni sodir etishga yo‘l qo‘yib bergan Bryuyerning vijdoniga havola qilganini e’lon qiladi. Mehmonxona rahbariyati esa Bryuyerni jinoyat sodir etilayotgani haqida ogohlantirmagani uchun o‘zining “qora ro‘yxatiga” tirkab qo‘yganini bildiradi.

7. 2003 yilda Endryu Byornett ismli kishi 2 nafar jinoyatchilarga qarshi da’vo qilib, ma’naviy jarohat sindromini qoplash uchun pul talab qiladi. Jinoyatchilar Endryuning qo‘shnisiga tegishli uyni tunayotganda Byornett voqeaga tasodifan guvoh bo‘lib qoladi va so‘ngra guvoh tariqasida chaqirtiriladi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilar ularga halaqit qilgan itni mashina g‘ildiraklari bilan bosib o‘ldirgan. Sodir etilgan vahshiylikni kuzatib turgan Endryu ma’naviy jarohat olib, buning natijasida o‘g‘rilar qochib ulgurishganidan keyingina politsiyaga xabar bergan. Bosqinchilik ishini ko‘rayotgan sud hay’ati Endryu Byornettning “ma’naviy zarar” haqidagi da’vo arizasini ko‘rishdan bosh tortadi.

8. 2005 yilda Ostin Eytkin NBC’ni sudga beradi. Arznomaning narxi ikki yarim million dollarni tashkil etadi. Uning guvohlik berishicha, "Qo‘rquv faktori" ("Faktor straxa") deb nomlangan ko‘rsatuvining epizodlaridan biri unga “jarohat, iztirob va og‘riq” yetkazgan ekan. U televizion ko‘rsatuvda raqiblar kalamush yeyayotganini ko‘rsatganida uning boshi aylangani va ko‘ngli ayniganini ta’kidlaydi. Sudya bu arznomani “ahmoqona” deb hisoblab, uni rad etadi.

9. 2005 yilda germaniyalik ayol avtomobil sotadigan salon yonidagi reklamada “Do‘konimizga kel, avtoni tanla, pulini to‘la va haydab chiqib ket!” deb yozilgan matnni o‘qiydi va aynan shu xatti-harakatlarni takrorlaydi. Ya’ni do‘konga kiradi, o‘zi yoqtirgan avtomobilni tanlaydi, pulini to‘laydi, davlat raqami olish va rasmiylashtirish ishlarini bajaradi, so‘ng rulga o‘tirib haydab chiqib ketmoqchi bo‘ladi... Stop! Avtomobilda benzin yo‘qligi (juda kamligi) uchun u do‘kon hududidan ham chiqmay “o‘chib” qoladi. Ayol salonni sudga berib, jarima undirganidan so‘ng bu “amaliyot” butun Yevropaga “urf” bo‘ladi. Biroq barcha avtoulovlar yoqilg‘isi yetarlicha (eng yaqin shoxobchagacha yetadigan qilib) quyib qo‘yilgani uchun “mijozlar” jarima undirishdan umidini uzib, hatto sotib olgan avtomobillarini qaytarganliklari uchun 10% jarima to‘laydilar.

10. 2006 yilda Allen Xekard ismli navbatdagi shikoyatparast kishi basketbolchi Maykl Jordan hamda Nike brendini 832 million dollarlik jarima to‘lashini so‘rab shikoyat qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Allen Xekard tashqi ko‘rinishi orqali mashhur basketbolchi Maykl Jordanga o‘xshab ketadi. U ham Nike brendiga mansub sport kiyimlarini kiyib yuradi. Ko‘cha-kuyda hamma uni sportchi bilan adashtirib, sport kiyimlariga havas bilan qarashadi va nigohlari, hatto pichinglari bilan “ta’qib” qilishadi. Sudga yozilgan murojaatda aynan shu vaj keltirilgan va, Allen Xekardning fikricha, sportchi ham, reklama beruvchi ham u his etayotgan “mashhurlik bosimi” uchun tovon puli to‘lashlari kerak. Albatta, uning arznomasi inobatga olinmadi.

Aziz muxlislar, bu xorijlik shikoyatparastlar edi, ayrim mahalliy “g‘alati arznomachi”lar haqida o‘zingiz ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardorsiz, degan umiddamiz...

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shikoyatchilarning “sharmandaligi”: g‘alati arznomalar bilan tanishing!