11:50 / 04.07.2019
3 274

Manqurtsimon avlod qanday qilib yetishtirilmoqda?

Manqurtsimon avlod qanday qilib yetishtirilmoqda?
Inson tug‘iladi, bog‘chaga boradi, keyin maktab, undan so‘ng kasbi bo‘yicha o‘qiydi, keyin esa 40 yil ishlaydi, mana shundan so‘ng nafaqaga chiqib o‘z umrini poyoniga yetkazadi. Bog‘cha bolaga u doim o‘z tengdoshlari qurshovida bo‘lishi va jamiyatdan ajralib qolmasligi uchun kerak. Qishloqda esa bolalar shunchaki ko‘chada o‘ynaydi, samara esa o‘sha-o‘sha.

Shaharda ota-onalar kun bo‘yi ishda bo‘lganidan farzandlariga yetarlicha vaqt ajrata olmaydi, ular bilan o‘ynay olmaydi. Undan keyin maktab davri boshlanadi, 9-11 yil bizni o‘qish, yozish va hisoblashga o‘rgatishadi. Lekin ming afsuski, shuncha uzoq muddatga qaramasdan aksariyat tarbiyalanuvchilar mazkur uch ko‘nikmani mukammal darajada o‘zlashtira olmaydi. Maktab o‘quvchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalaridan xulosa qilinadigan bo‘lsa, faqat ayrimlargina to‘g‘ri yoza oladi, hisoblashga kelsak ham – shunday.

Savol tug‘iladi: Modomiki aksariyat 13 ni 25 ga hayolida ko‘paytira olmas ekan, unda maktab o‘quvchilarining boshini algebra va kimyo fanlari bilan qotirishdan maqsad nima?

Maktabda bolalarga o‘rgatiladigan asosiy narsa – bu bo‘ysunish, kattalarga bo‘ysunish, o‘qituvchilarga bo‘ysunish va hokazo.

O‘qishni universitetda davom ettirish esa – bu korrupsiyaviy jamiyatda mustaqil hayotga tayyorgarlik demakdir. Jamiyatki, bunda har qanday to‘g‘onoqlarni pul yordamida olib tashlash mumkin. Albatta, oliy ta’limda sidqidildan o‘qiydiganlar ham bor. Lekin talabalarning aksariyati kayf-safo, ichish, chekish va tunni yaxshi o‘tkazishni asosiy maqsad qilib olishgan. Kitob o‘qish esa – bu ularning fikricha “moda”dan qolgan va hech kimga kerak emas, axir barcha masalalar pul bilan hal bo‘ladi-ku.

Mana, shunday qilib, itoatkor manqurtlar ekspluatatsiyaga tayyor. Itoatkorlik va korrupsiya dasturlari o‘rnatilgan. Tag‘in manavi dasturlar ham o‘rnatib qo‘yilgan: “Hamma chekadi – men ham chekaman”, “Alkogol – do‘stimiz”, “Televizor – eng yaxshi maslahatchi”, “Bugun va hozir yashab qol”. To‘g‘ri, istisno holatlar ham bor, lekin bu juda kam uchraydi.

Keyin-chi? Keyin esa 40 yil mehnat qulchiligi. Bizning (Rossiyaning – tarjimon izohi) universitetlarni tugatgan mutaxassislar kimga kerak? Aksariyat hatto o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bazaviy bilimlarga ham ega emas. Lekin mehnat bozoriga hech kimga keragi yo‘q tovar va xizmatlarni o‘tirish uchun sotiladiganlar ommasi zarur.

Sug‘urtalar, sim-kartalar, kitoblar, dorilar, pardoz-andoz buyumlari, kredit kartalari va boshqa tovar va xizmatlar. Bularning bari shunchaki sotish uchun kerak, buning uchun esa qandaydir bilim va tajribaga ega bo‘lishning keragi yo‘q. Bir manqurt arzimagan pulga boshqa manqurtni “soxta zaruriy” tovarlar bilan ahmoq qiladi, bu paytda esa u o‘z xojasiga millionlab foyda keltiradi.

Lekin bizning eng asosiy maslahatchimiz – televizor. Aynan mazkur zombi quti bizga qanday yashash (filmlar, seriallar, tok-shoular), nima xarid qilish kerakligini (reklama), hozir nima moda ekanligini (“yulduzlar” to‘g‘risidagi ko‘rsatuvlar) aytadi.

Bizga ishratparast hayot tarzini, tartibsiz jinsiy munosabatlarni, “moda”ga xos yashash tarzini, chek-chegarasiz iste’mol qilishni majburan qabul qildiradi.

Bularning bari pul talab qiladi, bu pullarni topish uchun esa biz o‘zimizning haqiqiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun doimgidek ishlashimizdan ham ko‘proq ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Bir so‘z bilan aytganda, qullarcha!

Bizga qimmatbaho shampun va tish pastalarini, qimmat kir yuvish kukunlari va pardoz-andoz buyumlarini, qimmatbaho texnika va kiyim-kechaklarni majburan qabul qildirishadi.

Manqurt esa bularning bariga ishongan holda reklama qilingan tovarlar ortidan do‘konma-do‘kon chopqilaydi, o‘zini seriallardagidek tutadi, o‘z “kumir”lariga o‘xshashni orzu qiladi.

Avvallari madaniyat – bu xalq artistlarining chiqishi, rasmlar ko‘rgazmasi, opera va balet, she’riyat va nasr edi. Hozir esa madaniyat – bu sahnadagi yarim-yalang‘och qizlar, axloqsizlik targ‘iboti, “yulduz”larning oxiri ko‘rinmas janjallari va boshqa ma’naviy majruhliklar bo‘lib qoldi.

Agar manqurtdan nega chekishi va ichishi haqida so‘rasangiz (axir bu zararli-ku), u bunga obektiv bir sabab topishi amri mahol, negaki bunday sababning o‘zi yo‘q. Nega manqurt yangi texnika va brendlar ortidan quvadi? Nega deganda, televizorda bu moda va busiz yashash imkonsiz ekanini aytishgan. Aslida esa – bu shunchaki odamlarni ozodlikdan mahrum qilish yo‘lida pul va sog‘liklarini tortib olish demakdir.

Agar odamlar o‘z aqli bilan o‘ylay boshlasa va zombi dasturlarni bajarishdan to‘xtasa, o‘shandagina dunyo o‘zgaradi.

Maqola «Liberty Mind»dan Ildiz telegram kanalida tarjima qilindi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Manqurtsimon avlod qanday qilib yetishtirilmoqda?