08:30 / 27.08.2018
6 229

Nima(ga) kerak maʼnaviyat?

Nima(ga) kerak maʼnaviyat?
Gadoytopmas bu joyda bir uyum odam ishlaydi. Ha, bir guruh emas, bir uyum. Qonunsizlik, zoʻravon ojizni ezishi, haqini yeyishi kundalik hol. Ularning orasida dindori bor, kitobga mukkasidan ketgan kitobxoni bor, xushfeʼli bor, alkash va xotinbozi bor, ammo muhit yuqorida aytganimday.. Direktor bir oyda xabar oladi, qolgan vaqti salqin shaharda vaqtini oʻtkazadi, ishchilaridan qoʻlini yuvgan, loqayd. Bir kuni piyonista juldur ishchi direktorga tik gapirdi: “Sen bizning haqimizni yeyapsan, gʻamimizni emas. Vazifangni bajarmayapsan. Kimsan oʻzing?” va hokazo. Shunda birdaniga soch-soqoli oʻsiq, ogʻzidan aroq hidi anqiydigan, kiyimi juldur va kir, aft-angori xarob ishchi barchaning nazdida qahramon va avliyoga aylandi. Nimaga? Unda oʻrnak oladigan xislatning oʻzi yoʻq-ku.
* * *
Yuqoridagi “ibratli” hikoyani 7-8 yilcha oldin oʻzimcha yozib qoʻygandim. Toʻgʻri, noʻnoqroq chiqqan, ammo voqea, haqiqatan, yuz bergan. Shu kunlarda maʼnaviyat masalasida mustaqil tahlilchi Said Abdulaziz Yusupovning FFF (futbol, fiyesta, fahsh) nazariyasi ifodalangan videolavha tarqaldiyu, eski mavzu qalqib chiqdi: maʼnaviyat, axloq, milliyligimiz. Feysbukda darhol Yusupovning ustidan istehzo boshlanib ketdi: nimalar deyapti bu “ekspert”, qaysi joyda bunaqa teoriya bor ekan, kim oʻylab topgan? Rostini aytsam, yoʻq joydan “dushman obrazi” yasagan tahlilchining gapiga, dastlab, mening ham ensam qotdi. Ammo dono gugldan soʻraganimda Portugaliya diktatori Antoniu di Salazar aholini boshqarishda uch Fga, yaʼni, Fado – musiqa, futbol, Fatima – din (baʼzi oʻrinlarda Fiesta – lazzat, huzur) suyanganini aytdi (1-manba , 2-manba). Bu diktatorning ilmiylikka daʼvo qilmaydigan obrazli fikri, biroq toʻliq boʻlmasa-da, Yusupovning xulosasiga ozmi-koʻpmi dalil boʻla oladi.

Qizigʻi shundaki, jamiyatimiz maʼnaviyatchilar deganda oq koʻylak va galstukli safsataboz bir toifani anglashi tobora ravshanlashib borayotganini munosabatlar oshkor etib qoʻydi. Gʻarbsevarlar ham, taqvodorlar ham maʼnaviyatchi desa peshonasi tirishadi. Quyida mustaqil tahlilchini muhokama qilmoqchi emasman, ammo maʼnaviyat degan soʻz odamlarni naqadar bezdirgani haqida bir oz mulohaza bildirsam.

Aslida maʼnaviyat degani yomon, yovuz narsa emasligi kunday ayon. (10 yil oldin maʼnaviyat tushunchasining mohiyati haqida zalvarli-zalvarli mulohazalar boʻlardi). Mustaqillik davrining ilmi bilan istehzo aralash taʼriflasak, yuksalganda yengilmas kuchga aylanuvchi nomoddiy substansiya. Insonning ichki dunyosi, axloqiy kuchini ifodalaydigan tushuncha. Soddaroq qilib axloqning oʻzi deb talqin qilsayam boʻladi. Axloq borki, odamzot yashab kelyapti. Xudo-pudoyingni bilmayman, deb karillovchi dahriyga ham axloqsizsan, desangiz, dod soladi.

Ammo bu pok tushuncha bozorga solinib savdoga qoʻyilgani chatoq, siyosiy mafkura qoʻlida qurol boʻlgani yomon. Oxirgi 10 yilliklarda maʼnaviyat soʻzi qoʻy yogʻidek kishining meʼdasiga tegdi. Bejizga qoʻy yogʻiga qiyoslamadim, qiziqchi aytganidek har narsaga davo vositasi oʻrnida ishlatila boshlandi. “Qiz-juvonlarimiz xorijda fohishaxonani gullatishyapti” – xulosa: ularning maʼnaviyati past; “Falon jabrdiyda chet el radiosida hukumatni tanqid qilibdi” – xitob: vatanfurushlik, qanday maʼnaviyatsizlik; ”Sportda kelishilgan oʻyinlar avjida” – javob: maʼnaviyat ham qolmapti; “Falon estrada yulduzi eri bilan ajrashibdi” – tanqid: maʼnaviyati yoʻq otarchilar va hokazo.

