17:37 / 12.03.2018
8 487

Ayollar mardikor bozorida o‘tgan to‘rt soat...

Ayollar mardikor bozorida o‘tgan to‘rt soat...
Ayollarning turmush sharoitlarini yaxshilash... Ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, oilasiga farovonlik olib kirish... Prezidentimiz bugun mana shunday ustuvor vazifalarni davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan qat’iy talab qilmoqda. Lekin mamlakatimizning turli hududlarida norasmiy tarzda shakllangan “Mardikor bozorlari” hamon ayollar bilan gavjum. U yerda mung‘ayib, ish qidirib yurgan xotin-qizlarning soni esa kamayayotgani yo‘q...

Shu yilning 8 yanvar kuni Qo‘yliq hamda Chorsu bozorlari atrofida to‘planib turuvchi ayollar bilan suhbatlashdik. Qora mehnat bilan qozon qaynatayotgan bu xotin-qizlar hayoti haqida avval ham bir necha marta maqolalar chop etilgan. OAV bu mavzuga befarq emas. Biroq ahvol o‘sha-o‘sha. Ularga “Bu yerda turmanglar, bir joyga to‘planmanglar!” deb dag‘dag‘a qilish bilan vaziyat o‘zgarmaydi.

“Ayollar mardikor bozori”ga ish qidirib chiqqan xotin-qizlar bilan suhbatlasharkanmiz, ayrimlari ism-sharifi, doimiy yashash manzilini o‘zgartirmay chop etishimizni, taqdirning turfa chalkashliklari tufayli yuraklari zada bo‘lib ketganini, ular ham boshqalar kabi baxtli yashashni istashlarini aytdi. Biz hammaga ma’lum bo‘lgan bu holatni jamiyatdagi muammo sifatida ko‘tarmoqchi emasmiz (aslida bu rostdan ham muammo). Bu ayollarning hikoyalarini qanday bo‘lsa, shundayligicha sizga yetkazmoqchimiz, xalos.

FALOKAT OYoQ OSTIDA...
– Xo‘jayinim ham, men ham 10 yildan buyon Chorsu bozorida mardikorlik qilamiz, – deydi Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidan kelgan Hanifa ismli ayol. – Bir o‘g‘il, bir qizimizni halol mehnat orqasidan topgan mablag‘imizga o‘qityapmiz. Navbati bilan kelib ishlaymiz. Hozir xo‘jayinim uyda. Yoshi keksa bir ayol tomini tuzatishga olib borgan ekan. Ish paytida yiqilib, chap oyog‘i to‘pig‘idan sinibdi. Gipslab qo‘yishdi. Hayriyat, jarohati og‘ir emas. Agar xo‘jayinimning o‘rnida men bo‘lganimda shifoxona xarajatlarini uy egasiga to‘latgan bo‘lardim. Or-nomus ustun kelib, andishaga boribdi. Hech bo‘lmasa, ish haqining yarmini berishini ham so‘ramabdi. Tomdan yiqilib, ishingni unumi bo‘lmadi, deb quppa-quruq qaytarib yuboribdi. Yana deng, yonidagi sheriklaridan qarz ham olibdi. Odamda, andisha-yu, istihola bo‘lgani yaxshi, ammo buning ham me’yori bor-da. Nega haqingizni talab qilmadingiz, desam: “Uy egasi juda ochko‘z, janjalkash ekan. Yiqilganimdan so‘ng “Tez yordam” mashinasini chaqirish o‘rniga butun aybni menga ag‘darib, janjal ko‘tardi”, deydi.

Har xil odamlar bilan muomala qilamiz. O‘tgan yili keksa bir ayol kelib, meni uyiga olib ketdi. Borib changlarini artib, idish-tovoqlarini yuvib, uyini tozalab berdim. Ketayotganimda qo‘limga pul, nevaralarining kichkina bo‘lib qolgan kiyimlari, yana bir talay yegulik berib yubordi. Ikki-uch marta uyiga borib, ishlaganimdan so‘ng: “Ijara haqi to‘lab yurgandan ko‘ra, kelib biznikida yashang”, deb bir xonaning kalitini berib qo‘ydi. Ishga kelmay qo‘ysam, qo‘ng‘iroq qilib, chaqirib oladi.

