Ostin (Texas) politsiyasi 1991 yilda sodir bo‘lgan, keng jamoatchilik e’tiborini tortgan mashhur jinoyat bo‘yicha gumonlanuvchini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Deadline nashri xabar berdi.
34 yil davomida sirligicha qolgan “Yogurt do‘konidagi qotilliklar” ishi zamonaviy DNK tahlillari yordamida ochildi. Tergov organlari 26 sentabr kuni gumonlanuvchining shaxsi Robert Eugene Brashers ekanini ma’lum qildi.
Brashers ilgari ham 1990 yillardagi bir nechta qotilliklarga va 1997 yilda 14 yoshli qizni zo‘rlash voqeasiga aloqador bo‘lgani qayd etilgan. 1999 yilda u yana bir gumonlangan jinoyatdan keyin politsiya bilan to‘qnashuvda o‘z joniga qasd qilgan.
Rasmiy bayonotda tergovchilar ushbu yillar davomida jabrlanuvchilar oilalariga sodiq qolib ishlaganlari ta’kidlandi.
Qotillik 1991 yil 6 dekabrda yuz bergan edi. 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar qiz muzlatilgan yogurt do‘konida o‘z smenasini yakunlayotganda noma’lum shaxs hujum qilgan. Ular bog‘langan, zo‘ravonlikka uchragan va shafqatsizlarcha o‘ldirilgan. Do‘konga esa ataylab o‘t qo‘yilgan.
Mazkur jinoyat keyinchalik 2025 yilda suratga olingan “Yogurt do‘konidagi qotilliklar” mini-serialida va yozuvchi Kori Mitchellning “O‘ldirilgan begunohlar” kitobida tasvirlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!