5 172
O‘zbekistonga 20 mln. dollarlik investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan xitoylik tadbirkor “firibgarlik balosi”ga duch keldi
Bugungi kunda mamlakatimizda samarali iqtisodiy islohotlar olib borilayotgan bir davrda tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi. Davlat o‘zining himoyachi rolini “temir qo‘l” bilan bajarmoqda. Sababi tadbirkor ish o‘rni yaratadi, bandlik masalasini hal etadi.
Islohotlar jarayonida faol ishtirokchi bo‘lgan va Davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni yeng shimarib bajarishga kirishgan tadbirkor aldov qurboni bo‘lsachi?! Qo‘shimchasiga tadbirkor xorijlik bo‘lsa va u O‘zbekistonda aldansachi? Uni kimdir himoya qiladimi? Buning yechimi esa faqatgina odil sudlovda.
Har yili yuzlab xorijiy korxona va kompaniyalar vakillari O‘zbekistonga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashrif buyuradi. Ular ham Prezident himoyasidagi tadbirkorlar.
Investitsiya mamlakat iqtisodiyotiga ko‘mak, uning oyoqqa turishida tirgak. Investor o‘z ulushi va foydasini oladi va ketadi. Biroq biz texnologiyali bo‘lamiz, innovatsiyani joriy etishni o‘rganamiz.
Vaqti kelib eskirganini yangisiga almashtira olamiz. Endi investorsiz, mustaqil.
Investorlarni jalb qiladigan bir jihat bu mamlakatning ishonchliligi. O‘zbekiston bugun xalqaro reytinglarda oldinlamoqda. Ishonchli degan martabaga islohotlar sababli erishmoqda. Ammo investor ishonchli davlatdagi ishonchli sherikni qidiradi. Ko‘pchilik hollarda u topiladi. Kimlardir topsa, kimlardir topa olmaydi. Qisqa qilib aytganda aldanadi. Yo sherigi “tushiradi” yoki soxta inqiroz yuz beradi.
Boshida bozorni o‘rganish, muhitni kuzatish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi Jang Siopen O‘zbekistondagi tadbirkor bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Yuqorida aytib o‘tganimiz, “ishonchli” sherik xitoylik tadbirkorga ham uchradi. Xitoylik tadbirkor aldangani uchun eshikma-eshik yuribdi.
Qariyb 10 yillik faoliyat davomida hammasi yaxshi edi, biroq olingan mahsulotning pulini to‘lab qo‘yish vaqti kelganda esa, yurtdoshimiz Jang Siopenni tanimasligini aytib bo‘yin tovladi.
Keling xitoylik tadbirkor Jang Siopenning O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga yozgan shikoyat-arizasidan satrlar keltirib o‘tsak:
“O‘zbekistondagi ba’zi mansabdor shaxslarlarning o‘z vatani kelajagini va millatining obro‘sini o‘ylamasdan firibgarlar botqog‘iga botib ularni himoya qilayotganligi nafaqat O‘zbekiston, balki o‘zbek xalqining ham xalqaro hamjamiyat oldidagi obro‘sini tushirmoqda. Prezident tomonidan o‘tkazilayotgan islohotlar tomiriga bolta urmoqda.
Shu yilda bizning kompaniyamiz 2017 yil may oyida O‘zbekiston Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan davlat tashrifi davomida ikkala davlat o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida bizning “Jia Sing Group” kompaniyamiz 2018 yilda O‘zbekistonda tibbiy dori-darmonlar ishlab chiqaradigan zamonaviy zavod qurish uchun 20 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Shu maqsadda bugungi kunda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligidan 5 xil turdagi dori-darmonlarni ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya oldik.
Bugungi kunda meni qiynayotgan asosiy masala shundaki, men bir yarim yildan buyon turli davlat idoralariga meni aldab 449 355 AQSh dollariga teng bo‘lgan mahsulotlarimni olib, pulini bermayotgan shaxslarga chora ko‘rish va pullarimni undirib berish yoki tovarlarimni qaytarib berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilayotgan bo‘lsamda, hozircha aybdorlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmayotganligi meni qattiq tashvishga solmoqda”, deya yozadi tadbirkor.
