21:54 / 18.11.2017
7 085

Bevaning tinchini buzgan yordam...

Bevaning tinchini buzgan yordam...
Hayotni kuzata turib, ayrim odamlarning g‘alati qiliqlaridan taajjubga tushaman, g‘ashlanaman, o‘ylaman. Dunyo tashvishlari, ro‘zg‘or, turmushidan ortib birovlarning hayotiga aralashib, suqilib gap-so‘z qilib yuradiganlar shunday tig‘iz zamonda qanday vaqt topar ekanlar a? Bizga o‘xshaganlar bo‘sh paytida ham band bo‘lib, yumushlarga ko‘milib yurgan bir paytda, ayrim odamlarning, ayniqsa, erkaklarning odamlar orqasidan g‘iybat gaplarni tarqatib yurganini ko‘rib asablarim qaqshaydi. Bilmadim, balki bu gaplar matbuotga olib chiqqulik darajada emasdir, balki men ham mayda gaplik qilayotgandirman. Ammo bugun erkaklar haqida ko‘p salbiy gaplar chiqayotgan paytda, men erkak qavmining bir vakili sifatida ayni shu illatga chalingan jinsdoshlarimning fitratiga nazar tashlashni insoniy burchim deb bildim.

Hamkasblar bilan bir joyda ko‘p ishlayversang, xuddi aka-ukadek yaqin bo‘lib qolarkan kishi. Biz to‘rt hamkasb do‘st o‘n ikki yil bir joyda ishlab, qadrdon bo‘lib qolgandik. O‘tgan yili to‘satdan bir do‘stimiz vafot etdi. Oila panohidan ayrilib, ayoli uch bola bilan yolg‘iz qoldi. Biz qolgan uch do‘st har ikki-uch oyda oylik olganimizda kam-kamdan yig‘ishib, marhum og‘aynimizning oilasiga yordam qilib turardik. Hech qachon bir kishi bormaganmiz. Albatta ikki kishi bo‘lib borib, darvoza oldidan do‘stimizning to‘ng‘ich o‘g‘ilchasini chaqirtirib, atagan yordamimizni berib, hol-ahvol so‘rab qaytardik. Hech qachon rahmatli do‘stimning ayoli yolg‘iz o‘zi oldimizga chiqmas, albatta yonida o‘g‘ilchasi bo‘lardi. Bir yil mobaynida do‘stimizning oilasidan xabar olib turdik. Yaqinda Qurbon hayiti munosabati bilan arafa kuni do‘stimizning bolalaridan xabar olgani darvozasini taqillatsak, ayoli g‘amgin bo‘lib o‘g‘ilchasini yetaklab chiqdi.

Sizlarga mingdan ming rahmat,- dedi juvon yerdan ko‘z uzmay shikasta tovushda,- shunchalik rahmatli dadamizni hurmat qilar ekansizlar. Bolalarim bilan hamisha haqqingizda duodamiz. Faqat sizlardan iltimos, endi boshqa kelib yurmanglar. Odamlar noto‘g‘ri tushunibdi. Mahalla-kuyda menga tagdor gap qilishyapti. Ayrim ayollarning ko‘z qarashi ham o‘zgargan. Mahallamizda sizlar bilan birga ishlaydigan bir odam bor, bilasizlar... O‘shalarning ayollari qo‘ni-qo‘shnilarga har xil gaplarni gapiribdilar... Endi ovora bo‘lmanglar, iltimos. O‘zimiz bir amallarmiz. Ortiqcha gap-so‘zga toqatim yo‘q. Boshimga tushgan musibat yukini ko‘tarayinmi, odamlarning malomatinimi...
Bu gaplardan yordam olib borgan do‘stim ikkimiz dong qotib qoldik. Bu qanday gap bo‘ldi, endi?! Rahmatli do‘stimizning ayoli aytgan – biz bilan birga ishlaydigan ularning mahalladoshi bo‘lgan kishini ko‘z oldimga keltirib, nafrat va g‘azabdan qaqshab ketdim o‘sha topda. Erkak deganlari ham shunqangi munofiq, ikki yuzlamachi bo‘lar ekan-da!? Bizga:

