14:12 / 27.06.2019
3 024

"Standartlar ikki xil bo‘lsa qiyin ekan"

"Standartlar ikki xil bo‘lsa qiyin ekan"
Avvallari deputatlar «gapirmasdi» va bu bizga yoqmasdi, endi ular «gapiryapti», lekin baribir yoqmayapti. Standartlar ikki xil bo‘lsa qiyin ekan.

Demokratiya har bir insonda o‘z fikrini bildirish huquqi borligini ta’minlaydi, xoh u to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin. Fikrga munosabat bildirish huquqi ham bor, faqat birinchisini ommaga badnom qilish evaziga emas.

Sekulyar davlat degani dindan gapirgan odamni «konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga chaqiryapti» deyishga asos bo‘lmaydi. Balki bu uning xohishi, lekin bizda boshqa qonunlar deyish bilan kifoyalanadi.

E’tiqod erkinligi birinchi unutiladigan tushuncha bo‘lib qoldi. O‘zbekiston dunyoviy qonuniyatlar asosiga qurilgan davlatligini deputatlar bilmaydi deb o‘ylaysizmi? Axir ular deputat bo‘lib saylanishgan, o‘sha qonunlar bo‘yicha.

Yoki deputat hech bir dinga e’tiqod qilmasligi kerak, yo buni oshkor qilmasligi, hech bo‘lmasa dinining ta’limotlaridan kelib chiqadigan fikrlarni ommaga aytmasligi kerak degan talab bormi?

Hozir deputatlarni «urayotganlar» ichida o‘z vaqtida ommaviy chiqish jarayonida xato gapirganlarni himoya qilganlar ham bor, «odamning bir xatosi uchun uni badnom qilinmaydi», deb, lekin u shaxslarning «yutug‘i» ular dindan gapirmagan edi.

Bag‘rikenglikdan gapirgan bag‘ritorlar, demokratik davlatda yashayapmiz, hammaning fikr bildirish huquqi bor, lekin badnom qilish huquqi hech kimga berilmagan. Istalgan rivojlangan davlatni oling, dindan istaganicha gapirishi mumkin, AQShning dollariga hatto «Biz Xudoga ishonamiz» («In God We Trust») deb yozib qo‘yilgan, sekulyar davlatda! Xudoga ishonmaydigan qismi o‘zini kamsitilgan his qilyaptimi? Negadir hech kim sudga bermayapti yoki ommaviy xatlar ko‘rinmayapti?

Ma’lumot uchun. Dunyoda «Nasorolik demokratiyasi» («Xristianskaya demokratiya») degan tushuncha bor. Nasoro demokratlari ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni nasorolik tamoyillari bo‘yicha hal qilinishi kerak deb hisoblaydilar (wikipedia.org). Xo‘sh, endi bizdagi ayrim deputatlar ba’zi bir muammolarni Islom dini ta’limoti asosida hal qilish mumkin deb hisoblasa, nega ularni aybdor qilish kerak? Ularni ayblab, ularga tuhmatlar uyushtirayotganlar Yevropaning demokratiyasini istashmaydimi? Yoki ular undan ham yaxshi tizimni bilishadimi? Albatta yo‘q, faqat standartlarni qo‘llashda nafsga e’tibor qaratishadi.

Yevropadan gapirilsa, «mana bizda bir jinsli nikohlarga ruxsat berilmaydi-ku», deb gapni boshqa tarafga olib o‘tishga harakat qilinadi, ya’ni bunga ruxsat berilmadimi, demak dinga ham ruxsat yo‘q, degan ma’noda. O‘ylab ko‘ring, bunday holatlarga Yevropa ham jon deb turgani yo‘q, hatto Germaniya kansleri Angela Merkel bir jinsli nikohlar bo‘yicha parlamentda o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida qarshi ovoz bergan (rossaprimavera.ru). Bu mavzuga ortiq to‘xtalmoqchi emas, fikr erkinligi ta’minlanmoqchi bo‘linsa bu hammaga bir xil bo‘lishi kerak.

Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Finlyandiya, Fransiya, Shveysariya, Shvetsiya kabi yevropada joylashgan va ozmi-ko‘pmi rivojlangan davlatlar ro‘yxatiga kiruvchi mamlakatlar o‘zlarining nasorolik partiyalariga ega (wikipedia)'dan ular haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.

Va bu davlatlardagi nasorolikka asoslangan partiyalar muammolarni hal qilishda o‘z prinsiplariga asoslanishadi. Bizda bunday partiyalar yo‘q, to‘g‘ri, konstitutsiyaning 57-moddasida diniy ruhdagi partiyalar tuzish taqiqlanadi deb yozib qo‘yilgan. Lekin bu partiya a’zolari dindan gapirishi mumkin emas degan iddaoni qilishga asos bo‘lmaydi.

Shaxsiy xulosa, Islomdan gapirgan yoki sizga ma’qul kelmaydigan fikr aytgan insonga tashlanavermaylik.

Prezident Shavkat Mirziyeyov ham «Islomimiz» deydi:
«...Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, lekin menga yoqadi. Biz hech qachon Islomimizni, nurli Islomni, Qur’ondan keyin ikkinchi kitobni, qayerda yozilgan, kim yozgan, deyilganda bobomiz Imom al-Buxoriyni aytganim bejiz emas...».

Yaqinda Bosh prokuror lavozimiga tayinlangan Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham Islomdan iqtiboslar keltiradi:
«Pora olgan ham, uni bergan ham do‘zaxiydir. Muqaddas dinimizning ushbu qat’iy hukmi korrupsiya illati barcha zamonlarning “bosh og‘rig‘i” bo‘lib kelganidan dalolatdir».

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Standartlar ikki xil bo‘lsa qiyin ekan"