FARZANDLARIMNI DEB OTASIDAN VOZ KEChDIM
– Yoshim 54 da. To‘rt nafar farzandim bor, – deydi toshkentlik Zarifa opa. – Yoshim bir joyga borganida xo‘jayinim bilan ajrashishga majbur bo‘ldim. Ichkilikka ruju qo‘yib, hamma narsani hatto o‘zini ham unutdi. Ko‘cha-ko‘yda yotib qoladigan darajaga yetgach, ro‘zg‘or tashvishlarini o‘z zimmamga olib, mardikor bozoriga ishlashga chiqdim. O‘g‘illarim dadasining ortidan poylab yurar, ko‘pincha ko‘cha va xiyobonlardan mast holda topib, uyga olib kelishardi. Nima bo‘lganda ham bolalarimning otasi, insof kirib qolar, deb kutdim, ammo o‘zgarish bo‘lmadi. Eng dahshatlisi, uyda, o‘zini bilmay, yalang‘och ham yuraveradigan bo‘lib qoldi. Uning bu qiliqlaridan farzandlarim or qilishardi. Ularning kelajagi uchun otasidan voz kechdim. Avvaliga shunchaki alohida yashab ko‘rdim, bo‘lmadi. Kunda-kunora eshigimni taqillatib kirib keladigan, ijara uyda biz bilan tunab ketadigan odat chiqargach, qonuniy ajrashishga ariza berdim.

To‘rt bolamni olib, ota uyimga yo‘l oldim. Ukalarim hovli chetidan ikkita xonani ajratib berishdi. Qizlarimni sovchilar so‘rab kelishyapti. Nasib bo‘lsa, to‘y-tomosha qilib uzataman.
Ertalab soat 7:00 dan ish boshlayman. Kuniga 50-60 ming so‘m topaman. Ko‘pincha uch-to‘rt ayol birga yuramiz. Men qizlarga brigadirlik qilaman.

“PRORABING” BILAN O‘ZIM GAPLAShAMAN”
– Bizni ko‘proq prorablar, xususiy uylarning ish yurituvchilari aldab, chuv tushirishga harakat qiladi, – deydi samarqandlik Laylo ismli ayol. – Yaqinda bir yigit yangi qurilgan uyni tozalashimiz kerakligini aytdi. Uyga yaqinlashganimizda, xonadon sohiblariga 100 ming so‘mdan haq olishga kelishdik”, denglar deb o‘rgatdi. Aslida esa u biz bilan 50 ming so‘mdan kelishgandi. Kechgacha ishladik, ketayotganimizda uy egasi mehnatimizni ko‘rib, qanchadan haq berishim kerak, dedi. Ellik ming so‘mga kelishganimizni aytdik. U pulni ish yurituvchiga bermay, birma-bir sanab, har birimizga 100 ming so‘mdan berdi.

IZOHGA HOJAT BORMI?
Mardikor bozoridagi ayollar bilan suhbatlashib turganimda bir yigit kelib, Navoiy ko‘chasida yangi qurilgan do‘konning beshinchi qavatidagi oynalarni tozalash kerakligini aytgach, savdolashish boshlandi. Yigit: “Ikki soatlik ish, 30 ming so‘m beraman”, dedi. Ayollarning ba’zilari 50 ming so‘mdan kam emas, deb turganda, ayrimlari 40 ming so‘mga ham roziliklarini bildirishdi. Narxni pasaytirgan ayol shu topdayoq hammadan dakki eshitdi. Ular aytgan narxga prorabi ko‘nmasligini tinmay ta’kidlayotgan yigitga ayollarning yoshi kattarog‘i: “Telefon raqamini ber, o‘zim kelishib olaman prorabing bilan”, degandi, yigitcha qochib qoldi. “Hozir ko‘pchilik “soxta tadbirkor”lik yo‘liga o‘tib olgan. Ko‘rdingizmi, bizga o‘xshagan qora ishchilarning ham ustidan foyda ko‘radiganlar bor”, dedi ayollarning yoshi keksarog‘i kuyinib.