Xitoylik tadbirkor O‘zbekistonga nisbatan hurmati baland ekanini ta’kidlashdan charchamaydi. Uning navbatdagi rejasi esa mamlakatimizga 20 million dollarlik investitsiya kiritishdir. U aldangan bo‘lsada O‘zbekistonda adolat tiklanishiga, qonun ustuvorligiga ishondi.
Oliy Majlis Senati senatori bilan uchrashuv, u bilan bog‘liq ishga munosabat, yana ishonch paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Jang Siopen menga ushbu masala haqida yozmay turishimni iltimos qildi. Biroq unga yordam bermaslikning va adolat tomonida bo‘lmaslikning iloji yo‘q.
Jang Siopen davlat idoralariga 20 martadan oshiq, shu jumladan IIV, Bosh prokuratura, Toshkent shahar prokuraturasi, Toshkent shahar IIBB, Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi va shu tuman IIBga yozma murojaat qilgan bo‘lsada, biron-bir mansabdor shaxs “Sen o‘zi kimsan, nima sababdan buncha yozyapsan, nimadan norozisan?”, deb so‘ramaganini aytib o‘tdi.
67 yoshli tadbirkor Jang Siopenning yurtimizga 9-10 marta keldi. Shuncha harajat qilib o‘z pullarini undirib berilishiga umid qilishida qandaydir asos bordir? Bunday asos bo‘lmasa, “ishonchli” sheriklarga tuhmat qilayotgan bo‘lsa, uni tuhmat uchun jinoiy javobgarlikka tortish zarurdir balki? Uni Toshkentda qariyb bir yarim yildan buyon sarson-sargardon bo‘lib yurishidan nima naf?
Xitoylik tadbirkorning arizasi yuzasidan to‘rt marta jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Tadbirkor advokatining aytishicha, 2017 yilda Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabuldagi uchrashuvdan keyin Jang Siopenning ishida siljish kuzatilgan, biroq aniq natija bo‘lmagan. Uning ishi hozirgi paytda SVOJJDLQKDning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan tekshirilmoqda.
Bizda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, xitoylik tadbirkor tomonidan 2014-2015 yillarda O‘zbekistonga 792 quti mahsulotlar o‘zbekistonlik sherikning nomiga yuborilgan, uning nomiga Urumchi shahrida ochilgan yuk saqlash joyida ma’lum vaqt saqlangan, ushbu mahsulotlar mamlakatimizga bojxona nazorati orqali o‘tgan, buni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud. Lekin to‘lov amalga oshirilmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, tannarxi Xitoyda 185 AQSh dollari turadigan ushbu tovarlar bojxona orqali oshiqcha to‘lovlardan qochish maqsadida 0,886 AQSh dollari miqdorida baholangan (Toshkent shahar bojxona boshqarmasidan 2017 yil 15 iyunda berilgan 02-2/15-7167-sonli xatda ko‘rsatilgan). Tovarlarning O‘zbekistonga olib kirilgani haqidagi hujjatlar mavjud bo‘lgan holatda surishtiruv-tergov organlari nima sababdan ish ochish uchun asoslar yetarli emasligini ro‘kach qilayotganliklari tushunarsiz.
Huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan xorijlik tadbirkor masalasiga jiddiy yondashishlarini va unga qonun doirasida ko‘mak ko‘rsatishlarini so‘rab qolamiz.
O‘zbekistonda yaratilgan qulay sharoit asosida ishlashni xohlagan investor, ertaga butun bir investorlar guruhini yetaklab keladi. Ular hech bo‘lmaganda ishonchli o‘zbekistonliklar tufayli o‘z hayotini mamlakatimiz bilan bog‘laydi. Keling, biz ham ishonchli bo‘laylik.
Zohirshoh Jo‘rayev, jurnalist
Manba: uznews.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»