Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti
Yaqinda dadamni Germaniyaga kuzatish uchun aeroportda bo‘ldim. Oldinlari e’tibor bermagandim, bu safar muhtasham dargohning xodimlari chehrasiga razm soldim. Aniqrog‘i, ular tabassum qiladilarmi-yo‘qmi, shunga e’tibor berdim. Guvohi bo‘ldimki, ko‘pchiligi samimiyatdan yiroq! Tund qiyofada ishini bajaradi. Ayrimlari shunaqangi jiddiyki, qosh-qovog‘iga qarasang kayfiyating tushib ketadi! Ayniqsa, operatorlar – bular yo qaynonasidan gap eshitib kelgan, yoki eri boplab bir tepib ishga yuborgan go‘yo! Qosh-qovog‘i ochilmaydi. Samolyotga yonidan chipta olib berayapti-yu, sarflagan puliga jahl qilayotgandek tuyulib ketdi menga!
Temiryo‘l vokzali kassasiga ishim tushdi. Yoshgina kassir ayolning tabassum qilishini kutdim. Qayoqda deysiz! U shu qadar xafa ko‘rinardiki, hoynahoy hozirgina Shekspir tragediyalarini o‘qigan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. To‘g‘ri, kassir xonim yomon gapirmadi, qo‘pol muomala qilmadi, ammo mijozlardan tabassumini ayadi. Aniqrog‘i, tabassum ulashishi kerakligini bilmadi ham!
Nega shunday? Aeroport, temiryo‘l vokzali ma’muriyatlari shu oddiy qoidani o‘rgatmasmikan xodimlariga? O‘rgatmagan taqdirda ham tabassum qilish lozimligini xodimlarning o‘zlari bilmaydimi? Yoki kulimsirab, samimiy muomala qilish faqat styuardessalarga tegishli qoidami?
Bunday muassasalar emas, boshqa dargohlar – do‘kon, restoran, kafe, idoralar, umuman, jamiyatda oddiygina tabassumni unutib qo‘ymayapmizmi? Qo‘shningni ko‘rsang — qovoq-tumshuq, ishxonangga borsang – qoshlar tugilgan, tanishingga ko‘zing tushsa — go‘yo hamma yeb, u quruq qolgandek! To‘g‘ri, har kimning muammosi bor. Shuni o‘ylab ich-ichidan ranjiyotgan bo‘lishi mumkin! Ammo yaxshilab gaplashib ko‘rsangiz, muammo hisoblayotgan masalasi aslida o‘tkinchi bir holat, xolos! Dilgirlikka arzimaydi, shunchaki puflab shishirilgan! «Kayfiyatning xojasi — kishining o‘zi. Kayfiyatini boshqara olsa – xoja, boshqara olmasa — qul. Qulning qismati og‘irroq», — deydi ustoz Tohir Malik.
Yaxshilik kimlardan kutiladi?
Nazarimda, biz qovog‘imizni uyishga o‘rganib qoldik, tabassumdan uzoqlashayapmiz. Vaholanki, muqaddas dinimizda: «Yaxshilikni chehrasi ochiq, xushro‘y odamlardan kutinglar», «Odamlar bilan xushmuomala bo‘linglar, ularga qattiqqo‘llik qilib behayo so‘zlamanglar», — deyilgan.
Psixologlar xafa bo‘lganda ko‘zguga qarab kulishni tavsiya qilishadi, ana shunda kayfiyat ko‘tarilar ekan. Harvard universiteti professori Uilyam Jeymsning so‘zlari: «Kayfiyatingiz buzilgan bo‘lsa, iroda kuchingiz bilan kayfiyatni joyiga keltirishning yo‘li bor. Ko‘nglingizda har doim “hammasi joyida, hammasi yaxshi” deb, o‘zingizni tetik tuting, shunday deb ishga kirishing va gapiring».
Xo‘sh, biz shunga layoqatlimizmi? Ko‘pchiligimiz oynadagi aksimizga tikilamizu, tabassum qilish o‘rniga yig‘lab yuboray deymiz: bunday o‘qraygan aft-basharani kuldirish qiyin axir! Irodamiz kuchli emas! O‘zimizni o‘zimiz ishontira olmaymiz.
Nyu-Yorkdagi yirik do‘kon ishyurituvchisining aytishicha, sotuvchilikka turqisovuq fan doktorini emas, balki boshlang‘ich ma’lumoti bo‘lmasa-da, maftunkor tabassumi bo‘lgan qizni ishga olish maqsadga muvofiq ekan. Qadim Xitoy maqolida esa «Insonning yuzida tabassumi bo‘lmasa, do‘konni ochmasligi lozim» deyilgan.
Mugambo qiyofadoshlari
Men bo‘lar-bo‘lmasga tirjayaverish, «kuydirilgan kalla» bo‘lish kerakligini nazarda tutmayapman. Huda-behuda kulish yaramaydi! Men bir-birimizga nisbatan samimiy, mehrli bo‘lishimiz zarurligini nazarda tutmoqdaman. Qachongacha faqat xorij mamlakatlaridagi kassir ayollar, mehmonxona xodimlarining tabassum ulashishiga havas qilamiz? Ulardan kamchilik qidirish emas, fazilatlari, chiroyli odoblaridan o‘rnak olish kerak. Qolaversa, bunday odob yo‘l-yo‘riqlari o‘zimizda ham bisyor. Ularni amalda qo‘llash kerak. Aks holda savol bilan murojaat qilinganda to‘ng‘illab javob beraveramiz.
Yolg‘on bo‘lmasin, murojaatingizga jilmayib javob qiladiganlar bor, biroq ular juda kam va, o‘ylashimcha, tabassum qilish kerakligini individual tarzda o‘zlashtirganlar. Ehtimol, ko‘p kitob o‘qishgandir, muvaffaqiyat sirlaridan voqif bo‘lishgandir. Biroq mijozlar ko‘proq murojaat qiladigan muassasalarda ish vaqtida jilmayish kerakligini uqtiradigan yo‘riqnomalar borligiga shubha qilaman.
Ayrimlarga javobi qoniqtirmagani bois savolni takrorlasang, shu qadar ensasi qotadi, shunaqangi o‘qrayib qaraydiki, ko‘zlari rahmatli Amrish Puri qahramoni — Mugambonikiga o‘xshab ketadi! Bundaylar uchun jilmayishdan ko‘ra darg‘azab bo‘lish oson, shuni xohlaydi, shunga o‘rganib qolgan! Vaholanki, yuz marta so‘rasang, yuz marta javob berishi shart!
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)