O‘Z UYIMDAN HAYDALDIM
– Yoshim 47 da, turmush o‘rtog‘im bilan qonuniy ajrashganman, – deydi Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidan kelgan Mohira ismli ayol. – Besh nafar farzandim bor edi, ikkisi nobud bo‘ldi. Xo‘jayinim bir so‘m pul ishlab topmas, qo‘limga qarab o‘tirardi. Bunisi ham mayli, maishatga berilgan, uydagi pullarni ham ko‘chadagi ayollarga sarflardi. Bolalarni boqish uchun mardikorlik qildim. Avvaliga qishloqdagi fermerlarning yerlarida ishlab yurdim. Sovuq tushgach, poytaxtga keldim. Bir kuni ishdan qaytsam, xo‘jayinim jazmani bilan uyda maishat qilib o‘tiribdi. O‘zimni tutib tura olmadim. Janjallashdim, yig‘ladim-siqtadim. O‘sha ayolni deb meni bolalarim bilan uydan haydab chiqardi. Boshpanasiz qolgach, turli idoralarga yordam so‘rab bordim. Uyning hujjatlari uning nomida bo‘lgani uchun qonun uni himoya qildi. Qonuniy ajrashdik, hatto aliment ham undira olmadim. Olti yashar qizcham bilan shaharda mardikorlik qilib yuribman.

XATOIMNI TUShUNDIM, AMMO KEChIRIShMADI
– 21 yoshimda o‘ylamay bosgan qadamimning jazosini tortayapman, – deydi surxondaryolik Saodat ismli qiz. – Oilada to‘rt o‘g‘il, uch qizmiz. Aka-opalarim oilali. Ular ancha ulg‘ayib qolishganida dunyoga kelganman. Kenjatoy bo‘lganim uchun ota-onam, yaqinlarim ko‘nglimga qarab o‘stirishgan. Aytganim aytgan edi. Chiroyli, yangi kiyimlarning hammasi men uchun, shirin yegulik­lar ham menga atab olib kelinardi. Kimdir aytganimni qilmay jig‘imga tegsa, o‘sha kuniyoq dadam yoki katta akam tomonidan jazolanardi. Ro‘zg‘or ishlari kelinoyimlardan ortmasdi. Maktabni tugatgach, biror kasb-hunarning etagini tutmadim. Bunga hojat ham yo‘q edi-da. Axir hamma narsam yetarli, xohlasam katta akam, xohlasam kichiklaridan pul olardim. O‘zimga o‘xshagan dugonalarim bilan erta-yu kech tuman markazidagi bog‘da sayr qilib, kinoga tushardik.

Bir kuni o‘sha parkda Inomjon ismli yigit bilan tanishib qoldim. O‘rtamizda muhabbat paydo bo‘ldi. Tez-tez uchrashadigan bo‘ldik. Hind kinolarini yaxshi ko‘rardim. Birga kinoga tushardik. Bir kuni kinodan so‘ng bir joyga tezgina o‘tib kelamiz, deb meni olib ketdi. Yoshi keksaroq bir ayol bizni kutib oldi. O‘sha xonadonda tuni bilan qolib ketdik...Bu xabar tezlik bilan oilamizdagilarga yetib bordi. Akalarim meni uydan haydashdi. Onam zor yig‘lab kechirishlarini so‘radi. Ammo ular eshitishni ham istashmadi. Lash-lushlarimni sumkaga joylab, boshim oqqan tomonga ketdim. Inomga qo‘ng‘iroq qilgandim u meni yana o‘sha ayolnikiga olib borib tashladi. Menga sovchi yuborishini, tezlik bilan nomimni oqlab berishini iltimos qildim. Ammo u uylangan, bitta qizchasi borligini, men bilan faqat ko‘ngilxushlik qilib yurganini aytgach, boshimni devorga urib qolaverdim.

Inom meni bir ayol bilan tanishtirib, yordam berishini uqtirdi. Qo‘ng‘iroq qilib, ayolga dardu xasratimni aytdim. U meni o‘z uyida yashashga taklif qildi. Dastlab uy yumushlarini bajardim. So‘ng esa, ba’zi ba’zida tunda mehmonga kelgan erkaklarning ko‘nglini ovlashni buyurdi. Shunday qilib hayotim izdan chiqdi. O‘sha ayolning yordami bilan Rossiyaga ishlagani ketdim. Uyoqda topgan pullarimni opamning nomiga yubordim. Mendan pul kelayotganini eshitgan akalarim qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lanib, hol-ahvol so‘ray boshlashdi. Bu orada ikki marta uyga ham kelib ketdim. Qozog‘istonda ham besh yil ishlab, topgan pullarimni uyga yubordim. Akalarim o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatishdi. Besh yil oldin to‘satdan buyragimdagi shamollash kuchayib, ishga yaroqsiz bo‘lib qolgach, uyga qaytdim.

