date
views 3 173

“Korrupsiya” atalmish “maxluq”ni kimlar oziqlantirmoqda?

“Korrupsiya” atalmish “maxluq”ni kimlar oziqlantirmoqda?
Toshkent shahar IIBB saytida korrupsiya muammosi haqida maqola eʼlon qilindi.

“Poraxoʻrlik muammosi haqida fikr yuritishar ekan, odamlar koʻpincha oʻzlari bilib-bilmay uning rivojiga “hissa” qoʻshayotganlarini anglab yetmaydilar. Baʼzan bu “yebtoʻymas maxluq” balosidan ikki-uchta ishdan boʻshatishlar bilan qutulish mumkindek tuyuladi. Lekin minglab odamlar – oddiy uy bekalaridan tortib firmalar xodimlari, avtomobil haydovchilari, boshqa oʻnlab kasb egalari oʻz qoʻllari bilan boqib turgan bu ofat balosini yuzlab poraxoʻrni vazifasidan chetlatish bilan ham bartaraf etish mumkin emasligini anglab yetmaydilar...”, deb boshlanadi maqola.

Qayd etilishicha, bir paytlar Oʻzbekiston va boshqa sharq xalqlari turmush madaniyatiga daxldor boʻlgan, yaxshi xushxabar eshitganda – farzand yoki nabira koʻrganligi, toʻy xabarini keltirgan kishiga roʻmolcha, belbogʻ sovgʻa qilish, yaʼni “suyunchi” berish goʻzal anʼana hisoblangan.

“Bugungi kunda esa bu ajoyib odatning koʻrinishi, “turqi” buzilgan. Endi deyarli har bir kishi uni ishga qabul qilayotgan idora rahbari yoki hujjatini rasmiylashtirayotgan xodimni oldindan “rozi qilish”ga intiladi. Buni zimmasidagi “majburiyat” sifatida qarashga oʻrganib qolgan. Agar bunga imkoniyati yoʻl bermasa u oʻziga “nomunosib ish”ni berishlaridan choʻchib turadi. Agar shunday holat yuz bergan taqdirda ham biror joyga shikoyat qilishga oʻzini nohaq, deb biladi. Toʻgʻri, bunday holatlar yuzasidan shikoyatlar tushib turadi. Ularning aksariyati toʻgʻri, deb topiladi ham. Chunki ilgari imkoniyati borlardan “ragʻbatlantirilgan” xodimlar endi har bir koʻrsatgan yordami, xizmati uchun nimadir taʼma qilishga odatlanib qolgan boʻladi”, deya davom ettiriladi maqola.

Unda yozilishicha, shunday hollar ham uchraydiki, baʼzan odamlar bunday “suyunchi”larni xodimlarning qarshiligiga qaramay ularga tiqishtirishga intilishadi. Yana bunday ishlarini “agar olmasangiz xafa boʻlaman”, “buni chin koʻngildan berayapman” degan soʻzlar bilan oqlaydilar ham. Baʼzan bu gaplardan keyin “mukofotni” olmasdan iloji qolmaydi.

“Bunga yorqin misol yaqinda Oʻzbekistondagi ommaviy telegram-kanallardan birida koʻrsatildi. Namoyish etilgan videoda adashib qolgan bolasini topgan baxtli ota bunga koʻmaklashgan ichki ishlar boʻlimi xodimlariga “suyunchi” berishga intilayotgani koʻrinib turibdi. Bu ota ichki ishlar xodimlarining qarshiligiga qaramay, “suyunchini” tashlab, tashqariga otilib chiqmoqda. Ehtimol u oʻzining militsiya xodimlaridan naqadar minnatdor ekanligini izhor qilmoqchi boʻlgandir, ammo beixtiyor keyinchalik uning mavjudligidan shikoyat qilishga majbur boʻladigan muammoning vujudga kelishiga koʻmaklashganini oʻylab ham koʻrmadi. Keyinchalik ushbu voqea xususida doʻstlariga soʻzlab berganida, “albatta, men ularni quruq qoʻymadim, shu sababli sidqidildan intilishdi” deb ham qoʻshimcha qilishi ehtimoldan yiroq emas. Bu bilan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy koʻmaklashish markazi xodimining bolani topishga sarflangan beminnat xizmati, uni izlagan va markazga keltirgan boshqa kishilarning begʻaraz yordamiga nohaq soya solindi”, taʼkidlanadi maqolada.