- Rahmatli Ikromjonning oilasidan xabar olib yaxshi qilyapsizlar. Ishxona ham bayramlarda rahmatlining bolalaridan xabar olib tursa yaxshi bo‘lardi, -degandi. Nahotki, uyidagilarga boshqa gap gapirgan bo‘lsa!
Marhum do‘stimizning uyidan xijolatchilikmi, xafachilikmi, xullas, allanechuk yurakni g‘ash qiladigan his bilan qaytdim. Uyga kelib xotinimga bor gapni gapirdim.

Mendan bir og‘iz maslahat so‘ramabsiz-da, dadasi,- deb gap boshladi ayolim ham mulohazali ohangda.- O‘zi Zamira kelin- rahmatli Ikromjon do‘stiningizning ayoli tunov kuni menga qo‘ng‘iroq qilib, “opa, mullakamlarga aytib qo‘ying, yordam shart emas, odamlar noto‘g‘ri tushunyapti. Ular bilan birga ishlaydigan Umar akaning ayoli qaysi kuni do‘konga chiqsam, eringizning og‘aynilari siznikiga juda serqatnov bo‘lib qolishibdimi, falon qishloqlik pismadonchi rahmatli bo‘lgan og‘aynisining ayolini nikohiga olib, kam-ko‘stidan xabar olib yurgan ekan, deganday gap qildi. Menga ortiqcha gapning keragi yo‘q, Xudo yetkazgan rizqimizni oshab, nasibamizga rozi bo‘lamiz. Faqat tinchimizni buzishmasa, bo‘hton qilishmasa bo‘ldi” degandi. Men jahlingiz chiqmasin, deb sizga indamagandim. Aslida boshidan xato qilgansizlar.

Do‘stingizning oilasiga yordam qilish ko‘nglingizda bo‘lsa, uni ishxonangizdagi ayollar bilanmi yo men yoki boshqa xodimlaringizning ayoli orqali yuborishingiz kerak edi. Savob qilaman, deb bir bechora ayolning ko‘nglini sindirib qo‘yganlaringiz yomon bo‘libdi. Hozir odamlarni bilasiz-ku, salgina tayrilsangiz, yiqitib, tepib tashlashadi. Jamoadoshingiz haligi Umar akami, kim deganiga ham qoyil qolmadim. Erkak kishiga nima zaril, beva ayolga malomatu bo‘hton qilish...

Xotinim nimalarnidir tinmay javray ketdi. Uning gaplari bir-birda qulog‘imga kirar, chap ko‘ksim qattiq-qattiq sanchdi. To‘g‘risi... o‘sha nusxa bilan bir havodan nafas olayotganimdan nafratlanib ketdim. Rahmatli hamkasb do‘stimiz bilan qanchalik yaqin ekanimizni, joyi kelganda burda nonni baham ko‘rishimizni bilardi. Vafotidan keyin do‘stimizning oilasiga yordam berayotganimizni, bolalaridan xabar olib turishimizni jamoada hamma bilardi. Befarosat xotiniga malomat gaplarini qaysi til bilan aytdi ekan, hayronman...

Bu voqea menga yaxshigina saboq bo‘ldi. Odamlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini, hamma ko‘ngli toza emasligini uqtirdi bu saboq. Mehr-muruvvatli bo‘lish yaxshi ekan, ammo kishi o‘zi va o‘zi bilan muloqot qilayotgan tomonning sha’nini o‘ylab qadam tashlashi shart ekanini anglatdi bu ibrat. Qolaversa, yana bir achchiq haqiqatni anglatdiki bu- erkak turqidagi kimsalarning hammasi ham ER, MARD degan sharafga loyiq emas ekan...

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bevaning tinchini buzgan yordam...