Ammo ikki akam meni ostonaga ham yo‘latmay, ochiqdan-ochiq haydashdi. Poytaxtga kelib, mardikorlik qila boshladim. Bozor atrofidagi yog‘ochdan yasalgan hujrada yashayman. Xona juda sovuq, sharoiti yo‘q. Bir kunimni ko‘rib yuribman. Ilgarigi noma’qul ishlarimni takrorlashni istamayman. Hayotimni o‘zgartirish uchun o‘z-o‘zimga so‘z berdim.

2017 yil oktyabr oyida onamning tug‘ilgan kunida sovg‘a-salomlar olib, uyimga bordim. Ammo kichkina akam uyga kiritmadi. Katta opamning yordamida onam bilan uchrashdim. Onam ham: “Bolam, meni tinch yashasin, desang, boshqa bu xonadonga qadam bosma”, dedi. Bu gapni eshitgandan ko‘ra o‘lganim afzal emasmi? Pul topganimda meni kechirishgan, hatto uyda bir necha oylab yashashimga ruxsat bergan akalarim nima uchun xastaligimda yana uydan haydadi?
Yordam so‘rab, tuman, viloyat hokimliklariga bordim. Hech kim dardimni eshitishni istamaydi. Boshimda boshpanam, doimiy ishlaydigan ish joyim bo‘lishini, taqdirimni o‘zgartirishni istayman, ammo...

BIZNING QISMATIMIZ UChUN BOShQALAR AYBDOR EMAS
Taqdirim juda chigal, – deydi navoiy­lik Qunduz ismli ayol. - 18 yil turmush qurib, to‘rt nafar farzandimni tirik yetim qilib, er-xotin ajrashdik. Xo‘jayinim ichkilikka berilgan. Uy-joysiz qolgach, bolalarimni maxsus internatlarga joylashtirib, o‘zim mardikorlik qilishga majbur bo‘ldim. Yordam so‘rab tuman, viloyat hokimliklariga bordim, najot bo‘lmadi. Turli joylarda ijarada yashadim. Ijara haqini to‘lolmay, u yerlardan ham haydaldim. Mardikor bozorida noqonuniy ishlaganimiz uchun ichki ishlar xodimlaridan qochib yuramiz. Qo‘lga tushsak, panjarali avtobusga tiqib, “Panelniy”dagi maxsus bo‘linmaga olib ketishadi. Uch-to‘rt kun o‘tgach, qishloqqa ketish sharti bilan qo‘yib yuborishadi. Cho‘ntagimizda bir so‘m pulimiz, yeyishga nonimiz qolmagach, yana mardikor bozoriga chiqaveramiz. Kuniga 30-40 ming so‘m pul topaman. Bog‘bonlikdan xabarim bor. Yoshligimda otamdan o‘rganganman. Odamlarning uylarini tozalashga borsam, daraxtlarini ham kesib, parvarish qilib beraman. Kelishilgan pulga yana 10-15 ming so‘m qo‘shiladi. Yaxshi gap ham, yomon gap ham bir og‘izdan chiqadi. Odamlar bilan iloji boricha yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilaman. Ayrim ayollar juda asabiy bo‘lib qolgan. Sal gapga mijozlar bilan janjallashib ketadi. Biz shunday hayot kechirayotganimiz uchun boshqalar aybdor emas. To‘g‘risi, turli tashkilotlarga yordam so‘rab borganman, biror narsa talab qilib emas. Kimdir yoki qaysidir tashkilot menga yordam berishga majbur, deb hisoblamayman. Biroq ozgina qo‘llab yuborishsa, doimiy ishim bo‘lsa, hayotimni izga tushirib olardim. Muhtojlikdan mardikorlik qilaman. Ammo bu ishimdan uyalmayman. Begona yurtlarda kamsitilgan, xo‘rlangandan ko‘ra o‘z yurtimda mardikorlik qilganim ming marta yaxshiroq. Bolalarimga go‘sht yedirmasam ham, non topib berayotganimga shukr qilaman.