Eʼtirof etilishicha, shahar IIBB rahbariyati tomonidan huquq-tartibot organlarida korrupsiyaning ildizini qirqish, kadrlar tarkibini yangilash borasida katta ishlar qilinmoqda.

“Lekin biz tomonimizdan jalb etilgan va tarbiyalanayotgan yosh kadrlarni ham odamlar oʻz “minnatdorchiligi”, “suyunchi”lari bilan eski oqimga tortmoqda. Gap bu yerda faqat ularning bajargan biror-bir ishidan nihoyatda roziligi, minnatdorchiligi xususida emas, balki baʼzi odamlarning ana shu yoʻl bilan oʻzi sodir etgan qonunbuzarchiliklarni xaspoʻshlashga intilishadi hamdir.

Shunday vaziyatni koʻz oldingizga keltiring: Yoʻl-patrul xizmatida oʻz vazifasiga vijdonan yondashadigan, rostgoʻy xodim ishlaydi. Kunlarning birida u yoʻl harakati qoidalarini buzgan haydovchini toʻxtatadi. Bu odam koʻzda yosh bilan undan ayni shu kunlarda hayotida ogʻir kunlar sodir boʻlganligini aytib, kechirishini soʻraydi. Yoʻl-patrul xizmati xodimi oʻz vazifasiga tegishli yoʻriqnomalarni buzib boʻlsa-da, uning ahvoliga tushunib haydovchini qoʻyib yuboradi. U esa ketish oldidan xodimning qoʻliga “minnatdorchilik”ni qistiradi. Ana shunday haydovchilarning bir nechtasiga duch kelgan va ulardan bunday “minnatdorchilik”larni qabul qilgan yoʻl-patrul xizmati xodimi keyinchalik bunday voqealarga oddiy hol sifatida qaraydigan boʻladi. Bir-ikki yildan soʻng esa haydovchilarga ana shunday “ragʻbatlantirishga” ishora qila boshlaydi yoki ochiqdan-ochiq beriladigan pora evaziga ularning qoidabuzarliklariga koʻz yuma boshlaydi. Siz ana shunday yoʻl-patrul xizmati xodimiga duch kelishni istaysizmi? Albatta yoʻq! Unda bu singari xodimlarning “tugʻilishi”ga sababchi boʻlmang”, deya taʼkidlanadi IIBB matbuot xizmati tomonidan.

“Ham kuladigan, ham kuyadigan joyi shundaki, yoʻl-patrul xizmati xodimi qoʻlidan avval oʻzini bechorahol, ogʻir ahvolda qolgan kishi sifatida koʻrsatib qutulgan oʻsha haydovchi oradan koʻp oʻtmay ichki ishlar xodimlarining “pulga sotilishi” haqida hikoya qilayotganini eshitsangiz hayron boʻlmang. Bunday paytlar ular negadir oʻzlarini oʻsha xodim oldida “yolvoraman, ahvolimga tushuning, jon aka!” deya yalinib turgan lahzalarini va uning qoʻliga pul tiqishtirayotganini unutib qoʻyishadi.

Poraxoʻrlik sodir boʻlganligi haqidagi voqeadan ogoh boʻlib, buni yashirgan shaxs porani bergan yoki olgan kishidek bir tarzda aybdordir. Rivojlangan hech bir jamiyatda masʼuliyatdan qochish ragʻbatlantirilmaydi. Javobgarlikdan qochadigan shaxsni ular munosib inson, deb hisoblamaydi. Toʻgʻri, har kim ham xato qilishi mumkin, lekin asosiy koʻrsatkich uning keyin oʻzini qanday tutishi, qilgan ishi uchun javobgarlik hissini tuyushidadir. Yoʻl harakati qoidasini buzganligingiz uchun hujjat rasmiylashtirilsa, avtomobilingiz jarima maydonchasiga olib ketilsa, buning uchun jarima toʻlasangiz behuda talvasaga tushmasligingiz lozim. Yoʻl harakati qoidasini buzdingizmi – huquqiy inson sifatida javobgarlikni ham boʻyningizga oling.