Mening fikrimcha, biror-bir amalni jamiyat qabul qilishni istamasa, xon hazratlari davrida “bu qilgʻon ishing pusulmonchiliqda bormi?”, qizil bayroq zamonida “Tovarish, eto ne po-kommunisticheski” deyilgan boʻlsa, hozir “maʼnaviyatimizga toʻgʻri kelmaydi”, deyilmoqda. Shakl oʻzgargan, mazmun oʻsha. Axir, ayollar xorijda fohishalik qilayotgan boʻlsa, ildizini ishsizlikdan qidirish; sportda kelishilgan oʻyinlar urchisa, ochiq tekshirish; jabrdiydaning arziga quloq, ogʻziga mikrofon tutish kerak emasmi? Davlat oʻz vazifasini bajarmasdan aybni mavhum “maʼnaviyat”ga yuklab qoʻyishi naqadar oson va xunuk.

Masalaning yana bir tarafi bor. “Qutlugʻ qon” romanini oʻqiganmisiz? Yoʻlchi huquqsiz, kambagʻal va nochor yigit. U oʻz yogʻiga qovurilayotganda Abdushukur ismli bir ziyoli sabr va vatan taraqqiyoti haqida behuda vaʼz oʻqiydi. Yoʻlchi ijtimoiy tengsizlik, iqtisodiy tang sharoitning mahsuli. Unga non kerak, ish kerak, adolat kerak, biroq ziyoli unga nasihatdan boʻlagini berolmaydi. Oʻtmish va bugun oʻrtasidagi parallelga eʼtibor bering. Bugun ham ijtimoiy taʼminot maqtangulik emas; boy va kambagʻal oʻrtasidagi farq juda baland; ishsizlik avj nuqtasiga yetganidan yozda chekka qishloqlarda erkaklar deyarli qolmaydi; korrupsiya va tanish-bilishchilik tomirlarimizda qonimizga qoʻshilib oqyapti; amaldorlarimiz orttirgan millionlab dollariga (qonuniy yoʻl bilan buncha topolmaydi) chetda qasrlar qurayotgani hech kimga sir emas; taʼlimda bir uyum muammolar toʻplangan; majburiy mehnat va inson huquqlari boʻyicha tez-tez tanqidlarga duch kelib turamiz va hokazo. Bu holatda maʼnaviyat avom uchun bir aldov ekan, deb oʻylaysan, kishi. Biz choʻntak qappaytiraylik va ofshordagi sandigʻimizni toʻldiraylik, ammo sizlar maʼnaviyatli boʻling, bolakaylar, usiz vatan taraqqiyoti yoʻq, sizga aytsam, eh, maʼnaviyat qanday yaxshi narsa-ya...

Bunday holda maʼnaviyat tushunchasi ommaning qulogʻiga kirarmidi? Maʼnaviyat targʻibotchisining nohaqlikka isyoni boʻlmasa, gapini yetkaza olarmidi? Men maʼnaviyat targʻibotchisi sanalgan Maʼnaviyat markazi majburiy mehnat yoki qonunsizlikning biror koʻrinishiga qarshi chiqqanini eshitmadim, Yoshlar ittifoqidan ham bunday tashabbus uchratmadim, vaholanki huquqbuzarlik va tahdidlarning oldini olish ularning belgilangan maqsadlari orasida bor. Aslida, ular qoʻliga qalam olib jangga kirib ketishini taklif qilayotganim yoʻq, ular davlatdan moliyalashtirilishini tushunaman, ammo odamlarning dardini eshitmasangiz ular ham sizni eshitmaydi-da.

Hozir odamlar orasida jurnalistning hurmati oshib qoldi, ayniqsa dolzarb ijtimoiy mavzuda yozuvchi jurnalistlarga oddiy odamlar dilini ochyapti, bosar-tusarini bilmay qolgan rahbarlar jurnalist desa sergak tortyapti. Yaqin oʻtmishimizda davlat nashrlari yoritolmagan ijtimoiy va siyosiy mavzularni chet el nashrlari koʻtarar, mamlakatimizda ularning huquq himoyachilari deb ataluvchi hamkorlari boʻlardi, hozir mahalliy jurnalistlar ham faollashib qoldi. Jamiyatni samarali boshqarish va farovon kelajakka eltish uchun faqat chiroyli targʻibot emas, xolis axborot va qonun ustunligi zarurligini aytmoqchiman. Aks holda pandu nasihatdan miyasi gʻovlagan “maʼnaviyat”li olomonni yetishtiramiz xolos.

Ayni kunda qonunsizlikka murosasiz, jamiyatni illatlardan tozalayotgan, vazirlar va hokimlarning, kerak boʻlsa, prezidentning faoliyatini tahlil va tanqid qilayotgan jurnalistlarga havas qilaman. Maʼnaviyatchilarga emas.
Bloger Shukurjon Islomov

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nima(ga) kerak maʼnaviyat?