QIRQ KUNLIK ChAQALOG‘I BOR EKAN
– O‘tgan yili yoz oyida bir xonadonda ta’mirlash ishlarini o‘tkazdik, – deydi samarqandlik Mehmonali ismli ish yurituvchi yigit. – Uy egasining iltimosiga ko‘ra, Qo‘yliq bozoriga borib, yigirma yoshlardagi mardikor juvon bilan gaplashib, 40 ming so‘m ish haqiga kelishib, olib keldim. Oyoq-qo‘li chaqqongina ekan. Tushlikka yaqin uy egasi Jamila opa meni chaqirib: “Tezlik bilan ayolning ish haqini berib, uyiga qaytarib yuboring”, dedi. Jamila opa, ayolning emizikli bolasi borligini payqab qolibdi. So‘rab-surishtirsa, 40 kunlik chaqalog‘ini tashlab, ishga chiqqan ekan.

O‘ZIDAN O‘TGANINI O‘ZI BILADI
– Qo‘yliq bozori yonidagi ko‘prik tagida turadigan ayollarning xizmatidan men ham foydalanganman, – deydi Quyi Chirchiq tumanida yashovchi Shirin ismli ayol. – O‘tgan yili bahorda tomorqadagi yumushlar uchun surxondaryolik yoshgina juvonni olib ketdim. Ko‘hlikkina ekan. Besh yashar qizchasini ham o‘zi bilan birga olib yuribdi. Yana qornida uch oylik homilasi ham bor. Uyga borgach, taqdiri haqida surishtirdim. Turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tgach, otasining uyiga qaytib borgan. Ota-onasi uni uzatmoqchi bo‘lsa, qizim o‘gay ota qo‘lida o‘sishini istamayman, deb uyidan chiqib ketibdi. Qizchasini enagaga topshirib, o‘zi mardikorlik qilgan. Enaga qizchani qarovsiz qoldirganini bilgach, uni o‘zi bilan olib yurishga majbur bo‘lgan. Yoz kunlari halol mehnat qilib, ro‘zg‘origa yetadigan pul topgan. Qishda esa uch-to‘rt kunlab ishsiz yurib, och qolgach, oilali erkakning ra’yiga yurishga majbur bo‘lgan. Homiladorligini bilgach, oldirib tashlashga mablag‘ topolmay qolgan. O‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. Dardi dunyosi qorong‘u. Yurtiga qaytib, turmush qurishini maslahat bersam, ko‘nmadi. Birgina nojo‘ya harakatining kasri ayolni botqoqqa tortyapti.

XULOSA
To‘rt soatlik suhbat davomida tagcharmi qalin, qo‘nji baland etigimdan ham sovuq o‘tib ketdi. Bu yerda turishga ortiq toqatim yetmasligini bilib, ketishga chog‘lanar ekanman, beixtiyor ayollarning oyoqlariga razm soldim. Biri kalish, yana biri kuzgi, boshqasi esa yozgi yengil shippakda yuribdi. Qirq yoshlar atrofidagi surxondaryolik Qizlarbas ismli ayol: “Opa, menga ham vaqt ajrating”, deb iltimos qilgach, yana ortga qaytdim.
...“Mana bu o‘g‘limning ismi Ziyodulla. 14 yashar. Maktabda a’lo baholarga o‘qiydi. Ammo chap qulog‘i tanasiga yopishib tug‘ilgan. Shundan uyalib maktabga borgisi kelmaydi. Shifokorlar operatsiya uchun 1000 AQSh dollari miqdorida pul ketishini aytishgach, boshim qotib qoldi. Imkoni bo‘lsa yordam bering”, dedi u javdirab. Chap qo‘lidagi bosh barmog‘i yo‘q bir ayol esa tikuvchilik qilish istagida... Faqat u kredit olib ish boshlash uchun qayerdan yordam so‘rashni bilmaydi...
Bu ayollarning deyarli 90 foizi yordam so‘rab turli idoralarga borgan, telefon qilgan, dardini aytgan. Ularni qabul qilganlar esa muammoni qalin daftarga qayd ham qilib qo‘yishgan. Biroq bu daftarlar o‘sha ondayoq yopilgan, unutilgan. Shu bois bu ayollar hech kimga ishonmaydi, hech kimdan najot kutmaydi. Hayotning turli zarbalarini ko‘raverib diydasi qotgandir, biroq ularning qalblari toza.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayollar mardikor bozorida o‘tgan to‘rt soat...