Korrupsiya atalmish “maxluq”ning uchinchi “jozibador” tomoni – odamlardagi oʻz hayotini mayda-chuydalardan xoli qilishga boʻlgan jilovlanmagan intilishdir. Misol uchun, shifokorlar koʻrigidan oʻtishga vaqt sarflamay poliklinikadan dalolatnoma sotib olish, boshqalarga oʻxshab navbat kutmay biror-bir xizmat koʻrsatilishini pul evaziga tezlashtirish shular jumlasidandir. Bular vaqtdan yutishning faqat ikkita “oddiy va begʻaraz” usuli emas, balki bolalaringizning ham kelgusida qonunbuzarlik orqali oʻz ishini “tez va soz” bitkazishga oʻrgatuvchi siz koʻrsatgan mashʼum bir misoldir. Yaʼni ular ana shunday qonunbuzarliklarga sizning xatti-harakatlaringiz timsolida oʻrganib borishadi.

Uning bilan magʻrurlanish mumkin boʻlgan kelajakni koʻrmoqchimisiz?

Bugundanoq turmush va fikrlash tarzingizni oʻzgartiring. Atrofingizdagilarni ham shunga undang. Qonun-qoidalar buzilishiga yoʻl qoʻymang. Avvalo, yoʻlda avtomobil tezligini oshirmang, qoʻshnilar eshigining oldiga chiqindilarni tashlamang, bahslashganda boshqalar shaʼnini kamsitmang – bunda ham vaqtdan, ham puldan tejaysiz. Oqibatda oʻzingizga ham, jamiyatga ham foyda. Biror-bir ish siz oʻylaganchalik bitmaydi, degan hayolda “mukofot” puli berishga shoshilmang. Agar natija sizni qoniqtirmasa bu haqda ulardan yuqori idoralarga xabar berishingiz, sanksiyalar qoʻllanilishiga erishishingiz mumkin. Agarda pora berishga undash hollariga duch kelsangiz belgilangan tartibda tegishli organlarga oʻz vaqtida murojaat qiling.

Yoʻl qoʻygan xatolaringiz uchun masʼuliyat hissini tuyushni oʻrganing. Jarimani davlat xazinasiga yoki biror-bir xodimning choʻntagiga toʻlash – boshqa-boshqa narsa ekanligini unutmang. Biri qonuniy boʻlsa, boshqasi jinoyatdir. Bunda pensiya toʻlashga, maktablarni va shifoxonalarni taʼmirlashga sarflanadigan davlat byudjetini toʻldirish begona choʻntakni qappaytirish hamda shu bilan birga korrupsiyaga yoʻl ochishdan afzalligini unutmang.

Agar sizga biror xizmat koʻrsatishsa “rahmat”ni pul bilan emas, oddiy soʻz bilan aytishga oʻrganing. Soʻz bilan minnatdorchilik bildiring, yordamingizga muhtojlardan koʻmagingizni ayamang. Bu bilan xayrli ish qilgan boʻlasiz. Keksalarga hovli-joyini tartibga keltirishga koʻmaklashing, qariyalar uyida yashovchilarga eʼtibor koʻrsating. Bizning Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazimizga oziq-ovqat mahsulotlari bilan yordam bering. Boshqalarga yaxshilik qilish, himmat koʻrsatishning yoʻli koʻp – oʻzingiz tanlang.

Ana shunda “korrupsiya” atalmish “maxluq” halokatga mahkum boʻladi. Faqat shundagina siz oʻzingizga va farzandlaringizga haqiqatdan ham magʻrurlanish mumkin boʻlgan kelajakni sovgʻa qilgan boʻlasiz”, deya taʼkidlanadi maqolada.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Korrupsiya” atalmish “maxluq”ni kimlar oziqlantirmoqda?